Ustama xarajatlar. Ustama xarajatlarga korxona faoliyatini tashkillash, boshqarish va unga xizmat qilish hamda yetarli mehnat sharoitlari yaratish xarajatlari kiradi. Sex yoki uchastka doirasida kerakli mehnat sharoitini yaratish uchun qilingan boshqarish va xizmat ko‘rsatish xarajatlariga umumsex, umumuchastka yoki Umum ishlab chiqarish xarajatlari deyiladi.
Ishlab chiqarish xarajatlari mahsulot tannarxga kiritilishiga qarab bevosita yoki mahsulot tannarxiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladigan va bilvosita yoki egri xarajatlarga bo‘linadi.
Bevosita yoki mahsulot tannarxiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladigan xarajatlar bir xil turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga tegishli bo‘lib, ularning moddiy asosini tashkil qiladi yoki tayyor holatga kelishini ta’minlaydi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi. Bunday xarajatlarga, odatda, mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflangan moddiy qiymatliklar (xom-ashyo, asosiy materiallar, yordamchi materiallar, yoqilg‘i, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar) va mehnat to‘lovlariga tegishli bo‘lgan sarflar kiritiladi. Ular ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning miqdoriga bog‘liq, shuning uchun ishlab chiqarish hajmlarining oshishi bunday xarajatlarni ko‘payishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |