8-MAVZU: JISMONIY SHAXSLARNING DAROMADINI SOLIQQA TORTISH
Reja: Jismoniy shaxslar daromadi tarkibi.
Soliq stavkasi.
Soliq imtiyozlari.
Soliqni hisoblash tartibi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining mohiyati, soliq to‘lovchilari, soliq obyekti va bazasi
Ma’lumki, soliq qonunchiligida soliqqa tortish maqsadida soliq to‘lovchilar ikkiga bo‘lingan yuridik va jismoniy shaxslarga.
Jismoniy shaxslarga – yuridik shaxs maqomini olmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiradi.
Jismoniy shaxslar to‘layotgan soliqlar ichida byudjet tushumlaridan salmoqli o‘rinni egallaydigan soliq – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanadi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – davlat byudjeti daromad manbalaridan biri bo‘lib, u umumdavlat soliqlari tarkibiga kiradi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundaki, soliq jismoniy shaxslarning bevosita daromadlaridan olinadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, moliya yilida soliq solinadigan daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqni to‘lovchilari hisoblanadi.
Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslar rezidentlar va norezidentlarga bo‘linadi.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma - ketlikdagi o‘n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O‘zbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi. Ushbu belgilangan mezonlarga javob bermaydigan shaxs O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasidagi, shuningdek undan tashqaridagi faoliyati manbalaridan olingan daromadlari bo‘yicha soliq solinadi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlar bo‘yicha soliq solinadi.
Jismoniy shaxslarning - O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlariga Soliq kodeksning 182-moddasida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda va stavkalar bo‘yicha soliq solinadi.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida to‘langan, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning daromad solig‘i summalari O‘zbekiston Respublikasida soliqni to‘lashda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq hisobga olinadi.
Hisobga olinadigan summalarning miqdori jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan stavkalar bo‘yicha hisoblab chiqarilgan daromad solig‘i summasidan oshmasligi lozim.