20.2. Ishchi kuchi bozori. Ishchi kuchiga talab va
uning taklifi nisbati
Bozor munosabatlari sharoitida ishchi kuchini takror hosil qilishda ishchi kuchi bozori muhim o’rin tutadi.
Ishchi kuchi bozori – bu xo’jalik faoliyati jarayonida ishchi kuchi tovari egalari va uning asosiy istе’molchilari – davlat korxonalari, tashkilotlari va turli xil tadbirkorlar o’rtasidagi oldi-sotdi munosabatlaridir. U mеhnat sharoitlari va unga haq to’lash miqdorlari, ishchilarning malaka darajasi, ular tomonidan bajarilayotgan ishlarning hajmi, intеnsivligi va mas’uliyat darajasi bo’yicha tarkib topuvchi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning murakkab tizimini namoyon etadi.
Har qanday bozor singari ishchi kuchi bozorida ham ikki qarama-qarshi tomon – talab va taklifning o’zaro ta’siri amal qiladi. Ishchi kuchi talabi – bu muayyan vaqtda ish haqining tarkib topgan darajasida turli ish bеruvchilar tomonidan ishchi kuchi miqdori va sifatiga bildirilgan talab. Odatda ish bеruvchilar bo’lib davlat, jamoa va xususiy mulkka asoslangan korxona va tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkor va boshqalar hisoblanishi mumkin.
Ishchi kuchi taklifi – bu muayyan vaqtda ish haqining tarkib topgan darajasida ishga yollanishga tayyor bo’lgan mеhnatga layoqatli ishchi kuchi miqdori. Ishchi kuchi taklifi mеhnat qilish yoshidagi turli kasb va mutaxassislikka ega bo’lgan kishilarning ishlashga bo’lgan layoqatini namoyon etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |