1. “Agrobank” ATB da buxgalteriya bo`limining tuzilishi va faoliyati, buxgalteriya xodimlarining vazifalari, bosh va yordamchi kitoblarning yuritilishi. 1-yanvar 1988-yilda Agroprombank O`zSSR nomi ostida Respublika bo’ylab 155 ta filiallar tizimiga ega bank O`ZSSr Davlat bankining boshqarmasi sifatida tashkil etilgan. 18-iyul 1990-yildagi SSSR Vazirlar Mahkamasining №703 sonli qaroriga asosan Agroprombankga SSSR tizimidan ajralib chiqqan holda mustaqil yopiq aksionerlik jamiyati sifatida yangi O`zbek aksionerlik tijorat bank “O`zagroprombank” tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilindi. 27-iyul 1995-yildagi SSSR Vazirlar Mahkamasining №294 sonli qaroriga asosan yopiq aksionerlik tijorat banki “Agrobank” tashkil etildi. Keyinchalik bank “Paxtabank” nomini oladi. 30-may 2009-yildagi Prezidentning №PP-1084 sonli qaroriga asosan OATB “Paxta bank” asosida ochiq aksionerlik tijorat banki “Agrobank” tashkil etildi.
Hozirda Agrobank mamlakatimizning barcha hududlarida o’zining muassasalariga ega bo’lib, Qoraqalpog’iston Respublikasi va 12 ta viloyat boshqarmasi, 178 ta tuman (shahar) filiali, 248 ta minibanki, 102 ta maxsus kassasi, 231 ta xalqaro pul o'tkazmalari shoxobchalari orqali 258 mingdan ortiq yuridik shaxslarga hamda 2,4 milliondan ortiq jismoniy shaxslarga sifatli zamonaviy bank xizmatlarini ko’rsatib kelmoqda. Agrobank o’z faoliyati davomida asosiy urg’uni iqtisodiyotning agrar sektorini moliyalashtirish, aholining bo’sh pul mablag’larini bank pul aylanmasiga jalb qilish, filiallar tarmog’i, xizmat
turlari hamda mijozlari sonini ko’paytirish, bankning belgilangan beznes-rejasi va byudjetining asosiy parametrlarini bajarishga qaratgan. Kichik biznesni qo’llab-quvvatlash uchun Islom xususiy sektorni rivojlantirish Assotsiatsiyasining 5 mln. AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi bo'yicha loyihalarni moliyalashtirish amalga oshirildi. Agrobank va Osiyo Taraqqiyot Banki o’rtasida 20,0 mln. AQSh dollari miqdoridan iborat bo’lgan «Kichik va mikromoliyalashni rivojlantirish. II bosqich loyihasi bo’yicha kredit shartnomasi imzolangan. Ushbu loyihaning maqsadi respublikada mikromoliyalashtirishni yanada rivojlantirish hisoblanadi. Shuningdek, Agrobank Osiyo Taraqqiyot Bankining savdoni moliyalashni qo’llab-quvvatlash dasturiga kiritilgan va revol’ver kredit to’g’risida kelishuv imzolangan.
«VISA International» xalqaro to’lov tizimiga prinsipal a’zolikka o’tish bo’yicha qator ishlar amalga oshirildi. Protsesning markazini tashkil etish bilan bir qatorda chipli plastik kartalarni emissiya qilish yo’lga qo’yildi. Bank kichik biznesni rivojlantirish maqsadida KfV, YTTB, OTB va Xitoy Xalq Respublikasining Eksimbanki, Xalqaro Taraqqiyot va Tiklanish bankining (XTTB) kredit yo’nalishlarini jalb etgan. Agrobankning xalqaro operatsiyalari xorijdagi va Respublika ichidagi 23 ta bankdagi vakillik hisob raqamlari orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, Agrobank S.W.I.F.T jahon banklararo moliyaviy telekommunikatsiyalar hamjamiyatiga a’zodir.
Agrobank Osiyo Tinch okeani Qishloq va qishloq xo’jaligini kreditlash Assotsiatsiyasi (APRAKA) hamda Qishloq xo’jaligi krediti Xalqaro Konfederatsiyasi (KIKA)ning teng huquqli a’zosi hisoblanadi. 2010 yilning iyun oyida Toshkentda Agrobank ishtirokida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Qishloq va qishloq xo’jaligini kreditlash assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasining 17-yig’ilishi va Ijroiya qo’mitasining 58-majlisi o’tkazildi. Ushbu tadbirlar doirasida qishloq xo’jaligini kreditlashda kredit tavakkalchiligini boshqarish bo’yicha konferensiya bo’lib o’tdi. Bosh Assambleya qaroriga muvofiq 2010–2012 yillar davomida APRAKAga raislik qilish vazifasini bajarish Agrobankka topshirildi.
Bank missiyasi - iqtisodiyotning agrar sektorini yanada barqaror rivojlantirish, qishloq xo'jaligida iqtisodiy islohotlarni izchillik bilan chuqurlashtirib borish, fermerlik harakatini qo'llab-quvvatlash, uning moddiy va moliyaviy bazasini mustahkamlash, qishloq xo'jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi, zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bo'yicha ilg'or texnika va texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilish hamda ichki bozorni mahalliy oziq-ovqat tovarlari bilan to'ldirishga yo'naltirilgan keng turdagi bank xizmatlarini ko'rsatishdir.
Bank faoliyati jahonning nufuzli xalqaro reyting agentliklari hisoblanmish “Moody's” hamda “Fitch Ratings” kompaniyalari tomonidan “barqaror” deb baholandi. Shuningdek, milliy reyting agentligi hisoblanmish “Ahbor-Reyting” tomonidan Agrobankning faoliyati natijalari milliy ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yuqori “uzA+” “Barqaror” prognozi bilan baholandi. O‘tgan hisobot yilida bank tomonidan agrar kompleksni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sanoatda ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, fermer xo’jaliklarini moliyalashtirishga asosiy e’tibor qaratilib, ushbu yo'nalishlarga 2 trln. 464 mlrd. so‘mdan ortiq kreditlar ajratilib, pirovardida 37 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Shuningdek, qishloq joylarda ishlab chiqarishni kengaytirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga 760 mlrd. so’mlik kreditlar ajratildi.
Bank tuzilishiga keladigan bo`lsak, 1-ilovada keltirib o`tilgan bo`lib, uni quyidagicha ta`riflash mumkin:
Eng birinchi aksiyadorlar umumiy yig`ilishi, undan so`ng Bank Kengashi va Bank boshqaruvidan iborat. Taftish komissiyasi faqat Aksiyadorlar umumiy yig`ilishiga bo’ysunadi. Bank tavakkalchilik qo`mitasi va ichki audit departamenti Bank kengashiga bo’ysunadi va uni tarkibini Aksiyadorlar umumiy yig`ilishi tayinlaydi. Qolgan qo`mitalar ya`ni kredit qo`mitasi, Investitsion qo`mita, Xodimlar bilan ishlash, Agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish, buxgalteriya departamenti, G`aznachilik departamenti, Xavfsizlik boshqarmasi, Kreditlash boshqarmasi va boshqa qo`mitalar Bank boshqaruviga bo’ysunadi.
Bank buxgalteriya apparati bu shunday guruhki, unda pul hisob-kitob hujjatlarini rasmiylashtirish, bank operatsiyalarini bajarish va ularni ichki nazoratdan o`tkazish hamda hisob registrlarida qayd etish va buxgalteriya hisobotlarini tayyorlash bilan shug’ullanadi. Buxgalteriya apparatiga bosh buxgalter rahbarlik qiladi. Bosh buxgalter mehnat ta`tiliga chiqqanda yo xizmat safariga ketganda yoki boshqa hollarda o`z o`rnida bo`lmagan vaqtda uning vazifasi vaqtincha bosh buxgalter o`rinbosari zimmasiga yuklatiladi.
Buxgalteriya bo`limida bosh buxgalter, bosh buxgalter o`rinbosari, bosh mutaxassis, yetakchi mutaxassis, 1- va 2- toifali mutaxassislar hamda xatlar bilan ishlovchi xodimlardan tashkil topadi. Buxgalteriya apparati xodimlarining aniq vazifalari bosh buxgalter tomonidan belgilab beriladi va bank rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Bosh buxgalter vazifasi juda katta mas`uliyatni talab etib, u bank muxri, blankalar uchun javobgar hisoblanadi va ularni yuqolmasligiga mas`uliyat bilan yondashadi. Bank muxrlari va burchakli shtamplarining hisobi ularni saqlayotgan shaxs familiyasi va lavozimi ko'rsatilgan maxsus daftarda yuritiladi. Daftar varaqlari raqamlangan, bog`langan va bank muxri, bank raxbari hamda bosh buxgalterining imzolari bilan tasdiqlangan bo'lishi va bank rahbarining yozma farmoyishi bilan tayinlangan va qimmatliklar bilan operatsiyalar olib borishdan ozod etilgan shaxs tomonidan alohida kitobda ro`yxatga olib boriladi. Ishga yangi kelgan xodimlar uchun shtatka ochishga ruxsat berish, ularning shartnomasiga imzo quyib muhr bosish vazifasi ham bosh buxgalter zimmasiga yuklatilgan bo`ladi. Bosh buxgalter zimmasiga umumiy nazoratni tashkil etish hamda har kuni buxgalteriya va kassa ishlarining barcha qismlarida o`rnatilgan tartibga amal qilinishini kuzatib borish yuklatilgan. Shuningdek, bank bosh buxgalteriga bosh va yordamchi kitoblarda operatsiyalarni qayd etish, tegishli buxgalteriya hisobi hisobotlarini dasturiy ravishda tuzish ishlariga rahbarlik qilish yuklatiladi.
Bank bosh buxgalteri yuqoridagilardan tashqari yana bir qancha vazifalarni amalga oshiradi, jumladan, bank amaliyoti kunini to`liq yakunlash, ish kuni oxiriga qadar kunlik balans tuzish, operatsiyalarning o`z vaqtida o`tkazilishi, ichki bank operatsiyalarining qonuniy tarzda bajarilishi va ularni ustidan monitoring o`tkazish, buxgalteriya hisobotlarini tuzish va ushbu hisobotlarni tegishli joylarga taqdim etish, kamomadlar yuzaga kelganda faol qatnashish kabilarni o`z ichiga qamrab oladi.
Bank bosh buxgalteri quyidagi hollarda javobgardir2:
– buxgalteriya hisobining noto`g`ri olib borilish natijasida hisobotlarda noto`g`ri ma`lumotlar berilishida;
– depozit va boshqa hisobvaraqlar, debitorlar va kreditorlar bo’yicha noto`g`ri ma`lumotlar berilsa, hisob ishlari o`z vaqtida olib borilmasa;
– buxgalteriya xodimlarining aybi bilan noto`g`ri hisobot berilsa;
– Markaziy bankning me`yoriy hujjatlari bo’yicha xatoliklarga yo`l qo`yilsa;
– bank rahbari bilan teng ravishda bankning moliyaviy, xo`jalik faoliyatini tashkil qilishda qo`pol xatolikka yo`l qo`yilsa, javobgar hisoblanadi.
Banklarda buxgalteriya hisobi ikki yo`nalishda olib boriladi. Ulardan biri analitik, ikkinchisi sintetik hisobdir. Banklarda buxgalteriya ishining tashkil etilishi, buxgalteriya hisobining analitik va sintetik yo`nalishda yuritilishi kompyuter texnikasi qo`llaniladigan sharoitni hisobga olgan holda olib boriladi. Buxgalteriya hisobi jahon amaliyotida va hisob yuritishning xalqaro andozalarida sintetik hisob o`rniga Bosh kitob deb nomlanuvchi hisob hujjatlari qo`llaniladi. Shuningdek, analitik hisob o`rniga Yordamchi kitob deb nomlanuvchi hisob hujjatlaridan foydalaniladi. Bosh kitob bu – bank moliyaviy hisobotlarida ko`rsatiladigan hisobvaraqlar guruhidir. Moliya hisobotlariga balans hisoboti, foyda va zararlar to`g`risidagi hisobot va boshqalarni kiritish mumkin. Bosh kitobda birinchi navbat balans hisobvaraqlari bo’yicha jamlama ma`lumotlar qayd etiladi. Batafsil axborot Yordamchi kitob ma`lumotlari asosida olinishi mumkin, chunki birlamchi buxgalteriya operatsiyalari yordamchi kitobda aks ettiriladi. Yordamchi kitobdagi hisobvaraqlar guruhi har bir alohida operatsiya bo’yicha o`tkazilgan summalar haqida kerakli axborot beradi. Yordamchi kitob hisobvaraqlariga nisbatan olganda Bosh kitob hisobvaraqlari nazorat hisobvaraqlari vazifasini bajaradi. Yordamchi kitoblardagi yakuniy summalar har kun oxirida, shuningdek, oy oxirida yangi oyning birinchi kundagi holatiga ko`ra ularning Bosh kitobdagi nazorat yakunlari balansi bilan bir xil chiqishi lozim.
Bosh kitob bo’yicha kodlash tizimi besh xonali bo`lishi belgilangan. Dastlab aktiv hisobvaraq kodlari toq, passiv hisobvaraqlarning kodlari esa juft sonlardan iborat qilib belgilangan edi. Bu tartib osonroq qabul qilish va eslab qolish uchun ko`zda tutilgan edi. Lekin yangi hisobvaraqlar kiritilishi munosabati bilan bu tartib bir oz o`zgardi. Balans hisobvaraqlarida hisob takrorlanadigan yozuv usulida yuritiladi. Operatsiyalar ular bo’yicha mablag`lar harakatlangan kundan qat`iy nazar bajarilgan kuni buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Bosh kitobda bank operatsiyalarini hisobini yuritish, guruhlash va ularga doir hisobotlarni tuzishda qo`llaniladigan jamlanma ma`lumotlar qayd etiladi. Unda har bir hisobvaraq bo’yicha kun boshiga qoldiq, kun davomida amalga oshirgan operatsiyalarning aylanmasi va kun oxiriga qoldiq summalari aks ettiriladi.
Yordamchi kitoblarda buxgalteriya operatsiyalari batafsil va to`liq aks ettiriladi. Yordamchi kitoblarning shakli va turlari har bir bank tomonidan mustaqil belgilanadi.
Bosh kitob va Yordamchi kitob hisobvaraqlarida hisob operatsiyalari albatta ikkiyoqlama yozuv qoidasiga amal qilgan holda qayd etish yoki ushbu hisobvaraqlar bilan korrespondensiya bo`lgan hisobvaraqlar raqamlari ko`rsatilishi shart.
Birlamchi buxgalteriya operatsiyalarini o`zida aks ettirib, ular haqida mufassal axborot beruvchi hisobvaraqlar guruhi analitik hisob, ya`ni yordamchi kitob deb yuritiladi. Banklarda Yordamchi kitob hisobga olinadigan har bir turdagi mablag`lar va boyliklar bo’yicha ochiladigan shaxsiy hisobvaraqlar, kartochkalar, kitoblar va jurnallarda yuritiladi. Boshqacha qilib aytganda, bank tomonidan amalga oshiriladigan birlamchi operatsiyalarning hisobi dastlab shaxsiy hisobvaraqlarda (kartochkalar, kitoblar, jurnallarda) aks ettiriladi. Bunda ularning maqsadi, shuningdek, hisobvaraqlar egalari ko`rsatiladi.