Sudlarni yanada ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash.Mustaqillik yillarida mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar sud hokimiyatining fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga xizmat qildi. Sud tizimining demokratik asoslarini isloh qilish va yanada chuqurlashtirish, sud ishlarining adolatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish hamda sudlarning ixtisoslashuvini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy baza yaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 14 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sud tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF‒2682-sonli Farmoniga muvofiq 2001 yilning 1 yanvaridan boshlab mavjud umumiy yurisdiksiya sudlari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tashkil qilindi.
Umumiy yurisdiksiya sudlarining faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 20 fevraldagi “Umumiy yurisdiksiya sudlarining ayrimlarini tugatish va qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi PF‒3400-sonli Farmoni qabul qilinib, umumiy yurisdiksiya sudlarining tuzilmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining yangilangan tuzilishi tasdiqlandi.
SHuningdek, 2013 yil 4 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tuman va shahar umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF‒4570-sonli Farmoni asosida qo‘shimcha ravishda fuqarolik ishlari bo‘yicha 12 ta tumanlararo (tuman) sudi tuzilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining yangilangan tuzilmasi (yurisdiksiya hududi) tasdiqlandi.
Bundan tashqari, xo‘jalik sudlari tuzilmasini yanada takomillashtirish va ularning iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi rolini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlari tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF‒4214-sonli Farmoni qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining tuzilmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi hamda byudjet hisobidan ta’minlanadigan 124 ta sudya (rais va rais o‘rinbosarlari bilan birga) shtat birligi tashkil etildi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–4850-sonli Farmoni sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish sohasida davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur Farmon bilan sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, sudlarni yanada ixtisoslashtirish, shu jumladan ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan ma’muriy sudlarni tashkil etish bo‘yicha zarur vazifalar belgilandi.
SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF‒4947-sonli Farmoni bilan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” va Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.
Davlat dasturining 58-bandida sudlarni yanada ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash bo‘yicha xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyasiya sudlarini tashkil etish, fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan ma’muriy sudlarni tashkil etish, sudlar tizimida sudya yordamchisi lavozimini ta’sis etish bo‘yicha takliflar tayyorlash (asosan umumiy shtat birligi doirasida) bilan bog‘liq zarur vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF‒4966-sonli Farmoni qabul qilingani sud tizimi tuzilmasini tubdan isloh etilishga, ular faoliyati samaradorligini oshirishga, sudlarni ixtisoslashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudini birlashtirish, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudini tashkil etish; ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarini, tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tashkil etish; O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlarning 159 ta shtat birligini qisqartirish va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining qo‘riqlash vzvodini tugatish; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar shtat birliklarini sudyalar va harbiy sudlar xodimlaridagi harbiy xizmatchilar huquqiy maqomi, shu jumladan harbiy xizmatchilar uchun belgilangan huquq, imtiyoz va afzalliklar saqlanmagan holda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazish; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hay’atini tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atini tashkil etish; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari etib o‘zgartirish; ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarini tashkil etish; amaldagi sud majlisi kotibi lavozimini tugatib, belgilangan umumiy shtat birligi doirasida sudlarning tuzilmalariga sudya katta yordamchisi, yordamchisi lavozimlarini kiritish ma’qullandi.
Bu o‘z navbatida kelgusida fuqarolar va tashkilotlarning buzilgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining ixtisoslashtirilgan sudlar tomonidan himoya qilinishiga, ularni odil sudlovga bo‘lgan huquqlaridan foydalanishda qulayliklar yaratilishiga, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini yanada oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |