2.3 Singapurning raqamli iqtisodiyoti haqida
Oqilona iqtisodiy va investitsiyaviy siyosat ortidan Singapur rosmana zamonaviy davlatga, taraqqiyot etaloniga aylandi, shunchalikki, hatto bironta nufuzli xalqaro reyting boshida uning nomini uchratmasak hayron qolamiz. Sharq va G‘arbni bog‘lovchi dengiz savdo yo‘llari chorrahasida qulay joylashgan Singapur bugungi kunda Osiyo-Tinch okeani mintaqasining yirik logistika va savdo xabi, erkin iqtisodiyotga ega jahondagi yetakchi ishbilarmonlik markazlaridan biri.
Singapur — uch nufuzli agentlik AAA kredit reytingi berilgan Osiyodagi yagona mamlakat. Yuqoridagilar mamlakatning xalqaro korporatsiyalar va sarmoyadorlar uchun jozibadorligini faqat va faqat oshiradi.
Singapur fakt va raqamlarda:
Tadbirkorlik qilish osonligi bo‘yicha dunyodagi 2-mamlakat (Ease of Doing Business Index 2020);
Aholi daromadlari bo‘yicha jahonda 3-o‘rinda (Forbes);
Jahonning eng globallashgan iqtisodiyotlari orasida 1-o‘rinda (McKinsey 2016);
Osiyoning siyosiy eng barqaror mamlakati;
Ishchi kuchi sifati bo‘yicha jahonda, hayot sifati bo‘yicha Osiyoda yetakchi;
Dunyoning eng aqlli shahri (IMD 2020)
Innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish borasida dunyoda 3-o‘rinda (Bloomberg Innovation Index 2020)
Intellektual huquqni himoyalash borasidagi eng kuchli huquqiy tizimga ega davlatlardan biri...
Hammasini sanashga ulgurmaymiz... Yaxshisi, Singapur mo‘’jizasining siri, bularga qanday erishdi, yana nimalarni rejalashtirgan, bir so‘z bilan aytganda, raqamli iqtisodiyotni qanday qurayotganiga to‘xtalib o‘tamiz.
Singapurning Janubi-Sharqiy Osiyoda iqtisodiy o‘sish uchun uch yo‘li:
Global savdo oqimlarida katta ulushni qo‘lga kiritish;
Shaharlashish (urbanizatsiya) to‘lqinidan foydalanib qolish;
Ilg‘or texnologiyalar: mobil internet, avtomatlashtirish va bulutli texnologiyalarni rivojlantirishga urg‘u berish.
Janubi-Sharqiy Osiyo sayyoramizdagi «eng qaynoq» hudud — taxminan 630 million kishi yashaydigan ulkan bozor, mintaqa mamlakatlarining nominal yalpi ichki mahsuloti 2,5 trillion dollardan oshadi. Jimitdekkina Singapur Xitoy va Indoneziya kabi gigantlar, Filippin, Tailand, Malayziya singari o‘zidan anchagina katta davlatlar orasida allaqachon «ezilib ketgan bo‘lardi», ammo aql kuchni boshqaradi — Singapur nafaqat «tirik», balki shu ulkan bozorda ulkan ulushga ega chiqmoqchi: texnologiyalari, xizmatlari, mahsulotlari va tajribalarini eksport qilish orqali.
Do'stlaringiz bilan baham: |