Qurilish sohasidagi marketing tadqiqotlarini ikki guruhga boʻlish mumkin. Ulardan biri tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar bozorining tahlili boʻlsa, ikkinchisi, raqobat sharoitida tovarlar va xizmatlarning harakati bilan bogʻliq. Tovarlar va xizmatlar bozorining marketing tadqiqotlari quyidagi asosiy funktsiyalarni oʻz ichiga oladi:
Bozor talabini majmuaviy holda oʻrganish va prognozlash.
Mavjud yoki potentsial talabni aniqlash yoʻli bilan u yoki bu mahsulot (tovar, xizmat)ni ishlab chiqarish zaruriyatini asoslash.
Korxonaning ishlab chiqarish, sotish, moliyaviy faoliyatini tartiblashtirish va rejalashtirish.
Korxonaning tovar va xizmatlarga boʻlgan talabiga ta’sir etuvchi turli omillarni oʻrganish asosida kelajakni rejalashtirish.
Marketing tadqiqotlari shuningdek, raqobatchilarning mahsulotlari narxini, tovarlar harakatini, etkazib berish, raqiblar qoʻllaydigan usul va vositalar hamda qator masalalarni oʻrganishni ham qamrab olishi mumkin. Marketing tadqiqotlari - bu maxsus, murakkab hamda katta mehnat va mablagʻ talab qiladigan ishdir. Marketing tadqiqotlarini mustaqil olib borishga faqatgina malakali mutaxassislar shtati boʻlgan maxsus tadqiqotchilik boʻlinmasiga va etarli moliyaviy resurslarga ega boʻlgan yirik firmalar kuchi etadi. Kichik firmalar odatda ixtisoslashgan kompaniyalarga marketing tadqiqotlarini oʻtkazishga buyurtma beradilar. Har qanday marketing tadqiqotining yakuniy natijasi boʻlib faoliyatning optimal strategiya va taktikasini real va kelajakda boʻlishi mumkin boʻlgan bozor shartlari va omillari kompleksini hisobga olgan holda shakllantirish hisoblanadi.
Ikkinchi guruh tovarlar va xizmatlarning harakati funktsiyasi marketingni boshqarish tizimida asosiy vazifa hisoblanadi. Muvaffaqiyatli marketing faoliyatining asosini yuqori malakali iqtisodchilar, sotsiologlar, statistlar hamda tahlilchilar guruhidan tarkib topgan marketing xizmatini tashkil etish hisoblanadi.
Marketing xizmati toʻgʻri tuzilganda, alohida tashkiliy tuzilma boʻlinmalarining orasida qaytarilish va parallelizm boʻlmasligi kerak. Umumiy sistemada har bir alohida boʻgʻin uchun ma’lum ish joyi ajratilishi va funktsiyalar aniq oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Bu shartning boʻlmasligi faqatgina anglashmovchiliklarga va ishga nisbatan javobgarlikni his qilmaslikka olib keladi.
Marketing xizmatini takomillashtirishda quyi va yuqori zvenolar oʻrtasida instantsiyalar sonini maksimal darajada qisqartirish kerak. Zvenolar soni kamaygan sari marketing masalalari shunchalik sodda va tezroq hal qilinadi, hujjatlarni aylanish yoʻli shunchalik qisqaradi. Marketingni tashkil etishga boshqaruv apparatini mumkin qadar soddalashtirish talabi qoʻyiladi. Ishchilar sonini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalarni qoʻllash bilan hal etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |