Iqtisodiy qonunlar va kategoriyalar (ilmiy tushunchalar). Iqtisodiyot nazariyasi fani iqtisodiy munosabatlarda amal qiladigan iqtisodiy qonunlarni ham o‘rganadi.
Iqtisodiy qonun – iqtisodiy hayotning turli tomonlari, iqtisodiy hodisa va jarayonlar o‘rtasidagi doimiy, takrorlanib turadigan, barqaror sabab-oqibat aloqalarini, ularning o‘zaro bog‘liqligini ifodalaydi.
Iqtisodiy qonunlar ob’ektiv xususiyatga ega bo‘lib, ularning kelib chiqishi, amal qilishi, rivojlanishi va barham topishi alohida kishilarning ongiga, ularning xohish-irodasiga bog‘liq emas.
«Iqtisodiyot nazariyasi» fani iqtisodiy qonunlarni quyidagi guruhlarga turkumlaydi:
1. Umumiy iqtisodiy qonunlar – kishilik jamiyati rivojlanishining barcha bosqichlarida amal qiladi. Masalan, vaqtni tejash qonuni, ehtiyojlarning tez o‘sib borish qonuni, takror ishlab chiqarish qonuni, ishlab chiqarish munosabatlarining ishlab chiqaruvchi kuchlar xususiyati va rivojlanish darajasi mos kelish qonuni va boshqalar.
2. Xususiy yoki davriy iqtisodiy qonunlar – insoniyat jamiyati taraqqiyotining ma’lum bosqichlarida amal qiladi. Masalan, talab qonuni, taklif qonuni va qiymat qonuni. Bu qonunlar tovar-pul munosabatlari mavjud bo‘lgan bosqichlarda amal qiladi.
3. Maxsus, o‘ziga xos iqtisodiy qonunlar – alohida olingan iqtisodiy tizim sharoitida amal qiladi. Masalan, qo‘shimcha qiymat qonuni.
I qtisodiy qonunlarning yuqorida sanab o‘tilgan guruhlarini bir-biridan farqlash uchun quyidagi shartli rasmdan foydalanamiz (1.3-rasm).
1 2 3 4 5 … va hokazo
1.3-rasm. Iqtisodiy qonunlarning turkumlanishi
Rasmdan ko‘rinadiki, kishilik jamiyatining rivojlanishi bir necha bosqichlarni bosib o‘tib, ular 1, 2, 3, … va h.k. tartibida belgilangan. YUqorida ta’kidlanganidek, maxsus iqtisodiy qonunlar bu bosqichlarning har biri uchun alohida tarzda amal qilib, ular mazmunan bir-biridan farqlanadi. Davriy iqtisodiy qonunlar esa taraqqiyotining bir necha (bizning rasmda 3 ta) bosqichi uchun tegishli bo‘ladi va ularda amal qiladi. Umumiy iqtisodiy qonunlar kishilik jamiyati taraqqiyotining barcha bosqichlarini qamrab olib, ularning hammasida amal qiladi.
Iqtisodiy qonunlarning har qaysisi o‘zicha amal qilmaydi, balki ular bir-birlari bilan chambarchas bog‘liqlikda amal qiladi, ularning biri ikkinchisini taqozo etadi. SHuning uchun ularni birgalikda iqtisodiy qonunlar tizimi deb yuritiladi. Iqtisodiy qonunlar yoki ularning tizimi o‘zgarmas narsa emas, balki ular ma’lum bir tarixiy sharoitda vujudga keladi, rivojlanadi va ma’lum sharoitda yo‘q bo‘lib ketadi. Masalan, qiymat qonuni, talab va taklif qonunlari, natural ishlab chiqarish davrida amal qilmagan. Tovar ishlab chiqarish va pul orqali ayriboshlash rivojlangan davrdan boshlab amal qilmoqda. Bir zamonlar kelib, ishlab chiqarishning tovar shaklidan boshqa shakliga o‘tilsa, bu qonunlar yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Iqtisodiy qonunlar bilan bir qatorda iqtisodiyot nazariyasi fani iqtisodiy jarayonlarning alohida tomonlarini tavsiflaydigan iqtisodiy kategoriya (ilmiy tushuncha)larni ham ta’riflab, ularning mazmunini ochib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |