2. Qiymatning asosiy kontseptsiyalari. Qiymatning mehnat nazariyasi
Iqtisodiyot nazariyasi fanida tovar qiymatining negizini nima tashkil qiladi degan savolga javob berishda ikki xil yo‘nalish mavjud hamda ular o‘rtasida doimiy ravishda tortishuvlar va munozaralar bo‘lib kelmoqda. Biz quyida shu ikki xil yo‘nalishdagi nazariyalarning mazmunini o‘quvchiga havola qilamiz.
Qiymatning mehnat nazariyasi. Bu nazariyaning asoschilari bo‘lib Uilyam Petti, Adam Smit, David Rikardolar hisoblanadi.
U.Petti – qiymatning mehnat nazariyasining dastlabki asoschisi bo‘lib, u qiymatning manbai mehnat hisoblanishini, aynan mehnat sarfi tovar qiymati miqdorini belgilab berishini ko‘rsatib o‘tgan. Biroq, U.Petti tovarning iste’mol qiymati va qiymati o‘rtasidagi farqni ko‘ra olmagan. U tovarning qiymati faqat qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishga sarflanuvchi mehnat orqali yaratiladi, deb hisoblagan.
A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqotlar» (1776 y.) nomli asarida tovarning iste’mol va almashuv qiymatini farqlab bergan. U tovar qiymatining yagona manbai bo‘lib moddiy ishlab chiqarishning har qanday sohasida sarflangan mehnat hisoblanadi, degan xulosaga kelgan. Shu bilan birga, tovar qiymatining miqdorini har qanday mehnat emas, balki jamiyat uchun zarur bo‘lgan o‘rtacha mehnat belgilab berishini ko‘rsatib o‘tgan.
D.Rikardo qiymatning yagona mezoni bo‘lib tovar ishlab chiqarishga sarflangan hamda ish vaqti sarflari orqali aniqlanuvchi mehnat hisoblanishini isbotlab bergan. U tovarning iste’mol qiymati va qiymati o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatib, har qanday ishlab chiqarishda tovarning qiymati sarflangan mehnat orqali aniqlanishini ta’kidlagan.
Demak, yuqorida ta’kidlanganimizdek, qiymatning mehnat nazariyasi tarafdorlarining fikricha, tovarlarni ayirboshlash ularning qiymati asosida amalga oshiriladi. Qiymatning miqdori esa, ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari bilan, ya’ni ijtimoiy zaruriy ish vaqti bilan o‘lchanadi.
Qiymatning mehnat nazariyasiga ko‘ra ijtimoiy zarur ish vaqti o‘ziga xos ijtimoiy mehnat me’yori rolini o‘ynaydi. Bu me’yor bozorda aniqlanadi va tovar ishlab chiqaruvchilar unga amal qilishlari zarurdir. Keragidan ortiqcha mehnat sarflari qiymat yaratmaydi, ya’ni jamiyat tomonidan e’tirof etilmaydi, rad etiladi. Bozorda muayyan turdagi tovarlarning asosiy massasini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lganidan amaldagi ortiqcha mehnat sarflariga hech kim haq to‘lamaydi.
Qiymatning mehnat nazariyasi tarafdorlari tushuntiradiki, tovar qiymatida oddiy mehnat ifodalanadi. Oddiy mehnat deganda maxsus tayyorgarlik talab qilmaydigan mehnat tushuniladi. Oddiy mehnat darajasi turli mamlakatlarda va turli davrlarda bir xil bo‘lmay, turlicha va o‘zgaruvchan bo‘ladi. Lekin qiymat namoyon bo‘ladigan har bir muayyan bozorda (u xoh ichki, xoh tashqi bozor bo‘lsin) oddiy mehnat ma’lum bir darajadagi mavjud mehnatdir. U shunday boshlang‘ich negizki, malakasi jihatidan unga tenglashtiriladi. Binobarin, murakkab va malakali mehnat ko‘paytirilgan oddiy mehnat sifatida namoyon bo‘ladi. Murakkab mehnatni oddiy mehnatga tenglashtirish bozorda individual sarflarni ijtimoiy zarur sarflariga tenglashtirish bilan birga sodir bo‘ladi.
Qiymatning mehnat nazariyasi tarafdorlari tovar ishlab chiqarish sharoitda tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi aloqalarni, ijtimoiy mehnatni taqsimlash va rag‘batlantirishni tartibga soluvchi, obyektiv qiymat qonunini mavjud bo‘lishini tan oladi. Ular fikriga ko‘ra, bu qonunga binoan tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash ularning qiymati asosida amalga oshiriladi.
Ijtimoiy zaruriy sarflarning yuqorida keltirilgan ta’riflaridan kelib chiqsak, qiymat qonuni individual mehnat sarfi ijtimoiy zarur mehnat sarfidan ozroq bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarni, ya’ni ma’lum vaqt ichida ko‘proq miqdorda iste’mol qiymatlarini yaratuvchi yoki yuqoriroq mehnat unumdorligini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantiradi. Qiymat qonuni individual mehnat unumdorligi ijtimoiy me’yordagi mehnat unumdorligidan past bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarni jazolaydi. Bu bilan iqtisodiy sharoitlar tovar ishlab chiqaruvchilarning mehnat unumdorligini oshirish yoki boshqa xil tovarlarni ishlab chiqarishga o‘tishini rag‘batlantiradi. Aks holda ular bozordan siqib chiqarilish, xonavayron bo‘lish xavfi ostida qolishlari mumkin.
Qiymat qonuni tovar ishlab chiqaruvchilarni ularning individual mehnat sarflari bilan ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari o‘trasidagi farq tovar ishlab chiqaruvchilarni tabaqalashtiradi, mehnat va moddiy sarflarni kamaytirishni rag‘batlantiradi va mehnatning ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha taqsimlanishini tartibga solib turadi. Masalan, eng yuksak mehnat unumdorligiga erishgan ishlab chiqaruvchilar o‘z tovarlarini ijtimoiy zarur sarflaridan kamroq, lekin ayrim individual sarflaridan yuqori narxlarga sotishlari va yuqori foyda olishlari mumkin. Lekin ular ish faoliyatining muvaffaqiyati ko‘proq kafolatlangan deb bo‘lmaydi. Chunki ular texnik va tashkiliy jihatdan yangiliklarni ishlab chiqarishga o‘z vaqtida qo‘llab turmasalar, yuqoriroq samara beradigan ishlab chiqarish usullarini qidirib topmasalar, ma’lum vaqtdan so‘ng o‘z ustunliklaridan ajralib qolishlari mumkin.
Qiymat qonunining tartibga solib turuvchi mexanizmi rakobat kurashi natijasida bozor narxlarining stixiyali ravishda tebranib turishidan, ularning ijtimoiy qiymatdan farq qilib turishidan iborat. Tovar narxining ijtimoiy qiymatidan chetga chiqish shart-sharoitlari quyidagilardan iborat deb hisoblanadi:
Talab = taklif bo‘lgan holda: narx = qiymat.
Talab > taklif bo‘lgan holda: narx > qiymat.
Talab < taklif bo‘lgan holda: narx < qiymat.
Shunday qilib, tovarlar narxining ular qiymatidan farq qilishi tovar ishlab chiqaruvchilarning xoxishi bilan sodir bo‘lmay, balki obyektiv qiymat qonunining kuchi ta’siri ostida bo‘ladi.
Qiymat qonuni resurslarning turli ishlab chiqarish sohalari o‘trasida taqsimlanishini tartibga solib turish vazifasini bajarayotganda ham narxlar dinamikasi muhim rol o‘ynaydi. Agar u yoki bu aniq tovar ijtimoiy ehtiyojini qondirish uchun zarur bo‘lganidan kamroq ishlab chiqarilsa, bu talabning taklifdan oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Tovar narxi oshib ketadi. Narxlar, shu bilan birga daromadlar kamayadi, bu tarmoqdagi ishlab chiqarish resurslari daromad yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlarga o‘tib ketadi. Qiymatning mehnat nazariyasi modellarida qiymat qonuniga asoslangan ishlab chiqarish nisbatlarini tartibga soluvchi bozor mexanizmi ana shunday tavsiflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |