O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimini joriy etish istiqbollari
Barqaror iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish usullarining bozor instrumentlaridan foydalanish asosida tubdan qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining bosh maqsadi sifatida belgilandi.
Bunda inflyatsiya sur’atini pasaytirish va uni past darajada saqlab turish o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda asosiy shart sifatida qaraladi.
Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi pul-kredit siyosatining tamoyil va usullarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlashga qaratish uchun zarur bo‘lgan asosni yaratadi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlashda inflyatsion targetlash samarali usul hisoblanadi.
O‘zbekiston sharoitida inflyatsion targetlash rejimining tanlanishi qator sabablar bilan izohlanadi. Birinchidan, bugungi kunda inflyatsion targetlash pul-kredit siyosatining ta’sirchan rejimi sifatida o‘zini namoyon qilib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadiga eng muvofiq keluvchi rejim hisoblanadi.
Ikkinchidan, monetar agregatlar yoki valyuta almashuv kursini targetlash kabi rejimlarning amaliyotga qo‘llanilishi tajribasi ularning O‘zbekiston sharoiti va zamonaviy talablarga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, valyuta almashuv kursini targetlash rejimida kursning doimiy tarzda maqsadli darajada saqlab turilishi xalqaro rezervlarni sezilarli darajada kamaytirib, valyuta inqirozining kelib chiqish xatarini oshiradi.
Valyuta almashuv kursini targetlash rejimida valyuta kursini mos ravishda o‘zgartirish orqali tashqi salbiy ta’sirlarni mo‘tadillashtirish imkoniyati cheklanadi.
Bundan tashqari, mazkur rejimda Markaziy bankning asosiy e’tibori faqatgina valyuta almashuv kursining maqsadli darajasini ta’minlashga qaratilishi tufayli ichki maqsadlarga qaratilgan mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyati cheklanadi.
Boshqa tomondan, iqtisodiyotni liberallashtirish va tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek, xufyona iqtisodiyotning sezilarli darajada mavjud bo‘lishi sharoitlarida pul agregatlarining keskin o‘zgarishi kuzatilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, monetar targetlash rejimi doirasida maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘rnatish va unga erishish vazifasini murakkablashtiradi.
Shu bilan birga, pul agregatlari va inflyatsiya orasidagi barqaror bog‘liqlikning pasayishi monetar targetlash rejimi samaradorligini kamaytiradi.
Mamlakatimizda valyuta siyosatini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarning belgilanishi inflyatsion targetlashga o‘tish uchun tayanch shart-sharoitlar yaratadi.
Xalqaro tajribaga asosan, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha makroiqtisodiy sharoitlar mavjudligini va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini talab qiladi:
pul-kredit siyosatini yuritish, ya’ni transmission mexanizm samaradorligini oshirish;
valyuta bozori faoliyatini yanada liberallashtirish va takomillashtirish;
pul-kredit siyosatining mavjud instrumentlarini takomillashtirish va yangi zamonaviy bozor instrumentlarini joriy etish;
banklararo pul bozori faoliyatining shaffofligini oshirish va rivojlantirish;
makroiqtisodiy prognozlash va tahlil qilish salohiyatini mustahkamlash;
pul-kredit siyosatining pirovard maqsadi va qo‘llaniladigan instrumentlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida pul-kredit siyosatining aniqligi va shaffofligini oshirish;
kommunikatsion siyosatni takomillashtirish;
Markaziy bankning institutsional bazasini rivojlantirish;
moliya bozorini, shu jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish;
makroiqtisodiy siyosatni samarali muvofiqlashtirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish.
Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosatining barcha asosiy yo‘nalishlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab qiladi. Ushbu konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi bozor mexanizmlari va instrumentlari asosida pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha strategik vazifalar bajarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va rivojlantirish bo‘yicha ushbu Konsepsiya o‘z ichiga 2018-2021 yillar uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar “yo‘l xaritasi”ni qamrab oladi.
Mazkur yo‘l xaritasini ishlab chiqishda asosiy e’tibor inflyatsion targetlashning mexanizm va tamoyillarini o‘rta muddatli istiqbolda samarali joriy qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha choralarni amalga oshirishga qaratildi.