Iqtisodiyot hamda undagi islohotlarning rivojlanishi
Iqtisodiyotda banklarning o`rni va boshqaruv tizimi
Bank xavfsizligini ta`minlash
Chet el kapitali ishtirokidagi Savdogar aksiyadorlik tijorat banki Ishtixon filiali – tadbirkorlik, bunyodkorlik va taraqqiyot xizmatida.
Iqtisodiyot hamda undagi islohotlarning rivojlanishi
Iqtisodiy islohotlar - xoʻjalik yuritish tizimida, iqtisodiyotni boshqarishda, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yoʻllari va usullarida yirik qayta qurishlar, oʻzgartirishlar samaradorligi past muayyan iqtisodiy tizimni takomillashtirish yoki eski tizimdan yangisiga oʻtish maqsadlarida amalga oshiriladi. Iqtisodiy tizimning samaradorligi qoniqarsiz boʻlgan, iqtisodiy tangliklar yuz bergan, iqtisodiyot kishilarning ehtiyojlarini yetarli qondirmagan hollarda, mamlakat oʻz taraqqiyotida boshqa mamlakatlardan orqada qolgan sharoitlarda oʻtkaziladi. Iqtisodiy islohotlar larzalarsiz, aniq maqsadlar koʻzlangan holda, parlament qabul qilgan qonunlarga binoan va davlat raxbarligida oʻtkaziladi. Iqtisodiy islohotlar evolyusion rivojlanishni taʼminlaydi.
XX asr oxiri va XXI asr boshlaridagi Iqtisodiy islohotlar umumbashariy boʻlib, deyarli hamma mamlakatlarda oʻtkazildi. Bozor iqtisodiyoti qaror topgan mamlakatlarda Iqtisodiy islohotlar iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan boʻlib, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash, iqtisodiyot subʼyektlari mustaqilligini kuchaytirish, monopoliyalar faoliyatini nazorat qilish, erkin narxlarga yoʻl berish, xullas bozor mexanizmining toʻlaroq amal qilishiga sharoit yaratib berishga qaratildi. Yangidan mustaqil boʻlgan yosh mamlakatlarda (sobiq sotsialistik mamlakatlar va SSSR tarkibidagi respublikalar) Iqtisodiy islohotlar 2 yoʻnalishda bordi:
1) milliy mustaqillikni iqtisodiy jihatdan taʼminlashni koʻzlagan islohotlar;
2) rejali iqtisodiyotdan bozor tizimiga oʻtishga qaratilgan, yaʼni bozor islohotlari yoʻnalishlarida amalga oshirildi.
Birinchi yoʻnalish boʻyicha milliy pulni muomalaga kiritish, mustaqil bank, byudjet va soliq tizimlarini joriy etish, bojxona xizmatini tashkil qilish va milliy iqtisodiy chegaralarni oʻrnatish, iqtisodiy chegaralar tuzilmasini oʻzgartirish kabilar amalga oshirildi.
Ikkinchi yoʻnalish boʻyicha mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish, bozor infratuzilmasini yaratish, rejali davlat narxlaridan erkin bozor narxlarga oʻtish, agrar sohadagi oʻzgarishlar, tashki iqtisodiy faoliyatni bozor talablariga mos ravishda qayta qurish, monopoliyalarni cheklash, chetdan kapital kiritishni ragʻbatlantirish kabi chora - tadbirlar joriy etildi.
Iqtisodiy islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va davom etadi, iqtisodiyotni erkinlashtirishni taʼminlaydi. Iqtisodiy islohotlarga umumiylik va milliylik xos. Ularning umumiyligi — Iqtisodiy islohotlar yoʻnalishlarining bir xil boʻlishi va yagona bozor tizimining qaror topishidir. Milliylik har bir mamlakatning oʻziga xos sharoitini hisobga olish va shunga qarab islohot tamoyillarini qoʻllashdan iborat. Oʻzbekistonda 1991—2002 yillar davomida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar tanlangan milliy modelga binoan oʻtkazildi va bu jarayon davom etmoqda.
Shu o`rinda O‘zbekiston Prezidentining 7-fevral kungi farmoni bilan 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tasdiqlaganini alohida ta`kidlash joiz. Farmon bilan 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya, shuningdek ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tashkil etildi.
Harakatlar strategiyasi asosida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning dastlabki natijalari yurtimiz aholisi hayotida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Bu esa ularning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanishida muhim omil bo‘layapti.
Mazkur dasturilamal hujjatning uchinchi — Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, ayniqsa, tadbirkorlik harakatiga keng yo‘l ochib berishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, iqtisodiyotning liberallashtirilishi bu davlatni nomarkazlashtirish bo‘lib, uning iqtisodiy boshqaruvdagi funksiyalarini o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotlariga, xususiy sektorlarga o‘tib borishini anglatadi. Ushbu jarayonda ikkita muhim strategik vazifani hal qilish zarur. Avvalo, xususiylashtirilayotgan mulk haqiqiy mulkdorlar qo‘liga berilishi kerak. Chunki iqtisodiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirish uchun real shart-sharoitlar yaratishga imkon tug‘dirilishi milliy ongning o‘sishi va tafakkur taraqqiyotiga olib keladi. Navbatdagisi, iqtisodiyotda ko‘p ukladlilikni hamda raqobat muhitini yaratish orqali davlatning mulkka bo‘lgan monopol huquqini tugatish, xususiy mulkchilikning turli shaklidagi korxonalarni barpo qilishdir. Bu, o‘z navbatida, jamiyat turmush sharoitiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, odamlarning xususiy mulkka nisbatan qarashi o‘zgarishi, ijtimoiy ongning shakllanishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, davlat mulki xususiylashtirilib, kichik biznesning rag‘batlantirilishi tufayli jamiyatda mulkdorlarning yangi qatlami vujudga keladi. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan islohotlarning yangi bosqichida iqtisodiyotda davlat ishtiroki bosqichma-bosqich kamaytirilayotgani quvonarlidir.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyotimizda yig‘ilib qolgan bunday muammolarni bartaraf etish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar qatorida, O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiya qilish bo‘yicha kuchli milliy g‘oya, milliy dastur kerakligini alohida ta’kidladilar. Bunday dasturning yaratilishi mamlakatimizda ilm-fan hamda texnologiyaning rivojlanishi va iqtisodiyotimizni modernizatsiyalashga ulkan hissa qo‘shadi.
O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiyalash g‘oyalarining maqsad hamda vazifalari to‘liq ifodasini topadigan milliy g‘oya va milliy dastur yaratilishi mavjud muammolarni bartaraf etish, iqtisodiyotimiz raqobatdoshligini oshirish, mamlakatimizni jahondagi taraqqiy topgan davlatlar qatoriga tezroq olib chiqishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |