Oldingi tahrirga qarang. 23. Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalarini (jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi transport vositalari bundan mustasno) texnik ko‘rikdan o‘tkazishda DYHXX organlariga transport vositasining egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan quyidagi hujjatlar ko‘rsatiladi:
pasport (ID-karta) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi;
transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma;
gaz yonilg‘isida ishlashga qayta jihozlangan transport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonining sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikati nusxasi;
Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish huquqini beruvchi ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan tashkilot tomonidan gaz yonilg‘isida ishlash uchun qayta jihozlangan transport vositalarining gaz ballonlari sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma.
24. Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun transport vositasining egasi yoki uning vakolatli vakili tadbirkorlik subyektlari xodimiga (operatoriga) murojaat qiladi va quyidagi hujjatlarni ko‘rsatadi:
tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi;
transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
gaz yonilg‘isida ishlashga qayta jihozlangan transport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonining sertifikatlashtirish organi tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikati nusxasi.
Transport vositasining taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiqligi “Texnik ko‘rik” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshiriladi va ma’lumotlar mos kelgan taqdirda, belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazishga ruxsat etiladi.
25. Transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik subyektlari xodimi (operatori) tomonidan mazkur Nizomning 5-bobida nazarda tutilgan tartibda tekshiriladi.
Transport vositalariga o‘rnatilgan STG va SNG tizimlarining germetikligi hamda agregatlari va uzellari ulangan joylarining ishonchliligi tadbirkorlik subyektlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentga muvofiq sinovdan (opressovka) o‘tkaziladi.
26. Texnik ko‘rikka taqdim etilgan transport vositasining egasi tomonidan qonunchilik hujjatlarining talablarini buzish (ko‘rsatilgan hujjatlarni, agregatlarning identifikatsiya raqamlarini soxtalashtirish va boshqalar), transport vositasi qidiruvdaligi holatlari aniqlangan taqdirda hamda agregat raqamlari texnik hujjatlarga mos kelmasa, transport vositasi yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisi bo‘lganligiga shubha uyg‘onsa, tadbirkorlik subyektining vakili bu haqda darhol ichki ishlar organlariga xabar berishi shart.
27. Tadbirkorlik subyektlari qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganda, nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) o‘zgarganda bu haqida yetti ish kunida hududiy YHXBlarni xabardor qilishi shart.
28. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan rasmiylashtirilgan jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan M1 toifadagi transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida dalolatnoma o‘n kun ichida haqiqiy hisoblanadi va texnik ko‘rikdan o‘tkazish natijalarini rasmiylashtirish “Texnik ko‘rik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.