Yirik shaharlari: Montreal, Kalgari, Toronto, Vankuver, Vinnipeg, Gamilton va boshqalar.
Davlat tuzumi
Davlat tuzumi. Kanada — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibidagi federativ davlat. Amaldagi Konstitutsiyasi 1982-yil 17-aprelda kuchga kirgan. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qiroli (qirolichasi), uning nomidan general-gubernator davlatni boshqaradi. Qirolicha general-gubernatorni Kanada bosh vazirining tavsiyasi bilan, odatda, 5 yil muddatga tayinlaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirolicha nomidan general-gubernator va 2 palatali parlament (senat va jamoalar palatasi) amalga oshiradi. Ijroiya hokimiyatni qirolicha nomidan general-gubernator hamda bosh vazir va vazirlardan iborat hukumat amalga oshiradi (1993-yildan bosh vazir Jan Kretyen).
Tarixi. Kanadaning qadimgi xalqi — eskimos va indeyslar. 15-asr oxirlaridan Kanadaga yevropaliklar kela boshlagan. Fransuzlar Por-Ruayal va Kvebekka asos soldilar (1605—08). Kvebek Yangi Fransiya mustamlakasining markazi boʻlib qoldi. 17-asrning 20-yillarida Kanada hududida birinchi Angliya mustamlakasi — Yangi Shotlandiya vujudga keldi. 17-asrning 2-yarmidan fransuz-kanadaliklar shakllandi. Yetti yillik urush (1756—63) natijasida Buyuk Britaniya Yangi Fransiyani egallab oldi. 1791 yil Kvebek 2 viloyat (Quyi Kanada va Yuqori Kanada)ga boʻlindi.
Kanada uchun boʻlgan Angliya-Amerika urushi (1812—14) natijasida demokratik islohot va oʻzini oʻzi boshqarish uchun qarakat boshlanib ketdi. Viloyatlarda islohot tarafdorlari ("vatanparvarlar") partiyalari tuzildi. 1834-yil islohot tarafdorlari Quyi va Yuqori Kanada parlamentlari faoliyatini nazorat ostiga oldi. 1841-yil Yuqori Kanada bilan Quyi Kanada birlashtirildi. 1848-yil Kanada va Yangi Shotlandiyada yangi hukumat tuzildi. 19-asr oʻrtalarida Kanadada temir yoʻllar qurildi, sanoat rivojlandi, 1867-yil Buyuk Britaniyaning Shimoliy Amerikadagi mustamlakalari birlashtirilib, "Kanada dominioni" nomi bilan federatsiya tuzildi. Yangi Shotlandiya, Nyu-Bransuik, shimoliy-gʻarbdagi hududlar, Britaniya Kolumbiyasi (1871) va Prins-Eduard oroli (1873) Kanada dominioniga qoʻshib olindi. Markazlashgan davlat barpo etilishi milliy bozorning yuzaga kelishiga asos boʻldi.
19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Kanada iqtisodiyoti rivojlandi. Ishlab chiqaruvchi sanoat tez oʻsib, uning mahsuloti qiymati 1914—18 yillarda 4 baravar oshdi, aholi soni 64% koʻpaydi. Kapital va ishlab chiqaruvchi sanoati yiriklashdi, 1900—17 yillarda banklar birlashishi natijasida ularning soni 36 dan 21 ga kamaydi; bank va sanoat kapitali qoʻshila bordi. Birinchi jahon urushida Kanada Buyuk Britaniya tomonida qatnashdi.
Birinchi jahon urushi davrida Kanada iqtisodiyoti mustahkamlanib olishi natijasida Kanadada Angliya taʼsiri susaydi va taʼsiri kuchaydi. 1919—20 yilgi Parij konferensiyasida Kanada sulh shartnomalarini mustaqil imzoladi. Boshqa dominionlar bilan bir qatorda Kanada Millatlar Ligasiga vakil yuborish huquqini qoʻlga kiritdi.
1929—33-yillardagi jahon iqtisodiy boʻhroni natijasida sanoat ishlab chiqarish 2 baravardan ziyod kamayib ketdi. 1933-yil boshida ishsizlar 1,3 mln. kishidan ortdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi nihoyatda pasayib ketishi natijasida 240 ming ferma barbod boʻldi.
Ikkinchi jahon urushida Kanada Buyuk Britaniya tomonida qatnashdi. Kanada antifashist davlatlarni, birinchi navbatda, Buyuk Britaniyani xom-ashyo, oziq-ovqat, qurol-yarogʻ bilan taʼminlab turdi. Mamlakatda harbiy sanoat rivojlandi, yangi tarmoqlar: stanoksozlik, sintetik kauchuk ishlab chiqarish va boshqalar vujudga keldi. 1939—45 yillarda sanoat ishlab chiqarish 2,5 baravar ortdi.
1960-yillardan Kanada hukumati ichki va tashqi siyosatda milliy manfaatlarni koʻzlab ish tuta boshladi. Hukumat Kanadaning siyosiy mustaqilligini saqlashga, Lotin Amerikasi, Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga intildi. Keyingi yillarda Kanadada milliy masala keskinlashdi. Kvebek partiyasi mazkur viloyatni alohida davlat qilib ajratishni talab qila boshladi. 1995-yilda Kvebek suvereniteti xususida oʻtkazilgan referendumda suverenitetga qarshi boʻlganlarning 50,6% ovoz olishi natijasida mamlakatning parchalanish xavfi bartaraf etildi. Kanada — 1945-yildan BMT aʼzosi. 1991-yil 25 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi va 1992-yil 7-aprelda u bilan diplomatiya munosabatlari oʻrnatdi. Milliy bayrami — 1-iyul — Kanada kuni (1867).
Do'stlaringiz bilan baham: |