5.Iqtisodiyotni siyosiy mexanizmlar yordamida tartibga solish
Iqtisodiyotning birinchi darsi resurslar taqchillikdan iborat: odamlar talabini to'liq qondirish uchun resurslar hech qachon yetarli bo'lmaydi.
Siyosiy jarayon iqtisodiy tizimning muqobil shaklidir. Bozor taqsimotini iqtisodiy tizimning muhim muqobil shakli bo'lgan demokratik siyosiy taqsimot bilan solishtirish tavsiya etiladi.
Iqtisodiyotni siyosiy mexanizmlar yordamida tartibga solishda quyidagi to'rtta holatni yodda tutish ayniqsa muhimdir:
Birinchidan, demokratik tizimda davlat faoliyati ko'pchilik ovozi bilan yuritiladi. Bozor faoliyati esa, aksincha, o'zaro kelishuv va ixtiyoriy ayirboshlashga asoslangan. Demokratik jamiyatda biror bir siyosat ko'pchilik ovozi bilan bevosita yoki saylangan vakil orqali amalga kiritilganda, kamchilik juda qarshi bo'lgan taqdirda ham, shu loyihani moliyalashtirishga yordam berishga majbur. Masalan, agar ko'pchilik yangi futbol stadioni, uy-joy subsidiyasi dasturi yoki inqiroz yoqasidagi avtomobil kompaniyasiga moliyaviy yordam ajratish uchun ovoz bersa, ozchilik taslim bo'lib, ushbu loyihalar uchun soliq to'lashga majbur bo'ladi. Ularga foydasi tegishi yoki tegmasligidan qat'iy nazar, ular kattaroq soliq to'lashlariga, daromadlarining kamayishiga yoki boshqa salbiy oqibatlarni boshdan kechirishlariga to'g'ri keladi. Soliq solish va tartibga solish huquqi ko'pchilik ozchilikni o'z shartlariga majburlashiga imkoniyat yaratadi. Agar resurslar raqobatdosh bozorlar orqali taqsimlansa, bunday majburlash huquqi mavjud bo'lmaydi. Bozorda ayirboshlash har ikkala tomon o'zaro kelishuvga kelsagina amalga oshadi. Xususiy korxonalar narxlarini ko'tarishlari mumkin, lekin ular hech kimni ularning mahsulotini sotib olishga majburlay olmaydi. Haqiqatan ham, mijozlarni jalb qilish uchun xususiy korxonalar mahsulotning manfaati o'rnatilgan narxdan yuqoriligini ta'minlashlari lozim bo'ladi.
Ikkinchidan, saylovchilarda nomzodlar yoki muammolar to'g'risida mukammal ma'lumotga ega bo'lishga rag'bat kam. Yakka saylovchining ovozi deyarli hech qachon saylov natijasini o'zgartirmaydi. Uning ovozi shahar, mahalliy yoki milliy saylovlarning natijasini hal qiluvchi ovoz bo'lishidan ko'ra, u saylov uchastkasiga borguncha yo'lda uni chaqmoq urish ehtimoli kattaroq. Shuni tushungan ko'p saylovchilar asosli ovoz berish uchun muammolar va nomzodlar bilan yaqindan tanishib chiqishga ko'p vaqt sarflamaydilar. Ko'pchilik shunchaki biror faoliyat (televizor tomosha qilish, do'stlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish yoki ish joyidagi suhbatlar) davomida olgan ma'lumotlarga asoslanib ovoz beradilar. Yuqoridagilarni hisobga olsak, saylovchilarning ko'pi nomzodlarning qarashlari yoki davlat faoliyatining (qishloq xo'jaligi subsidiyalari yoki savdo cheklovlari kabi) iqtisodiyotga ta'siri to'g'risida kam biladilar yoki umuman bilmaydilar. Iqtisodchilar bu holatni «ratsional nodonlik samarasi» deb ataydilar. Boshqacha aytganda, saylovchilar yaxshi xabardor emas, lekin yakka ovoz hal qiluvchi bo'lmaganligi sababli, ularda ma'lumotning kamligi mantiqqa to'g'ri keladi.
Saylovchilarda asosli ovoz berishga rag'batning sustligi iste'molchilarning bozordagi faoliyatidan keskin farq qiladi. Bozorda har bir iste'molchi o'z mablag'ini qanday sarflashni o'zi hal qiladi va u noto'g'ri qarorning oqibatini o'zi his qiladi. Shu boisdan u o'z mablag'ini oqilona sarflashga harakat qiladi. Iste'molchilar avtomobil, kompyuter, sport klubida a'zolik yoki minglab shunga o'xshash boshqa narsalarni xarid qilish to'g'risida o'ylaganda, ularda ma'lumot olishga va asosli tanlov qilishga kuchli rag'bat bo'ladi.
Uchinchidan, siyosiy jarayon odatda barchaga bitta natijani yuklaydi, bozorlar esa, aksincha, turli xil natijalarga olib keladi. Boshqacha aytganda, davlat taqsimoti «hamma uchun bir o'lcham» natija beradi, bozorlar esa turli shaxslar va guruhlar istagan variantlari uchun «ovoz berishlariga» va tanlashlariga imkon beradi. Buni maktab ta'limi misolida tasvirlab berish mumkin. Agar maktab ta'limi davlat tomonidan emas, balki bozor orqali taqsimlansa (masalan, xususiy maktablar va uyda ta'lim orqali), ayrim ota-onalar diniy qadriyatlarga e'tibor beruvchi maktablarni, boshqalar esa asosiy ko'nikmalar, madaniy xilma-xillik yoki kasbiy tayyorgarlikka e'tibor beruvchi maktablarni tanlaydilar. To'lashga tayor bo'lgan har bir xaridor (yoki guruh a'zolari) o'zi istagan ta'lim turini tanlashi va olishi mumkin. Bozorlar proportsional vakillik tizimi amal qilishini ta'minlaydi, bu esa aksari odamlar o'z istaklariga mos tovar va xizmatlarni sotib olishiga imkon yaratadi. Bundan tashqari, bozor tizimi ko'pchilik vakillari o'z qarorlarini kamchilik vakillariga yuklashidan yuzaga kelishi muqarrar bo'lgan ziddiyatlarning oldini oladi.
To'rtinchidan, bozor va siyosiy qaror qabul qiluvchilarning manfaatlari bir-biridan farq qiladi. Avval muhokama qilinganidek, bozor iqtisodiyotining foyda va zarar mexanizmi resurslarni samarasiz loyihalardan samarali loyihalarga yo'naltirishga moyil bo'ladi. Biroq, siyosiy jarayon resurslarni samarali faoliyatga yo'naltiruvchi shunga o'xshash ishonchli mexanizmga ega emas. Bu jarayon hatto ovoz berish orqali amalga oshirilganda ham xuddi shu natijaga olib keladi. Aksincha, agar saylangan mulozimlar konstitutsiya me'yorlari orqali cheklanmasa, ovoz yig'ish maqsadida ayrim saylovchilarga boshqalar hisobiga imtiyoz berishga ularda moyillik paydo bo'ladi. Aytganlaridek, agar Alidan olib Valiga bersangiz, siz odatda Valining qo'llab-quvvatlashiga tayanishingiz mumkin bo'ladi.
Zamonaviy siyosiy jarayonga, ko'p darajada, ittifoqchilar va siyosatchilar o'rtasidagi qator «ayirboshlashlar» tizimi deb qarash mumkin. To'plangan manfaatdor guruhlar subsidiyalar, xarajat loyihalari va odatda soliq to'lovchilari moliyalashtiradigan davlat imtiyozlari olish hisobiga ovozlar, moliyaviy ulushlar, kelajakda yuqori maoshli ishlar va qo'llab-quvvtlashning boshqa shakllari bilan ta'minlaydilar. Ratsional nodonlik samarasi, ya'ni saylovchilar asosli ovoz berish uchun vaqtlarini sarflamaslik holati, ushbu jarayonga ko'maklashadi, chunki parlament yoki qonun chiqaruvchi organ devorlari ichida saylovchilar behabar qoladigan voqealar ko'p kechadi. Natijada, resurslar ishlab chiqarish va yangi, sifatli mahsulotlarni yaratish o'rniga lobbi faoliyati va imtiyozni ko'zlovchi faoliyatlarga yo'naltiriladi.
Bozor muvaffaqiyatsizli kabi davlat muvaffaqiyatsizli ham mavjud. Siyosatchilarning istaklari resurslardan samarali emas, balki samarasiz ishlatilishi natijasida davlat muvaffaqiyatsizligi yuzaga keladi. Bozor muvaffaqiyatsizligi kabi davlat muvaffaqiyatsizligi qaror qabul qiluvchilarga eng ko'p manfaat keltirish bilan resurslardan eng unumli foydalanish o'rtasida ziddiyatning paydo bo'ligan holatni aks etadi. Gruziyadagi iqtisodiy siyosat ancha erkinlashganidan so'ng atirgul inqilobi tashkilotchilari hatto demokratik va liberal davlat ham samarasiz faoliyat yuritishi mumkinligini bilardilar. Shuning uchun ham 2010-yilda konstitutsiyaga davlatning iqtisodiyotdagi rolini cheklash bo'yicha tegishli o'zgartirishlar kiritildi. 94-moddada ruxsat etilgan soliqlar ro'yxati (soliqlar soni va ularning stavkasi) ko'rsatilgan va soliq stavkalarini o'zgartirish yoki yangi soliqlar joriy etishni referendum orqali hal qilish vakolati xalq ixtiyorida qoldirilgan. Shuningdek, «Iqtisodiy erkinlik to'g'risidagi qonun» deb ataluvchi asosiy qonunda davlat byudjeti taqchilligi YIMning 3 foizidan, qarz miqdori esa YIMning 60 foizidan oshmasligi belgilab qo'yilgan. Biroq, vaqt o'tishi va hokimiyatlar o'zgarishi bilan parlamentning ko'pchilikni tashkil qilgan partiya cheklovlarni olib tashlash va yangi soliqlarni joriy etish hamda amaldagi stavkalarni o'zgartirish bo'yicha vakolatni tiklash maqsadida o'zgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi.
Bozor ayirboshashuvi o'zaro foydali faoliyatdir: savdo hamkorlarining har ikkalasi ham manfaatdor bo'ladi, aks holda ayirboshlash amalga oshmaydi. «Siyosiy ayirboshlash» esa, aksincha, tomonlardan biriga foydali, lekin ikkinchisiga zararli bo'lishi mumkin. Bunda yutgan loyihaga ovoz bergan ko'pchilik manfaat ko'radi, lekin yutqazgan loyihaga ovoz bergan kamchilik ko'proq yutqazadi. Bunday hollarda, yutgan tomonning oladigan foydasi yutqazgan tomonning zarar miqdoridan katta bo'lishiga hech qanday ishonch yo'q.
Zamonaviy siyosatning asosiy biznes modeli resurslarni jamiyatdan olib, ularni yaxshi uyushgan saylovchilar bloklariga ovoz beruvchi ko'pchilikni shakllantirish maqsadida berishdan iborat deb aytsa bo'ladi. Bunga misollar talaygina. Butun dunyo bo'ylab soliq to'lovchilar va iste'molchilar iqtisodiyotning ayrim sohalarini, demakki mamlakatlaridagi ayrim manfaatdor guruhlarni qo'llab-quvvatlash uchun o'z daromadlarini sarflaydilar. Qizig’i shundaki, tenglik uchun deb targ'ib qilingan subsidiya dasturi ba’zan maqsadiga erishmaydi va aksariyat hollarda u ko'pincha teskari natijalarga olib keladi. 2014- yilda Misrning oziq-ovqat subsidiyalarining 20 foizdan kamroq'i kambag'al aholiga manfaat keltirgan. Ko'plab mamlakatlardagi benzin subsidiyalari o'rta tabaqali aholiga manfaat keltiradi, chunki kambag'al aholi asosan piyoda yuradi, yoki jamoat transportidan foydalanadi. Xindistonda suyultirilgan gaz uchun ajratiladigan qishloq xo'jaligi subsidiyalarining 0,1 foizdan kamroq qismi eng kambag'al 20 foiz aholiga, 52,6 foizi esa badavlat aholi hissasiga to'g'ri keladi. Dunyo bo'ylab qazib olinadigan yoqilg'iga ajratiladigan subsidiyalarning 20 foizdan kamroq qismini aholining eng kambag'al 20 foiz qismi oladi
Do'stlaringiz bilan baham: |