Magistratura — aniq mutaxassislik bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida ta’lim muddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.
Magistratura ta’lim dasturlari bakalavriat ta’lim dasturlari bilan uzluksizlik va uzviylik ta’minlanishini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi va talabalar tomonidan quyidagi majburiy bloklar o‘zlashtirilishini nazarda tutadi:
— umummetodologik fanlar;
— mutaxassislik fanlari;
— ilmiy faoliyat.
Ta’lim dasturlari majburiy o‘quv fanlari bilan bir qatorda, talabalar tanlagan fanlarni o‘z ichiga oladi.
Talabalarning ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishida o‘quv fanlarining bir qancha masalalari va muammolari bo‘yicha mustaqil bilim olishi nazarda tutilgan.
Ta’lim dasturlari magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha, davlat ta’lim standartlariga muvofiq ravishda yakuniy davlat attestatsiyasi bilan tugallanadi.
Oliy o‘quv yurtini tugallagan magistrga quyidagi talablar qo‘yiladi:
— tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni bajarishga, shuningdek, fan, texnika va texnologiya, iqtisodiyot, madaniyat va san’atning zamonaviy yutuqlarini amaliyotga joriy etishga yo‘naltirilgan kasb tayyorgarligiga ega bo‘lishi;
— mutaxassislikka oid ilmiy muammolar bilan bog‘liq vazifalarni ifodalash va hal etishi, qarorlar qabul qilishi, zarur bilimlar bazasini yaratish va undan o‘z kasb faoliyatida foydalana bilishi;
— ilmiy-tadqiqotlar va mehnatni tashkil qilish metodologiyasini bilishi, tadqiqot natijalarini tahlil qilish va qayta ishlash metodikasini ishlab chiqishi va amalga oshirishi, ilmiy-tadqiqot natijalaridan faoliyatning tegishli sohalarida foydalanishga doir amaliy tavsiyalarni ifodalay olishi va taqdim qilishi;
— kasb vazifalarini avtomatlashtirish va kompyuterda modellashtirish metodlarini, eng maqbul yechimlar topishning oqilona usullarini egallagan bo‘lishi;
— bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va ilmiy jamoalarni boshqarishni ilmiy asosda tashkil qila olishi;
— zamonaviy axborot tizimlaridan foydalaniladigan pedagogik texnologiyalar va interaktiv ta’lim usullarini egallagan bo‘lishi;
— tanlangan mutaxassislik bo‘yicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbga doir boshqaruv faoliyati;
— magistr tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik bo‘yicha aspiranturada oliy ta’limdan keyin tahsil olishi;
— kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimida qo‘shimcha kasb ta’limi olishi.
«Magistr» darajasini beradigan davlat malaka attestatsiyasi magistrlik dasturining intihosidir. Magistrlarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturiga muvofiq bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash sifati quyidagicha nazorat qilinadi:
— ichki nazorat oliy ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Ichki nazorat oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan Reyting nazorat tizimi haqidagi nizom asosida o‘tkaziladi;
— yakuniy davlat nazorati oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha Davlat ta’lim standartlariga muvofiq ravishda o‘quv fanlari bo‘yicha davlat attestatsiyasi, bakalavr uchun bitiruv ishi yoki magistr uchun dissertatsiya himoyasini o‘z ichiga oladi;
— davlat-jamoatchilik nazorati oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi, jamoat tashkilotlari va kadrlar buyurtmachilari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
— tashqi nazorat belgilangan tartibda Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilab qo‘yilgan ikki bosqichli oliy ta’lim tizimini tashkil etish va rivojlantirish uchun:
— bakalavriat va magistratura uchun Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;
— oliy ta’lim muassasalari uchun professor-o‘qituvchi kadrlar tayyorlash, shu jumladan, chet ellardagi yetakchi o‘quv va ilmiy markazlarda tayyorlash;
— oliy ta’lim muassasalarida tarkibiy o‘zgartishlar o‘tkazish;
— oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, bu muassasalarning mustaqilligini kuchaytirish, muassislar, vasiylar kengashlari, jamoat nazorat kengashlari shaklidagi jamoat boshqaruvini joriy etish;
— ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
— o‘qishni, mustaqil bilim olishni individuallashtirish hamda masofadan turib o‘qitish tizimi texnologiyasi va vositalarini ishlab chiqish va o‘zlashtirish;
— yangi pedagogik va axborot texnologiyalari, tayyorgarlikning modul tizimidan foydalangan holda talabalarni o‘qitishni takomillashtirish;
— xalqning boy ma’naviy va intellektual merosi, umumbashariy qadriyatlar asosida ta’limning insonparvarlik yo‘nalishini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |