Do`stlik kanali- Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududidagi kanal. Mirzachoʻlning shimoli-sharqida joylashgan. Do`stlik kanali Sirdaryodagi Farhod GESining tashlama kanalidan suv oladi. Uzunligi 116 km. Kanal boshdan oxirigacha tuproq oʻzandan oqadi. Kanalda 6 toʻgʻon, 45 shoxobcha kanallar qurilgan. Kanal Chordara suv omboriga tashlama bilan tugaydi. Dastlab kanalni 1891-yilda knyaz N. K. Romanov qazdirgan. Kanal qurilishi 6 yil davom etgan va Nikolay I arigʻi deb atalgan, uzunligi 84 km boʻlgan. Kanal suvni Xoʻjand shahridan quyida Qoʻshtegirmon va Bekobod qishloqlari oraligʻida Sirdaryodan olgan. Kanaldan birinchi marta 1895-yilda Mirzachoʻlga suv oqizilgan, 1897-yilda toʻla ishga tushirilgan va 7600 gektar yerni suv bilan taʼminlangan. 1917-yilgacha knyaz Romanov nomi bilan yuritilgan va uni xalq Knyazariq (Kenazariq) deb atagan. 1918-1938-yillarda Shimoliy Mirzachoʻl kanali deb yuritilgan. 1923 y.dan kanal rekonstruksiya qilina boshladi. 1945-yilda kanal Farhod GESning tashlama kanaliga ulandi. Keyingi yillarda kanal uzaytirildi va suv oʻtkazish imkoniyati oshirildi. 1996-yil iyulidan hozirgi nom bilan ataladi (1938-1997-yillarda S. M. Kirov nomida boʻlgan). 2001-yilda kanaldan 230 ming gektardan koʻproq maydon sugʻorildi (Oʻzbekistonda 100 ming gektar; Qozogʻistonda 130 ming gektardan ortiq).
Doka-paxta ipidan juda yupqa, siyrak qilib to`qiladigan gazlama. Ilgari (19-asr 2-yarmigacha) Hindiston, Eron va boshqa mamlakatlardan keltirilgan. Mahalliy dokalar xonaki do`konlarda to`qilgan. Dokalarning ko`pchiligi asosan oq, ba`zilari ko`k tusda bo`lib, salla, ro`mol, pashshaxona va boshqa narsalar tikilgan. Hozir to`qimachilik korxonalarida to`qiladi. Doka uy-ro`zg`orda, tikuvchilikda, ayniqsa, tibbiyotda keng ishlatiladi.
Don- qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishning eng muhim mahsuloti bo`lib, u kishilarning asosiy oziq-ovqati, chorvachilikning yem-xashak zaxirasi, un tortish, spirt olish, pivo olish kabi sanoat tarmoqlarining xomashyosi hisoblanadi. Arpa, bug`doy, suli, tariq, guruch kabi ayrim g`allalarning doni yanchganda tez ajrab ketadigan yupqa parda bilan qoplangan bo`ladi. Bug`doy, arpa, suli kabi g`alla donlari uzunroq bo`lib, bir tomonida aniq ko`rinib turadigan uzun chuqurchasi bo`ladi. Tariq, guruch, jo`xori va makkajo`xori donlari esa yumaloq yoki sal uzunchoqroq shaklda bo`lib, ariqchasi bo`lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |