9. Samarali iqtisodiyot — taraqqiyot omili
«Bizning partiya davlat iqtisodiy natija va yutuqlarini adolatli taqsimlash tarafdori. Bugungi kunda iqtisodiyotning samarali ривожланishиni, davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan yalpi ichki mahsulotni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish, amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘nalishi, adolatliligini har bir fuqaroning ong-shuuriga yetkazish partiyaning birlamchi vazifasidir», — ta’kidladi Bahrom Abduhalimov.
«Iqtisodiyot qachon rivojlanadi, qachonki erkin va raqobatli bo‘lsa. Biz raqobatni kuchaytirish orqali monopoliyaga barham beramiz. Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomani qudratli huquqiy vositaga aylantiramiz va bu jarayonga hokimiyat aralashuviga chek qo‘yamiz. Har qanday nizo sud qarori bilan yechim topadi», — deydi u.
Partiya bozorni boshqarish, tartibga solib turish zarurligini ta’kidlab, «raqobat — mumkin qadar, davlat boshqaruvi — zarurat qadar» tamoyilini hayotga tatbiq etish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
«Biz aholining katta qismi yashayotgan qishloq hayotini tubdan yangilaymiz, eng og‘ir bo‘lgan kuz-qish mavsumida har bir qishloqda uzluksiz va ehtiyojni to‘liq ta’minlaydigan darajada tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazadigan tizimni joriy qilamiz. Va bu bilan aholiga farovonlik bag‘ishlaymiz, tadbirkorga sharoit yaratamiz».
«Agrofirma va davlat xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash yaqin kelajakda O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda, qishloq iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishda, bandlik va qashshoqlik muammolarini hal etishda katta natijalar beradi, deb hisoblaymiz».
Dasturda intellektual mulk obyektlari (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar, ixtiroga bo‘lgan huquqlar va boshqa) huquqlari buzilishiga nisbatan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ixtironi qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ham iqtisodni rivojlantirishga yo‘naltirilgan vazifalar qatorida belgilangan.
«Biz adolatli va raqobatbardosh tadbirkorlik faoliyatini joriy qilamiz. Bunda monopoliyaning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yamiz. Xususan, UzAuto Motors AJga berilgan imtiyozlar va avtomobillar importiga belgilangan bojxona to‘lovlarini har yili 15 foizdan kamaytirib ochiq raqobatga o‘tishini, bojxona tushumlarining kamayishi esa to‘lanadigan soliqlar bilan qoplanishini ta’minlaymiz. Biz deklaratsiyalar topshirish tizimini yanada takomillashtirib hayotga chuqurroq integratsiya qilamiz», — deya ta’kidladi prezidentlikka nomzod.
Nomzod deklaratsiyalarni barcha daromad oluvchilarning topshirishlariga qaratilgan siyosatni olib borish bilan birgalikda, har bir insonning katta miqdordagi xarajatlarini ham deklaratsiyalash prinsiplarini joriy qilishni maqsad qilgan.
«Biz yangicha sanoat siyosatini yuritamiz. Yalpi ichki mahsulotda kichik va o‘rta biznes ulushini keskin oshiramiz. Sanoat elektr energiyasisiz bo‘lmaydi. Buning uchun nafaqat AES, alternativ elektr manbalaridan kengroq foydalanish choralarini ko‘ramiz», — deydi u.
Bahrom Abduhalimov tadbirkorlarga qonuniy imkoniyat va imtiyozlar berilishini ta’kidlab, mahsulot sifatini qat’iy davlat nazoratiga olish, aniq standartlar joriy etib, sifatsiz mahsulot chiqarish hamda narx-navolarni sun’iy ko‘tarishga qaratilgan xatti-harakatlar uchun kuchaytirilgan jazo choralarini qo‘llash maqsad qilinganini ta’kiladi.
Iqtisodiyotni inson manfaatlarini hisobga olgan holda modernizatsiya qilish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, raqamli texnologiyalarga асосланган iqtisodiyotga o‘tishda universitet va kasb-hunar ta’limining mavjud tizimini isloh qilish; raqamli iqtisodiyotda innovatsiyalar va tadbirkorlikning o‘sishiga javoban, davlat idoralari, ayniqsa, moliyalashtirish bo‘yicha to‘liq qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish; bandlik sohasida onlayn ish bilan ta’minlash kabi masalalarini qamrab oladigan «Raqamli iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash konsepsiyasi — 2030» дастuриni ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Partiya — adolatli va samarali soliq hamda budjet siyosatini amalga oshirish tarafdori. Soliqqa tortishning progressiv stavkalarini o‘rnatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni to‘liq yoki qisman soliqdan ozod qilishni taklif qilingan. Shuningdek, ijtimoiy tenglik o‘rnatish maqsadida qimmatbaho buyumlarga soliq va katta maydondagi ko‘chmas mulk uchun progressiv soliqlarni joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
«Mamlakatning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, kafolatlangan budjetga bevosita bog‘liqdir. Shu sababdan ham undiriladigan barcha to‘lovlar (jarimalar, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy undiruvlar) to‘laligicha davlat budjetiga yo‘naltirilishi shart, deb hisoblaymiz. Ya’ni, barcha darajadagi davlat tashkilotlarining „shaxsiy cho‘ntagi“ bo‘lgan turli maxsus jamg‘armalarni bekor qilib, davlat budjetiga tushishini ta’minlaymiz», — deydi nomzod.
«Bir so‘z bilan aytganda, xalq to‘layotgan majburiy va boshqa turdagi to‘lovlar davlat budjetiga tushishi tarafdorimiz! budjet xarajatlarining shaffof va adolatli taqsimlanishini to‘liq nazoratga olamiz. Barcha bo‘g‘indagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xarajatlarining shaffofligini ta’minlaymiz», — qo‘shimcha qildi u.
Do'stlaringiz bilan baham: |