Qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit – barqaror rivojlanish garovi! Tadbirkorlikka to‘sqinlik – davlat siyosatiga to‘sqinlik!
Partiya O‘zbekistonning biznes yuritish va investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini rag‘batlantirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiyaviy siyosat yuritilishi tarafdoridir.
Eng muhim vazifamiz – O‘zbekistonning “Biznesni yuritish”, global raqobatbardoshlik (GCI), innovatsiyalar (GII), sanoatning raqobatbardoshligi indekslari bo‘yicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan o‘rin egallashiga ko‘maklashish.
Partiya quyidagilarning amalga oshishini qo‘llab-quvvatlaydi:
– biznes yuritishning olis istiqbolga mo‘ljallangan imkoniyatini ta’minlash, bugungi kunda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yuzlab qonun hujjatlari mavjudligini inobatga olib hamda davr talablaridan kelib chiqib tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va liberallashtirish maqsadida yagona Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish;
– investitsiya faoliyatini amalga oshirishning erkinligi, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish;
– Biznes-ombudsman bilan hamjihatlikda ishlaydigan Investitsion ombudsman institutini tashkil etish, xorijiy sarmoyadorlar uchun tayyor investitsion paketlarning elektron bazasini shakllantirish va taqdim etish tizimini ishlab chiqish;
– yangi erkin iqtisodiy hududlarni tashkil etish va mavjud hududlar faoliyatining samaradorligini ta’minlash, eksportni rag‘batlantirish hamda ko‘maklashish orqali uning nomenklaturasi va geografik makonini kengaytirish;
– sarmoya jalb qilishda “parlament, partiya va biznes diplomatiya”si institutlaridan keng foydalanish, qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aylanmasini rag‘batlantiruvchi mexanizmni rivojlantirish;
– O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va boshqa iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
– yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirish, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar va kreditlardan samarali foydalanish.
Iqtisodiyot rivojlanishining innovatsion yo‘liga o‘tishini rag‘batlantiruvchi raqobatbardosh bozorni shakllantirish, raqobatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni yaratish va ichki bozorning monopollashuviga yo‘l qo‘ymaslik, davlat-xususiy sherikchiligini takomillashtirish – partiya iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishi. Davlat xizmatlari sifatini oshirish, zamonaviy xalqaro standartlar va korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, davlat xaridlarining samaradorligi va shaffofligini ta’minlash, davlat mulki xususiylashtirilishini kengaytirish va soddalashtirish tarafdorimiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |