Mustaqil va adolatli sud hokimiyatiga ishonchni mustahkamlaymiz!
Biz sudga bo‘lgan ishonch va hurmatni yuksaltiramiz. Biz uchun sud faoliyati va mustaqilligining eng muhim mezoni – fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalangani, adolatli sudlov ta’minlangani, yakuniy va barqaror sud qarorlarining qabul qilinganidir.
Biz sudlar faoliyati ochiqligi va oshkoraligining kuchaytirilishi, “elektron va raqamli sud” konsepsiyasining amalga oshirilishi, sudlar tomonidan o‘z faoliyati haqidagi hisobotlarning xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etilishi, mahalla, korxona va tashkilotlarda ko‘chma sud yig‘ilishlari o‘tkazilishini – adolatli sudning garovi, deb bilamiz.
Partiya sud tizimini takomillashtirish va mustahkamlash, adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari suradi:
– xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlik va tadbirkorlarni ishonchli himoyalashni ta’minlashda sudlarning rolini kuchaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklarini buzish, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari va xususiy mulk ob’ektlarini olib qo‘yish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan litsenziyalarni bekor qilish bo‘yicha qarorlarning faqat sud tomonidan qabul qilinishi, tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari harakati yoki harakatsizligi oqibatida ko‘rgan zararlari borasidagi da’volari muddatlarini bekor qilish va muddatsiz ekanini kafolatlash, shu maqsadda “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish;
– “Xabeas korpus” institutining qo‘llanilishi sohasini yanada kengaytirish, sud mustaqilligini ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakolatlarini qayta ko‘rib chiqib, optimallashtirish. Prokuratura organlarining sud hujjatlari bo‘yicha protest keltirish vakolatlarini bekor qilib, ularni tegishli qarorlar bo‘yicha shikoyat qilish huquqiga almashtirish, prokuratura vakolatlaridan unga xos bo‘lmagan vazifalarni chiqarib tashlash, tegishli vakolatlarni ijro hokimiyatiga berish. Prokurorlarning maqomi, ularning mustaqilligini ta’minlash masalalari, tanlash va xizmat pog‘onalaridan o‘stirishning xolis mezonlari qonunda aniq belgilangan bo‘lishi, hokimiyatlar bo‘linishining Konstitutsiyaviy tamoyilidan kelib chiqib Majburiy ijro byurosini Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazish zarur;
– viloyatlar miqyosidagi sudlarni optimallashtirish, birlashtirish, yagona sud raisi bo‘ysinuviga o‘tkazish. Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy, moddiy huquqqa oid ishlar ham amalda ko‘rib chiqilayotganini inobatga olib, ularning maqomini qayta ko‘rib chiqish;
– sud buyrug‘i institutini takomillashtirish, uning ayrim turlari o‘rniga sudgacha hal etish mexanizmlarini joriy etish hamda boqimanda qarzdorlikni sud orqali undirish masalasi va mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish;
– xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligi borasidagi konstitutsiyaviy tamoyilni hayotga izchil tatbiq etish, sudlar faoliyatida xalqaro huquq va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridagi tamoyillar va normalarning kengroq qo‘llanishiga erishish;
– sud tergovi institutini takomillashtirish, Sudyalar oliy kengashi vakolatlari va maqomini qayta ko‘rib chiqish, uning qaror va xulosalariga nisbatan nomzodlarning shikoyat qilish huquqini nazarda tutish.
Do'stlaringiz bilan baham: |