Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish – barqaror rivojlanish garovi
Maqsadimiz – oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishini 4 barobar oshirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti yillik hajmini kamida 5 milliard AQSh dollariga yetkazish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning o‘rtacha samaradorligini hamda ularni ishlab chiqaruvchilar daromadini 2-3 barobar oshirish.
Biz tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiramiz:
– fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, qishloq aholisi o‘rtasida “Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai!” shiorini keng targ‘ib qilish, yer egalarining bilim va tajribasini oshirish;
– qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, intensiv bog‘lar va tokzorlar yaratish, organik qishloq xo‘jaligi, meva-sabzovot, oziq-ovqat, asalarichilik, baliqchilik, parrandachilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish. Biz qishloqlarda kichik ishlab chiqarish korxonalari tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi klasterlari (agroklasterlar), ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, ularga chuqur ishlov berish, transportda tashish va sotish (eksport qilish) bo‘yicha kichik ishlab chiqarish korxonalari (“qishloq xo‘jaligi xablari”) tarmog‘ini rivojlantirishga oid qonunchilikni takomillashtirish, “Klasterlar faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va boshqa amaliy choralarni taklif qilamiz;
– qishloqda ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, zamonaviy agrotexnologiyalar, seleksiya va urug‘chilik usullarini joriy qilish, yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishda rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetish. Qishloqqa sanoatni jalb qilish tamoyilini amalga oshirish, har bir qishloqda hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqarish korxonalari qurish g‘oyalarini ilgari suramiz;
– qishloq xo‘jaligida yanada ko‘proq mahsuldorlikka erishish maqsadida hududlarda yerning ball boniteti hisobga olingan holda ekin turlarini joylashtirish, hududlarning ixtisoslashtirilishini hayotga keng joriy etish;
– yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy suv va resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, Suv kodeksini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini ishlab chiqarishga joriy etish;
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fermerlar, dehqon va tomorqa yer egalari manfaatlariga xizmat qiluvchi kooperativlar tashkil etish va ular faoliyatini takomillashtirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |