INSON HUQUQLARI VA MANFAATLARI QONUN HIMOYASIDA. D. To'xtayeva ADU Pedagogika fakulteti talabasi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi - insoniyat taraqqiyotining eng ezgu maqsadlari va demokratik qadriyatlar timsoli bo'lgan g'oyat muhim hujjatdir. Bosh assambleya Birlashgan Millatlar xalqlari insonning asosiy huquqlariga, shaxsning qadr-qimmatiga, erkak va ayolning teng huquqliligiga hamda yanada kengroq erkinlikda ijtimoiy taraqqiyot va turmush sharoitlarini yaxshilashga ko'maklashishga ahd qilganliklarini e'tiborga olib 1948- yil 10- dekabrda 217 ko'rsatmasi bilan "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini" qabul qildi. Mazkur inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo'lgan vazifa sifatida e'lon qilar ekan, bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti doimo ushbu Deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma'rifat va ta'lim yo'li bilan bu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga ko'maklashishi, milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirlar orqali ham uning bajarilishi ta'minlanishiga davlatlar xalqlari o'rtasida do'stlik aloqalarini o'rnatishga intilishlari zarur. Mazkur deklaratsiyani qabul qilish orqali dunyodagi barcha xalqlar, millat va ularning huquqlarini kafolatlash hamda himoya qilish kabi umumbashariy qadriyatlar bo'lgan millatlararo totuvlik go'yasi ilgari surildi. Millatlararo totuvlik muayyan jamiyatda yashab yagona maqsad yo'lida mehnat qilayotgan turli millat va elat vakillari ahilligining ma'naviy asosini mustahkamlaydi. Shu hududdagi tinchlik va barqarorlik hamda taraqqiyotning kafolati bo'lib xizmat qiladi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2- moddasida har bir inson irqi, tanasining ranggi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e'tiqodlaridan, millati yoki ijtimoiy kelib chiqishi, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat'iy nazar barcha huquq va barcha erkinliklarga ega bo'lishi zarurligi belgilab qo'yilgan. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Istiqlolga erishgandan so'ng, O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan dastlabki xalqaro hujjatlardan biri " Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi" edi. Demokratik, huquqiy davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo'lini tanlagan O'zbekiston inson huquqlari va manfaatlarini jamiyat rivojlantirish va davlat qurilishining butun ichki va tashqi siyosatining eng ustuvor yo'nalishi etib belgiladi. Inson huquqlari sohasida uzluksiz ta'lm va ma'rifiy ishlar tizimi shakllanib kelmoqda. Xususan, huquq himoyasi mavzusida barcha maktab, litsey, kollej va oliy ta'lim muassasalarida inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari o'rganilmoqda. O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini to'la to'kis bajarib kelmoqda. 2017 - 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatning xalqaro munosabatlarining to'la huquqli subyekti sifatidagi o'rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o'rin olish O'zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo'shnichilik muhitini yaratish bo'yicha izchil chora- tadbirlar amalga oshirilmoqda. O'tgan yil mamlakatimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari " yili deb e'lon qilingan edi. Bu borada odamlarning talab va istaklarini ro'yobga chiqarish, huquq va manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. Joylarda tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari aholining huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga hali- hanuz xizmat qilmoqda. Shuningdek, internet tarmog'ida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ochildi. Bu esa, fuqarolarning o'z konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari buzilishi to'g'risidagi murojaatlari xolisona va har tomonlama ko'rib chiqishini ta'minlaydi, ular bo'yicha qonun hujjatlariga muvofiq chora- tadbirlar ko'radi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 1- navbatda O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha yondashuvlarining asosiy nuqtasini, ya'ni inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli tarkibiy islohotlarning ustuvor yo'nalishi ekanligini alohida qayd etadi. O'zbekistonning asosiy maqsadi ham demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishdan iborat. Deklaratsiya O'zbekiston Respoublikasida inson huquqlarini himoya qilish borasida jahon andozalariga mos huquqiy tizim ishlab chiqish uchun tamal toshi vazifasini bajardi. Shu kungacha Respublikada inson huquqlarini himoya qilishga oid 100 dan ortiq qonunlar qabul qilindi va ular xalqaro me'yorlar va andozlarga muvofiqlashtirilgan. Eng muhimi, qabul qilingan qarorlar va amaliy harakatlar natijasida xalqning davlatga bo'lgan ishonchi ortmoqda. Odamlar davlatga emas, davlat odamlarga xizmat qilishi ta'minlanmoqda.