Gandbol
Gandbol (nemischa hand - qo‘l, ball -to‘p), qo‘l to‘pi — sport o‘yini. 19-asr oxirida Yevropada paydo bo‘lgan. Daniyalik Xalger Nilson ixtiro etgan (1898). Gandbol uchun kattaligi 40x20 m li maydon kerak; og‘irligi 325—475 g, aylanasi 54—58 sm bo‘lgan charm to‘p bilan o‘ynaladi. Maydonning ikki tomonida eni 3 m, bal. 2 m bo‘lgan darvozalar o‘rnatiladi. Har bir jamoada 7 yoki 11 o‘yinchi qatnashadi. O‘yinchi to‘p bilan faqat 3 qadam qo‘yishi va uni qo‘lida 3 sekuntgacha tutib turishi mumkin. O‘yin 2 bo‘limdan iborat bo‘lib, erkaklar musobaqasi 1 soat, ayollar musobaqasi 50 minut davom etadi. Xalqaro Gandbol federatsiyasiga (IHF; 1946 yil asos solingan) 106 mamlakat a’zo. 1972 yildan erkaklar, 1976 yildan ayollar Gandboli Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan. 1938 yildan erkaklar o‘rtasida, 1956 yildan ayollar o‘rtasida jahon birinchiligi o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda Gandbol 1923—24 yillarda paydo bo‘lib, birinchi musobaqa 1926 yilda Toshkentda o‘tkazilgan. 1991 yil O‘zbekiston Respublikasi Gandbol federatsiyasi tuzildi. Respublikaning barcha viloyatlarida Gandbol bo‘yicha bolalar sport maktablari, erkaklar, ayollar va bolalar jamoalari bor. 1991 yildan O‘zbekistan chempionati muntazam o‘tkaziladi. O‘zbekiston Gandbolchilari terma jamoasi (ayollar) Osiyo chempionatida 4-o‘rinni egalladi va Germaniyada o‘tkazilgan jahon birinchiligi musobaqalarida qatnashdi (1997). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozlari F. Abdurahmonov, V. Kaplinskiy, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni M. Vasilev, xalqaro miqyosdagi sport ustasi, jahon chempioni S. Zemlyanova, sport ustalari A. Abzalova, Olga Abdulla va boshqalarning Gandbol rivojlanishida katta hissasi bor.
Boks
Boks (ingizcha box — mushtlash, zarb) — sport turi, ikki raqibning sirti charm, ichi yumshoq qoplamali qo‘lqoplarda qoida asosida yakkamayakka mushtlashish musobaqasi. Boks tarixi miloddan avvalgi davrda Misr va Bobilda uyushtirilgan yakkamayakka mushtlashish musobaqalariga borib taqaladi. Yunoniston qadimgi Olimpiya o‘yinlari dasturida ham shunday musobaqalar bo‘lgan. Zamonaviy Boks vatani Angliyadir (16—17-asrlar). Boksning dastlabki qoidalari shu mamlakatda qabul qilingan (1867). Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasiga (AIBA; 1946 yil asos solingan) 160 mamlakat a’zo (1999). Boks 1904 yildan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan, 1974 yildan jahon chempionati, 1979 yildan jahon kubogi musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Boks musobaqasi arqonlar bilan o‘ralgan 6x6 m o‘lchamli ring (supa)da o‘tkaziladi. Bokschilar og‘irligi 270 g (10 untsiya) qo‘lqoplardan foydalanishadi. Musobaqa 2 minut (daqiqa)dan 4 raund (bo‘lim) davom etadi. Raundlar orasida 1 daqiqadan tanaffus beriladi. Musobaqa vaktida raqib yiqilganda, hakam kurashni to‘xtatgandan keyin, shuningdek beldan pastga, bosh tananing orqa qismiga zarb berish mumkin emas. Ringdagi hakam (referi) musobaqani boshqaradi, ring atrofidagi 5 nafar hakam berilgan aniq zarblarni hisoblab boradi. Natijada ko‘p ochko (xol) to‘plagan Bokschi g‘olib deb topiladi. Zarb ta’sirida garangsiragan (nokdaun) holatga tushgan Bokschining o‘ziga kelishi uchun referi kurashni vaqtincha to‘xtatadi va hisob ochadi. 10 srch. (soniya) vaqt ichida u kurashga tayyor ekanini bildirmasa referi uni nokaut bo‘lgan (engilgan) deb hisoblaydi. Tomonlardan biri raqibini nokaut qilsa, ochkolar farqini 15 taga yetkazsa, shuningdek bir tomon yengilganini tan olsa (murabbiyi arqonga sochiq tashlasa), referi tomonidan chetlatilsa, zarb ta’sirida tanasining jarohatlangan joyidan qon okishi kamaymasa (tibbiyot xodimi xulosasiga ko‘ra) kurash muddatidan oddin to‘xtatiladi va ikkinchi tomon g‘olib sanaladi. Xalqaro Boks musobaqalari 12 vazn toifasida (48, 51, 54, 57, 60, 63,5, 67, 71, 75, 81, 91 kg gacha va 91 kg dan yuqori) tashkil etiladi. Asosiy musobaqalarga 18 yoshga to‘lganlar qo‘yiladi. 16—17 va 14—15 yoshlilar o‘rtasida ham musobaqalar uyushtiriladi. Shuningdek, ayrim federatsiyalar Boksni ommalashtirish maqsadida o‘smir o‘spirinlar o‘rtasida 12 tadan ko‘proq vazn toifasida ham musobaqalar o‘tkazishadi.
Jahonda professional Bokschilar (Boksni kasbga aylantirganlar) o‘rtasida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Ularni jahon Boks kengashi (WBC), jahon Boks assotsiatsiyasi (WBA), xalqaro Boks federatsiyasi (IBF) va jahon Boks tashkiloti (WBO) uyushtiradi. Professional Boksda qo‘lqoplar birmuncha yengil — taxm. 227 g (8 untsiya), raundlar soni 6, 8, 10, 12 ta bo‘ladi. Har bir raund 3 daqiqadan. Musobaqalar 17 vazn toifasida (47,627; 48,988; 50,802; 52,163; 53,524; 55,338; 57,153; 58,967; 61,235; 63,503; 66,678; 69,853; 72.575; 76,203; 79,379; 88,450 kg gacha va 88,450 kg.dan yuqori) tashkil etiladi. U. Pep, S. Liston, MuhammadA/sh, J. Formen, M. Tayson, E. Xolifild (AQSh), L. Lyuis (Buyuk Britaniya) kabi professional Bokschilarning nomlari mashhur.
O‘rtaosiyo industrial instituti talabalari T.Baybekov, S.Aganov, N.Kashirin, A.Abdurasulov, T.Akayev Respublikadagi 1936-1938y.talabalari o‘rtasidagi eng kuchli bokschilar deb hisoblanar edi. Ularni S.L.Djakson mashq qildirgan.
Birinchi O‘zbekiston birinchiligi musobaqalari 1935 yilda o‘tkazilgan, bu paytda Respublikamizning Kogon, Qo‘qon, Farg‘ona, Andijon shaharlarida boks rivojlangan edi.
Eng yengil vaznda birinchi o‘rinni egallagan Davidov R. (Toshkent)
Eng yengil vaznda Lyubitskiy L. (Toshkent)
O‘rta yengil vaznda Loshinin (Toshkent) Yengil vaznda Udalov (Farg‘ona)
Yarim o‘rta vaznda Indin (Toshkent)
O‘rta vaznda Derenikyan (Toshkent)
O‘rta og‘ir vaznda Gongadze (Toshkent)
Vladimir Agronov, Fedor Vasilev vaAleksey Baranovlar shu vaqtda SSSR sport ustalari bo‘lishgan.1954 yilda SSsR da bo‘lib o‘tgan guruhlar birinchiligidagi O‘zbekiston boschilarining qatnashishini eng yaxshi deb xisoblasa bo‘ladi, u yerda ular to‘qqizinchi o‘rinni egallashgan. Guruh uchun respublika chempionlari Sh.Zakirov (kichigi), V.Agaronov, V.Mikryukol, F.Vasilev, Sh.Zakirov (kattasi), N.Xusnutdinov, S.Polyakov, V.Misyura, Ye.Kuznetsov, I.Yusupovlar ishtirok etishgan. “Sovet sporti” gazetasida o‘zbek bokschilarinig texnik taktikasi va jismoniy tayyorgarligi ancha yaxshilanganligiga urg‘u berilgan edi.
SI Spartakiadasi boshlanishi, O‘zbekistonda boksning ommaviy rivojlanishiga olib keldi. Quyidagi jadvalda O‘zbekistonlik sportchilar Sovet Ittifoqimillatlari orasida qanday natijalarga erishganliklari ko‘rinib turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |