1-§. Informatsion sistemalar taraqqiyoti bosqichlari.
Axborot inson hayotida modda, energiya kabi muhim o‘rin tutar ekan undan oqilona foydalanishni taqazo etadi. Kerakli axborotsiz biror vazifani bajarish mushkul. Bundan tashqari zarur axborotga o‘z vaqtida ega bo‘lish ham muhimdir. Zamonaviy ishlab chiqarish dunyoning turli chekkalaridan xilma xil axborotlarni tez va kerakli ko‘rinishda qabul qilish yoki uzatishni talab etadi. Bugungi kunda axborotni uzatish va qabul qilish vositasi sifatida telefondan keng foydalaniladi. Ammo zamonaviy ish yuritishda bu yetarli emas. Hozirda kompyuter tarmoqlarisiz ish yuritishni tasavvur qilish mushkul. Oddiy aviachiptalardan tortib, kosmosni tadqiq qilishgacha bo‘lgan jarayonlarda kompyuter texnologiyalaridan foydalaniladi. Hozirda Internet, IASNET kabi yuzlab xalqaro va biror davlat doirasidagi informatsion sistemalar mavjud va ular inson faoliyati uchun xizmat qilmoqda.
Informatsion sistemalar - bu katta hajmdagi axborotlarni qabul qilish, uzatish, saqlash va talab qilingan axborotni tez izlash kabi vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan sistemalardir.
Informatsion sistemalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim omillar: ortiqcha axborot hajmini qisqartirish, ishonchli axborot yo‘qotilishining oldini olish, axborotdan foydalanish darajasini oshirish, termin va tushunchalarni standartlashtirish, informatsion jarayonlarni mexanizasiyalash va avtomatlashtirish.
Iqtisodiyotning turli sohalarida qayta ishlanadigan axborot hajmining oshib borayotganligi mazkur jarayonga zamonaviy vositalarni ilmiy asoslangan holda qo‘llashni talab etadi.
Informatsion sistemalar o‘z taraqqiyotida quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1- bosqich (1960 yillar boshlari). Bu davrda informatsion sistemalar birinchi va ikkinchi avlod mashinalari asosida o‘z informatsion massiviga ega bo‘lgan alohida amaliy dasturlar majmui shaklida tashkil etilgan. Bu ham mashina xotirasida ma’lumotlarning bir necha bor takror ifodalanishiga olib keldi. Mazkur sistemalardagi amaliy dasturlarda ma’lumotlar har safar qayta tavsiflanib, ularni izlash va tartiblash usullari oddiy amallar ketma-ketligi shaklida ifodalanar edi. EHM xotirasida ma’lumotlarning o‘zgartirilgan shaklidan tashqari ularning avvalgi ko‘rinishlari ham saqlanar edi. Bu hol foydalanuvchi uchun yaratilgan dasturdagi ko‘rsatmalarda har safar o‘zgartirishlar kiritilishini talab etar edi.
Bularning barchasi informatsion sistemalardan foydalanish samarasini pasaytirib, ularni yaratish uchun haddan tashqari ko‘p mehnatni talab etar, bir xil ma’lumotlarning takrorlanishi ham mashina xotirasining samarasiz ishlatilishiga olib kelar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |