Oltinchidan, iqtisodiyotni boshqarishda davlat aralashuvinikeskin kamaytirish lozim.
Bugungi kunda mamlakatimizda 603 ta aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularning 486 tasida davlat ulushi 52 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Yoqilgʻi-energetika, neft-gaz, kimyo, transport va bank sohalarida davlat ishtiroki yuqori darajada saqlanib qolayotgani ularni bozor mexanizmlari asosida rivojlantirish, investitsiyalar jalb etishga toʻsqinlik qilmoqda. Ayrim vazirliklar oʻzi nazorat qiladigan sohadagi korxonalarda taʼsischi ekani erkin va sogʻlom raqobatga yoʻl bermayapti, buniyam bugun ochiq aytish kerak. Bunday tizimni endi oʻzgartirmasak, ushbu tarmoqlarda ham va umuman, iqtisodiyotda barqaror rivojlanishga erishib boʻlmaydi.
Davlat aktivlari tartibsiz boshqarilayotgani ham samaradorlikka salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda 972 ta davlat korxonasi aktivlarining atigi 21 foizi Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan, qolgan 79 foizi vazirlik va idoralar hamda xoʻjalik birlashmalari tomonidan boshqarilmoqda. Bunday yondashuv soʻnggi 27 yil davomida davlat korxonalarini qanday ahvolga olib kelgani hech kimga sir emas. Aviasozlik sanoati kabi butun bir soha yoʻq boʻlib ketdi.
Mavjud tizimni tartibga solish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni mustaqil agentlik etib qayta tashkil qilish lozim. Bu Agentlik davlat mulkini boshqarish, davlat korxonalarini isloh qilish, aksiya va obligatsiyalar chiqarish yoʻli bilan ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish, xususiylashtirish jarayonlariga bosh-qosh boʻladi. Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda mazkur taklifni amalda joriy etish vazifasi topshiriladi.
Yettinchidan, biz erkin bozor tamoyillarini oʻrnatmoqchi ekanmiz, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini isloh qilish va rivojlantirish orqali sogʻlom raqobat muhitiniyaratishimiz shart.
Bu borada birinchi qadam sifatida “Oʻzbekenergo” va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” tizimini tubdan isloh qilish haqida qarorlar qabul qildik. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, parvozlarni amalga oshirish, aeroportlarni boshqarish va aeronavigatsiya xizmatlari bir-biridan ajratildi. Kelgusi yilda boshqa strategik tarmoqlarni ham, jumladan, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzkimyosanoat” jamiyatlari, Navoiy kon-metallurgiya kombinatini bosqichma-bosqich isloh qilishni davom ettiramiz. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi va uning narxini belgilash amaliyotini butunlay qayta koʻrib chiqib, bozor tamoyillarini joriy etish zarur. Vazirlar Mahkamasiga ushbu masalalar yuzasidan ikki oy muddatda Hukumat dasturlari va “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish topshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |