“Startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom “startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ilmiy-texnik kengash — ilmiy izlanishlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha Buyurtmachining ilmiy siyosatini amalga oshirishga va ishlab chiqishga, “startap” loyihalarni baholashga, ekspertiza qilishga va natijalarini amalga oshirish ishlarini monitoring qilishga ko‘maklashuvchi, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi, yetakchi olimlar, ekspertlar, mutaxassislar hamda davlat organlarining yuqori malakali mutaxassislaridan iborat tarkibdagi ilmiy-texnik jamoa;
Oldingi tahrirga qarang.
ishchi organ — “startap” loyihalarni baholashda texnik ta’minlash va ko‘maklashishni, shuningdek, loyihalar monitoringini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining mas’ul tarkibiy bo‘linmasi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
kollegial organ — O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hay’ati;
“startap” kompaniya — ilmiy, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini ilgari surish hamda tijoratlashtirish uchun tashkil etiladigan yuridik shaxs;
“startap” loyihalar — amalga oshish xavfi yuqori bo‘lgan sharoitda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratuvchi innovatsion ishlanmalarning qo‘llanilishi, ko‘lami va tez o‘sish sur’ati bilan farqlanadigan yangi biznes loyiha;
talabnoma beruvchi (talabgor) — loyiha egasi va/yoki “startap” loyihani ishlab chiqqan shaxs.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Nizomga muvofiq tasdiqlangan “startap” loyihalar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) orqali moliyalashtiriladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
“Startap” loyihalar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3698-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilgan mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. “Startap” loyihalar tanlovini e’lon qilish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Buyurtmachi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
5. Buyurtmachi e’longa muvofiq talabnoma beruvchi tomonidan topshirilgan “startap” loyihalarni xo‘jalik birlashmalariga, tijorat banklariga va venchur jamg‘armalarga kelgusida moliyalashtirish masalasini ko‘rib chiqish uchun tavsiya qilish huquqiga ega.
6. “Startap” loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish mazkur Nizomga ilova qilingan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.