Natijalar. Shoir Eshqobil Shukur sheʼrlarida ham ko‘makchilashgan birliklardan foydalanish fikrning obrazliligi, serbo‘yoqligini yanada kuchaytiradi. Masalan, shoirning “Chanqovuz” sheʼrida “qaʼr” so‘zining ko‘makchilashgan holda ishlatilishi alohida bo‘yoqdor va betakror ifodaning yaratilishiga asos bo‘lgan:
Chanqagan og‘zim mening, charnagan o‘zim mening,
Qalbning yorug‘ qaʼridan sinmas til topib oldim… [5,2]
Ayniqsa, ko‘makchilashgan birlikning “qalb” so‘ziga nisbatan ishlatilishi uning matndagi estetik vazifasini yanada yorqinroq ko‘rsatgan.
Shoir she’riyatida ot so‘z turkumiga kiruvchi so‘zlarning ko‘makchilashganini ko‘proq uchratish mumkin:
Shiftiga jon tirmashgan kasalxonaning
Oppoq xalat kiygan xonalarida
Osma ukollarning ostida yotgan
Daryolarni ko‘rdim... sariq daryolar...[5,2]
Yuqoridagi parchada ot so‘z turkumiga kiruvchi “ost” so‘zi qaratqich kelishigidagi “ukol” so‘ziga bog‘lanib, o‘zining mustaqil ma’nosini yo‘qotib ko‘makchilashgan va she’rda bemor odam holatining yorqin ifodasini ochishga xizmat qilgan.
Quyidagi parchadagi birliklar tarkibida esa egalik va kelishik shakllari qotib qolib ko‘makchilashish jarayoni sodir bo‘lgan:
O, uyatchan namozshomgullar,
Qo‘shiq aytay shom chog‘i sizga.
Dardlarimni qo‘yarsiz yo‘llab
Olisdagi tanishingizga...[5,7]
Quyidagi ko‘makchilashgan so‘z esa o‘quvchini o‘yga toldiragan o‘zgacha falsafiy tasvirning yaratilishiga asos bo‘lgan:
Endi yurak faslida
Bulbullar qaytib kelar.[5,19]
Eshqobil Shukurning ayrim ko‘makchilashgan birliklarga murojaati poetik uslubga xos orginal o‘xshatishlarning yuzaga kelishiga asos bo‘lgan. Masalan,
Shamolning etagidan
Tutib bo‘zlaydi xayol…[5,19]
Alohida mustaqil leksema sifatida inson azolarini ifodalovchi so‘zlarning ko‘machilashishi maʼno ko‘chishining paydo bo‘lishiga asos bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin:
…Vahm tush og‘ushida
Chayqalib qo‘yar ovul.
Ko‘zlarini ishqalab
Uyg‘onadi qorovul.[5,4]
Yana bir o‘rinda aynan “og‘ush” ko‘makchisiga sinonim bo‘lgan “bag‘ir” ko‘makchilashgan birligi o‘zining matndagi semantik xarakterini namoyon qilganini ko‘rishimiz mumkin:
Betxoven qulog‘in ochguvchi ohang,
Tumanlar ortida charsillagan nur;
Sohir koinotda sakkizinchi rang,
Ummonlarning bag‘ri boy berishgan dur,
Qani, sening ovozing?.. [5,21]
Eshqobil Shukur ijodida inson azolarini ifodalovchi birliklarning juda ko‘p ishlatilishi shoir she’riyati tilining xarakaterli jihati deyish mumkin. Jumladan, quyidagi parchada ham tabiiy jarayonlar bilan bog‘liq birliklar ifodasida ko‘makchilashgan so‘zlarni qo‘llab o‘ziga xos tasvir yaratgan:
Bulutlar qorlarning qo‘ynida uxlar,
Cho‘l qisirlar ayoz qamchilaridan.
Qirlar tun betiga ufurgan uhlar
Muzlaydi iztirob tomchilariday… [5,29]
Shoir yuqoridagi parchada qorga nisbatan qo‘llagan ko‘makchini yana bir she’rida o‘rmonga nisbatan ham ishlatib birlikning yana bir imkoniyatini ochib bergan:
Yomg‘irlarning mavjida
Yuvilar qonli tana.
Qora o‘rmon qo‘ynidan
Qaytar bug‘ular yana…[5,48]
qor qo’yni
Shu o‘rinda “qo‘yin” so‘zining ko‘makchilashgan ko‘rinishi quyidagi so‘zlarga bog‘lanib o‘zining pragmatik jihatini namoyon qilgan:
o’rmon qo’yni
Qo’yin
o’tov qo’yni
Quyidagi parchada ham ko‘makchilashgan so‘zlar individual o‘xshatishni yuzaga keltirgan lingvistik vosita sifatida sheʼrning o‘ziga xos jozibadorligini taʼminlagan. Ya’ni “o‘tov qo‘yni” va “o‘choq bo‘yni” she’rning ohangdorligini oshirish bilan birga, matndagi tasvirning jonli ifodasini ham oshirgan:
Zap qorindor o‘tov qo‘ynida
Bolalarin uxlatdi cho‘pon.
Oyoq tirab o‘choq bo‘yniga
Qurbaqaday biqirlar qumg‘on… [5,28]
O‘tov tasviriga bag‘ishlangan xuddi she’rda shoir “qo‘yin”, “bo‘yin” kabi ko‘makchilashgan birliklarga shakliy va mazmuniy mos holatda “yuz” so‘zini ham qo‘llaydi:
Kunduzlarni o‘choqqa qalab,
Tun yuziga sepgancha olov,
Muzlab kolgan cho‘lni yelkalab,
Bukchaygancha ketmoqda o‘tov…[5,28]
Quyidagi ko‘makchi ham yuqoridagi ko‘makchilashgan so‘zlar kabi matnning alohida ohorini ta’minlagan va “tomon” ko‘makchisiga, -ga kelishigiga sinonim bo‘la oladi:
Bu yil ham so‘ng manzil qoshiga borgan,
Ne topib, nelarni yo‘qotar ko‘ngil.
Sendan akangga deb berib yuborgan
Onamning allasin yo‘qotma, singil…[5,15]
Shu o‘rinda e’tiborni tortgan “deb” so‘zi ham ko‘makchilashgan fe’l sanalib, ayni matnda “uchun” ko‘makchisi ifodalaydigan “atalganlik” ma’nosida ishlatilgan. Fe’l so‘z turkumidagi so‘zlarning ko‘makchiga o‘tishidan hosil bo‘lgan birliklar Eshqobil Shukurning boshqa she’rlarida ham o‘ziga xoslikni ta’minlagan:
Erta visoliga qarab shoshgayman,
Yongan yuragimni tabriklar yo‘llar… [5,51]
Yuqoridagi parchada fe’lning ravishdosh shakli ko‘makchilashgan bo‘lsa, boshqa bir she’rda sifatdosh shaklining ko‘makchilashgan ko‘rinishini ko‘rishimiz mumkin:
…Men baxtning qiroli bo‘lib chiqaman
Baxtli kun atalgan namoyishga...[5,19]
Eshqobil Shukur she’riyatida faol ko‘makchilarga sinonim sifatida ishlatilgan ko‘makchilashish jarayoni davom etayotgan birliklarni ham ko‘rishimiz mumkin:
Suv ustida, suvlar ustida
Yuraklarim chisirlaydi-ey,
Ishq dastidan, hijron dastidan
Suyaklarim qisirlaydi-ey.
…Yo‘l ustida, yo‘llar ustida
Oyoqlarim yurak bo‘ldi-ey,
Ishq kasridan, hijron kasridan
Umrim faqat tilak bo‘ldi-ey…[5,8]
She’rda ko‘makchilashish jarayoni davom etayotgan “dastidan”, “kasridan” so‘zlari “sababli” ko‘makchisiga sinonim bo‘la oladi. Ahamiyatli jihati bu birliklar matnda takror holatda ishlatilib, o‘zining pragmatik vazifasini yaqqol namoyon etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |