ARABISTON YARIM OROLI
Islom dinining beshigi bo‘lgan Arabiston yarim oroli arablarning ilk vatanidir. “Arab” kalimasining lug‘aviy ma’nosi cho‘llar, sahrolar, giyoh unmaydigan suvsiz, qurg‘oq yerlar deganidir. Bu kalima qadim zamonlardan beri Arabiston yarim oroliga nisbatan ishlatilgan bo‘lib, keyinchalik shu yerda yashagan va uni o‘zlari uchun vatan qilib olgan xalqqa ham xuddi shu nom berilgan. Osiyo qit’asining janubi-g‘arbida joylashgan bu zamin g‘arbdan Qizil dengiz va Sinay yarim oroli bilan, sharqdan Fors va Ummon ko‘rfazlari, janubdan Arab dengizi va Adan ko‘rfazi bilan, shimoldan Iroqning katta qismi va Shom dashti bilan chegaralangan.1
Jo‘g‘rofiya olimlari Arabiston yarim orolini tabiiy joylashishiga qarab, besh qismga bo‘lganlar:
1. Tihoma (التهامة): Qizil dengiz sohillariga yondosh (parallel) holda joylashgan uzun pasttekislik bo‘lib, shimolda Yanbu’ shahridan to janubda Najrongachadir. Bu mintaqada issiq qattiq bo‘lib, shamol esmagani uchun “Tihoma” deb nomlangan. Tihoma “jazirama issiq” ma’nosidagi (تهم) so‘zidan olingan.
2. Saro tog‘ tizmasi (سلسلة جبال السراة): Qizil dengiz sohillariga yondosh (parallel) balandliklar bo‘lib, Tihoma pasttekisligining sharqiy tarafida joylashgan. Shimolda Aqaba ko‘rfazidan to janubda Yamangacha cho‘zilgan Arabiston yarim orolining umurtqasini tashkil qiluvchi bu tizma yarim orolni ikkiga – g‘arbiy va sharqiy qismlarga bo‘lib turadi. Tizmaning shimoliy qismi Madyan tog‘lari, janubiy qismi Asir tog‘lari, o‘rtasi esa Hijoz deb nomlanadi. Hijozda Makka, Madina, Jidda, Toif, Tabuk kabi shaharlar bor. Bu hudud Tihoma pasttekisliklari bilan Najd tepaligi orasini to‘sib-ajratib turgani uchun Hijoz (baland devor, to‘siq) nomini olgan.
3. Najd tepaligi (هضبة نجد): Najd o‘lkasi Arabiston yarim orolining o‘rtasidagi baland yerlardir. Shuning uchun bu yerga baland yassitog‘lik ma’nosidagi “Najd” nomi berilgan. Janubda Yamangacha, shimolda Iroqqacha, sharqda esa Aruz mintaqasigacha bo‘lgan katta hududdir.
4. Yaman (اليمن): Arabiston yarim orolining janubi-g‘arbiy burchagida joylashgan tog‘li mintaqa. Sharqda Hazramavt, Mahra va Ummon bilan bog‘lanadi. Arabiston yarim orolidagi eng baland tog‘lar aynan Yamanda joylashgan bo‘lib, San’o shahrining janubi-g‘arbida 3750 metrga yetadigan cho‘qqilari bor.
5. Aruz (العروض): Bu hudud Yamoma, Ummon va Bahrayn davlatlarini o‘z ichiga oladi.
Saraton doirasi ekvatorning shimoliy tarafida Arabiston yarim orolini 23,5 darajada kesib o‘tgani tufayli, bu yerda issiq qattiq bo‘ladi, ayniqsa, yoz faslida.
Hozir Arabiston yarim orolida yettita davlat mavjud. Ularni maydonining katta-kichikligi e’tiboriga ko‘ra quyidagi tartibda bayon qilamiz:
• Saudiya Arabistoni. Maydoni: 2,248,000km2.
• Yaman jumhuriyati. Maydoni: 472,099km2.
• Ummon sultonligi. Maydoni: 306,000km2.
• Birlashgan arab amirliklari. Maydoni: 83,000km2.
• Quvayt. Maydoni: 17,818km2.
• Qatar. Maydoni: 11,437km2.
• Bahrayn. Maydoni: 694km2.
Arabiston yarim orolining umumiy maydoni: 3,139,048km2.
___________________________
1.Manba: azon.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |