Ilm-fan, ilmiy bilim, ilmiy tadqiqot, ilmiy etika tushunchalari.
Ilm-fan tushunchasining mohiyatini tushunish, muayyan fan sohasida ilmiy izlanishlarni amalga oshirish bilim olish, ilmiy tadqiqot yuritish tushunchalarini anglab olishni taqozo etadi. Bilim olish, avvalo, voqelikni idrok etishdan boshlanadi, so`ngra atrof-borliq bilan kengroq tanishish, qiziqqan sohasi bo`yicha fanlarni o`qib-o`rganish bosqichlariga o`tiladi. Ilmiy izlanishlar asosan yuqori ta’lim bosqichlaridan boshlanadi va asta-sekin ilmiy tadqiqiy faoliyatga o`tiladi Ilmiy tadqiqot ishining maqsadi ilmiy bilimlarni chuqurlashtirish, voqelik haqidagi obyektiv bilimlarni egallashdir.
Ma’lumki, fanda har qanday yangi ilmiy dalilni aniqlashning o`zi bilan ilmda kashfiyot yaratib bo`lmaydi. Fanda kashfiyot, ixtiro qilish uchun yangi ilmiy dalillarni fan nuqtai nazaridan asoslash, ularning nazariy va amaliy ahamiyatini ko`rsatish kerak bo`ladi. Ilmiy tadqiqiy faoliyatning boshlanish nuqtasi ilmiy izlanishlardan boshlanadi, buning uchun dastlab noma’lum bo`lgan yangi jarayonlar va hodisalarni oldindan ko`ra bilish, dolzarb muammolarni aniqlash va ularning yechimi haqida muayyan farazlarni ilgari surish talab etiladi. Tadqiqot ishi muayyan soha bo`yicha qo`yilgan aniq maqsad va tadqiqotchining shaxsiy farazidan kelib chiqib rejalashtiriladi.
Har qanday ilmiy tadqiqotning asosiy maqsadi obyektni o`rganish, yangi natijalarni oldindan ko`ra bilib, hodisalarning kelgusidagi rivojini bashorat qilish, dalillarni aniqlash va tahlil qilish, tasniflash va umumlashtirish, kashf qilingan ilmiy yangiliklarni aniqlab, amaliy tavsiyalar berishdan iborat. Aniq maqsad va qat’iy reja asosida olib borilgan, zamonaviy usul va vositalar bilan ta’minlangan, aniq hisob-kitoblar asosida olib borilgan tadqiqotgina tabiat va jamiyatdagi obyektiv qonuniyatlarni ochish va teran bilishga imkon yaratadi.
Aytilganlardan quyidagi xulosaviy fikrlarga kelish mumkin: ilmni egallash tabiat, inson va jamiyat haqidagi juda aniq maksimal ob’ektivlashtirilgan bilimni olishga qaratilgan ilmiy izlanish jarayonidan iborat; mazkur jarayon mobaynida to`plangan bilim ilmiy axborot deb nomlanadi; ilmiy faoliyati ilmiy bilim olish, qayta ishlash va saqlashdan iborat bo`lgan faoliyat turidir. Demak, ilm-fan - bu kishilik jamiyatining o`z-o`zini va atrof-olamni anglashga urinishi jarayonida qo`lga kiritgan jamiki aniq, obhektiv, barcha uchun teng darajada muhim bo`lgan bilimlari jamlanmasidir.
Ilm-fanni egallashning bosh maqsadlardan biri bilim olishdir. Inson faoliyatining barcha sohalarida bilim maqsadga erishishning alohida vositasi hisoblanadi. Ilmiy bilim nazariy, kontseptual xususiyatga ega bo`lib, u ratsional va isbotlangan, yahni verifikatsiyalangan bo`ladi. Ilmiy bilimning o`ziga xosligi maxsus sohasi sifatidagi fanning shakllanishi va uni o`rganish yo`llarining o`ziga xosligida namoyon bo`ladi. Bilishning kumulyativ, to`plash xarakteriga egaligi ilm-fan rivojining eng muhim omillaridan biridir. Aynan shu o`ziga xoslik jihati har bir tarixiy bosqichda ilm-fanning o`tmishdagi yutuqlarini jamlashga va har bir natijasini “...umumiy fondga ajralmas qism sifatida olib kiradi, ularni keyingi muvaffaqiyatlari bilan yo`q qilmaydi, faqatgina ularga aniqlik kiritadi”.
Ilmiy bilim olish ikki jarayon – differentsiatsiya va integratsiya jarayonlarini qamrab oladi. Differentsiatsiya o`rganilayotgan obyekt xususiyatlarini boshqalaridan farqlash orqali o`rganish, alohidalash, integratsiya esa birlashtirish, bir-biriga yaqinlashtirish tushunchalarini anglatadi. XX asrga kelib, ayniq integratsiya, integrativ yondashuv ustuvor yo`nalish bo`lib qoldi. Aslida ilmiy bilim jarayonida biror metodning ustuvorligi haqida gapirish mumkin emas, chunki ilmiy izlanishda qo`llanadigan usullarning aspekti haddan ziyod keng qamrovli va xilma-xildir. Biroq ilm-fanni egallashda nihoyatda kerak bo`ladigan ikkita muhim metodologik omilni alohida qayd etish lozim. Bulardan birinchisi axborot tuzilmasi va umumiy xususiyatlarini maxsus o`rganish zarurati tufayli axborotni to`plash va faoliyat yuritish jarayonini optimal darajada tashkillashtirish edi. Bu informatika, axborotlashtirishning paydo bo`lishiga olib keldi. Ikkinchisi esa ilm-fanning ilmiy idrok etilishi, ilmiy o`rganilishi, ya’ni ilmiy bilish obyektiga aylanishi bo`lib, buning hosilasi sifatida ilmshunoslik fani yuzaga keldi.
Jamiyatning fanga va fanning jamiyatga bo`lgan munosabatlari nafaqat uyg`un, ayrim hollarda hatto zid xarakterga ega bo`lishi ham mumkin. Fan nafaqat atrofdagi dunyo haqida obyektiv bilimlarni aniqlaydi, to`playdi va jamiyat, tabiatni rivojlantirish uchun xizmat qiladigan vositalarni yaratib beradi, balki unga ziyon keltiradigan vositalarni yaratishi ham mumkin. Demak, bilimlar rivojining oliy darajasi insondan tafakkur va kasbiy mahoratning tamoman yangi darajasini hamda yuqori ma’naviyat va axloqiy mashuliyatni ham talab qiladi. Aynan yuqori ma’naviyat va axloqiy mashuliyat, ya’ni insoniyat, jamiyat, tabiat oldida mas’ullik hissiga ega bo`lish insonni ilm-fanni faqat yaxshilik maqsadida egallash, yaxshilikka xizmat qildirish, jamiyatni rivojlantirish yo`liga sarflashga qaratishdek oliy va ezgu niyatlarni yuzaga keltiradi. Bu ilmiy mafkura, ilmiy etika tushunchalarini ham yuzaga keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |