GISTOLOGIYA, SITOLOGIYA VA
EMBRIOLOGIYADA QO`LLANADIGAN TADQIQOT
USULLARI
Gistologiyada qo`llanadigan tadqiqot usullari bir necha xil. Ular maxsus qo`llanmalarda batafsil keltirilgan. Darslikning mazkur bobida gistologik preparatlarni tayyorlash va ularni o`rganish usullari qisqacha bayon etiladi.
Zamonaviy tadqiqot usullari tirik va fiksatsiya qilingan tuzilmalarni o`rganishga imkon beradi. Gistologik preparatlar juda yupqa (5 mikrometrdan 50 mikrometrgacha), tiniq va yorug`lik nurini yaxshi o`tkazishi kerak. Gistologik preparat sifatida a’zolarning yupqa kesmalari yoki total (butun) preparat (miyaning yumshoq pardasi), surtma (qon yoki suyak ko`migi surtmasi) qo`llanilishi mumkin. klassik va asosiy tadqiqot usuli a’zo kesmalarining fiksatsiya qilingan va bo`yalgan preparatlari hisoblanadi. Gistologik preparatlarni tayyorlash «Gistologiyadan amaliy qo`llanma»la (Toshkent, 1976) batafsil bayon qilingan.
Gistologik preparatlarni o`rganishning asosiy usuli uni mikroskop ostida ko`rishdir. Zamonaviy mikroskoplar hujayra va to`qimalarning nozik tuzilishlarini o`rganishga imkon beradi. Preparatlar ko`pincha yorug`lik mikroskopi ostida ko`riladi (1-rasm). Elektron mikroskop keng qo`llanilayotgan hozirgi davrda ham yorug`lik mikroskopi o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q.
Optik sistemalarning hal qilish qobiliyatini oshirish va preparatlarni aniq ko`rish uchun oddiy mikroskoplar takomillashtirildi va yangi mikroskoplar ixtiro qilindi.
Hozirgi davrda oddiy yorug`lik mikroskopidan tashqari quyidagi mikroskoplar va ularda ko`rish usullari mavjud.
Korong`i maydonli mikroskopda kurish. Bu mikroskop oddiy mikroskop bo`lib, ko`rish maydoni markaziga nur tushirmaydigan maxsus qorong`i kondensor bilan ta’minlangan. Ob’ekt moliya tushayotgan nur bilan yoritiladi. Bu mikroskop tirik hujayra tuzilmalarini, bo`yalmagan tirik hujayralarni, bakteriyalarni kuzatishga imkon beradi.
Ultrabinafsha nurli mikroskop bilan kurish. Bu mikroskop linzalari kvars (oqtosh, chaqmoqtosh)dan yasalgan bo`lib, u faqat ultrabinafsha nurlarni o`tkazadi. Bunday mikroskopda ko`rish uchun tayyorlangan preparatlar kvarsdan qilingan buyum oynalariga olinadi va kvartsdan tayyorlangan yopqich oyna bilan yopiladi.
1-rasm. Mikroskop (MBR-1).
1-oyog`i; 2-kolonkasi; 3-tubusi: 4-okulyari; 5 - revolrer: 6 - ob’ektivlar; 7 - buyum stolchasi; 8-preparat qisqichlari; 9- makrometrik vint; 10-.mikrometrik vint; 11 - kondensor; 12- kondensor vinti; 13 -diafragma; 14-oynacha.
Bu mikroskop biologik tuzilmalarning tuzilishini chuqurroq o`rganishga sharoit yaratadi.
Lyuminestsent yoki flyuorestsent mikroskopiya. Ob’ektning nurlanishiga lyuminessensiya deyiladi. Yorug`lik manbai bo`lib ultrabinafsha nurlar yoki uzunlik to`lqini 0,27-0,4 mkm bo`lgan spektrning ko`k qismi hisoblanadi. Bu nurlarning ta’siri vaqtida nurlar energiyasi hisobiga preparat nurlanadi - flyuorestsensiya qiladi. Birlamchi va ikkilamchi flyuoressensiya farq qilinadi. Birlamchi flyuoressensiya deb, ba’zi bir moddalarning nur ta’sirida nurlanishiga aytiladi. Bu moddalarga vitamin A va B2, pigmentlar, lipoidlar va boshqalar kiradi. Ikkilamchi flyuorestsentsiya preparatlarni maxsus nurlanuvchi moddalar (flyuoroxrom) bilan ishlanganda hosil bo`ladi. Bu moddalarga to`q sariq akridin, flyuorestsin, rodamin va boshqalar kiradi.
Preparatlarni to`q sariq akridin bilan ishlanganda hujayradagi DNK yashil rangda, RNK esa qizil rangda nurlanadi.
Shunday qilib, turli turdagi nurlanishlarni o`rganish tuzilmalarning ximiyaviy tarkibini bilishimizga yordam beradi.
Fazokontrast mikroskopiya - ob’ektlarning oq-qoraligini (kontrastligini) keskin oshirishga va bo`yalmagan preparatlarni o`rganishga imkon beradi. Tabiiy holatda biologik ob’ektlar tiniq, rangsiz va nokontrast bo`ladi, ya’ni tuzilmalar o`tayotgan nurni bir xil yutadi. Oddiy mikroskopda kontrastlikka preparatlarni bo`yash asosida erishiladi. Kontrastlikni oshirish bilan bo`yalmagan preparatlarning nur sindirish qobiliyati yoki zichligi asosida farqlanuvchi tuzilmalarni ko`rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |