Gulim
Ilk sevgimdan xotiramsan, bayrog’imsan,
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Bir umrlik o’chmaydigan bir dog’imsan,
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Kechagina gulzoringni kezgan edim,
Bo’y taratgan iforingni sezgan edim.
Gulim seni yorimga deb uzgan edim,
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Muhabbatning bog’i to’la tikon ekan,
Orzu qilib yetishganing armon ekan.
Ayt kimlarga bu dunyoda oson ekan,
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Bilganimda bevafoni kutmas edim,
Yuragimni olovlarga otmas edim.
Balki seni ul sanamga sotmas edim.
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Endi bizlar aylandikmi bir gadoga,
Iztirobda ingrab yotgan bir nidoga.
Ikkimizni sotib ketti bir tilloga,
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Bizlar o’shal muhabbatni o’tga soldik,
Nega bilmay adovatni qo’lga oldik.
Kuz bag’rida hazonlarla yolg’iz qoldik
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Ilk sevgidan yelkamizda tog’lar qoldi,
Hazonlari nim sarg’aygan bog’lar qoldi.
Bir umrlik o’chmaydigan dog’lar qoldi.
Bevafo yor qo’llarida qolgan gulim.
Do'stlaringiz bilan baham: |