Ikki pallali mollyuskalar dengiz va chuchuk suvlarda tarqalgan. Ularning boshi bo‘lmaydi. Yon tomondan yassilashgan gavdasi tana va ponasimon oyoq bo‘limlaridan iborat. Ulardan baqachanoq tuzilishi bilan tanishib chiqamiz.
Yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Baqachanoq tinch oqadigan daryolar va sayoz ko‘llar tubidagi loy yoki qumga tanasi ning yarmigacha ko‘milib yashaydi. Chig‘anog‘i tuxumsimon, uzunligi 10–15 sm, oldingi tomoni to‘mtoq, keyingi tomoni esa suyri shaklida. Chig‘anoq pallalari orqa tomondan elastik paylar yordamida tutashgan. Qorin tomonining oldingi qismida chig‘anoqlar orasidagi tirqishdan muskulli ponasimon oyog‘i chiqib turadi. Mollyuska harakat qilganda oyog‘ini chig‘anoqdan chiqarib, suv tubiga tiraydi va tanasini oyog‘i tomonga tortib oladi. Ana shu tarzda harakatlanganda baqachanoq bir soatda atigi 20–30 sm yo‘l bosadi.
Baqachanoq chig‘anog‘ining sirti muguz moddadan iborat, ichki yuzasi har xil rangda tovlanadigan sadaf bilan qoplangan. Chig‘anoq pallalarining ichki yuzasida bir juft yopuvchi mus kullar joylashgan. Bu muskullar qisqarganida pallalar yopiladi. Muskul lar bo‘shash ganda esa orqa tomondagi elastik paylar tortilib, chig‘anoq pallalari ochiladi.
Chig‘anoq keyingi uchining yuqori va pastki tomonida tirqishsimon ikkita teshik – sifon bo‘ladi. Pastki kirish sifoni orqali mantiya bo‘shlig‘iga suv kirib, ustki chiqarish sifoni orqali chiqib ketadi. Chiqarish sifoniga orqa chiqarish, ayirish va jinsiy organlarining teshiklari ochiladi.
Oziqlanishi. Og‘iz teshigi oyoqning asosida joylashgan. Kirish sifoni orqali mantiya bo‘shlig‘iga suv bilan birga organik zarralar, sodda hayvonlar va boshqa mikroskopik jonivorlar kiradi. Og‘iz oldida joylashgan ikki juft paypaslagichlari oziqni tutib qoladi va hazm qilish sistemasiga yo‘naltiradi.
Nafas olish sistemasi. Nafas olish organi – jabralar oyog‘ining ikki yonidagi mantiya bo‘shlig‘ida joylashgan. Jabralarning sirtida va mantiya pardasida joylashgan kiprikchalarning harakati tufayli suv mantiya bo‘shlig‘iga kiradi va jabralarni yuvib, chiqarish sifoni orqali chiqib ketadi. Suvda erigan kislorod jabralarga o‘tadi, jabralardan esa karbonat angidrid suvga ajralib chiqadi. Kislorod jabradan qon oqimi bilan hamma organlarga tarqaladi.
Qon aylanish, ayirish va nerv sistemalari suv shillig‘inikiga o‘xshash. Tanasidagi uch juft nerv tugunlari nerv tolalari yordamida o‘zaro tutashgan. Maxsus sezgi organlari bo‘lmaydi.
Ko‘payishi va rivojlanishi. Baqachanoq ayrim jinsli, lekin erkak va urg‘ochisini farq qilib bo‘lmaydi. Tuxumlari jabralar sirtida rivoj lanadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar suvga chiqadi. Bu lichinkalar chig‘anog‘idagi tishchalar yoki yopishqoq iplari yordamida baliqlarning terisiga yopishib, parazit hayot kechirishga o‘tadi. Parazit ta’sirida baliq terisida shish hosil bo‘ladi. Shish ichida lichinka juda mayda baqachanoqqa aylanadi va suv tubiga tushib, voyaga yetadi.
Ikki pallalilarning xilma-xilligi. Ikki pallalilar 30 000 dan ortiq turni o‘z ichiga oladi. Ko‘pchilik turlari dengizlarda yashaydi. Ular orasida eng yirigi tridaknaning og‘irligi 250 kg ga yetadi. Ustritsa, taroqcha va midiyalar go‘shti uchun ovlanadi; den giz marvariddorlaridan marvarid olinadi. Ayrim mamlakatlarda marvariddorlar, midiyalar va ustritsalar ko‘paytiriladi. Baqachanoq lichinkasi baliqlarda parazitlik qiladi. Sho‘rlangan suvlarda tarqalgan dreysenalar ko‘payib, suv o‘tkazadigan quvurlarni ishdan chiqarishi mumkin. Mamlakatimiz havzalarida baqachanoqlar va dreysenalar uchraydi. Ikki pallali mollyuskalar suvdagi mikroorganizmlar va mayda organik zarralarni filtrlab oziqlanishi tufayli suv havzalarining tozalanishiga yordam beradi.
Boshoyoqli mollyuskalar sinfi. Boshoyoqlilar oyog‘ining ol dingi qismi o‘zgarib, paypaslagichlarni hosil qiladi. Gavdasining uzunligi 1 sm dan 5 m gacha bo‘lib, bosh va tana qismlariga ajraladi. Oyoqlari asosida voronkasi joylashgan. Tanasi qalin muskulli mantiya bilan o‘ralgan. Chig‘anog‘i yo‘qolib ketgan. Og‘iz teshigi atrofida 8 yoki 10 ta paypaslagichlari bo‘ladi. Paypaslagichlarida juda ko‘p so‘rg‘ichlar joylashgan.
Boshoyoqlilarning bosh miyasi juda kuchli rivojlangan bo‘lib, ular xilma-xil va murakkab reflekslar hosil qiladi. Boshoyoqlilar mantiya bo‘shlig‘iga suv o‘tib turadi. Ular suvni mantiya bo‘shlig‘idan voronkasi orqali katta bosim ostida siqib chiqarib, reaktiv harakat qiladi. Orqa ichagiga siyoh xaltasi yo‘li ochiladi. Ular xavf tug‘ilganida suvga siyoh chiqarib, dushmandan qutulib qoladi.
Boshoyoqli mollyuskalar okean va ochiq dengizlarda tarqalgan; tropik dengizlarda, ayniqsa, ko‘p uchraydi. 650 ga yaqin turi ma’lum. Kalmar, karakatitsa, sakkizoyoqning asosiy ozig‘i krab lar, baliqlar, mollyuskalar hisoblanadi. Ular go‘shti uchun ko‘p lab ovlanadi.
Savol va topshiriqlar
Baqachanoq qanday oziqlanadi va nafas oladi?
Baqachanoq qanday rivojlanadi?
Ikki pallalilarning qaysi turlari dengizlarda uchraydi?
Boshoyoqlilar qanday tuzilgan?
Boshoyoqli mollyuskalarning murakkab tuzilish belgilari nimadan iborat?