Uchinchidan, har bir din o`z qavmlari turmushini tartibga solib, nazorat qiluvchilik-regulyatorlik vazifasini bajaradi. Dinlar o`z urf-odatlarining, marosim va bayramlarining qavmlari tomonidan o`z vaqtida, qat’iy tartibga amal qilgan holda bajarilishini shart qilib qo`yadi.
Masalan, islomda kuniga 5 mahal namoz o`qilishi, har hafta juma namozini jome masjidlarda ado etilishi, Ramazon oyida bir oy ro`za tutilishi, ro`za ('iyd al-fitr) va qurbon ('iyd al-adxo)hayitlarining nishonlanishi musulmonlarning hayot tarzini tartibga solib turadi.
To`rtinchidan, din aloqa bog‘lashlik - kommunikativlik vazifasini ham bajaradi, ya'ni har bir din o`z qavmlarining birligini, jamiyat bilan shaxsning o`zaro aloqadorlikda bo`lishini ta'minlashga intiladi. Bunda u yoki bu dinga e'tiqod qiluvchi kishilarning o`z dinidagi boshqa kishilar bilan aloqador ekanligi, o`zaro huquq, va burchlarining borligi, urf-odat va ibodatlarni jamoa bo`lib bajarilishi lozimligi nazarda tutiladi.
Beshinchidan, dinning integratorlik vazifasi bilan legitimlovchilik-qonunlashtiruvchilik vazifasi chambarchas bog‘liq. Dinning bu funktsiyasining nazariy asosini yirik amerikalik sotsiolog T. Parsons ishlab chiqdi. Uning fikricha, "har qanday ijtimoiy tizim muayyan cheklovlarsiz mavjud bo`la olmaydi. Buning uchun u qonun darajasiga ko`tarilgan axloq normalarini ishlab chiqishi kerak. Din bunday normalarni qonunlashtiribgina qolmay, ularga bo`lgan munosabatni ham belgilaydi".
Oltinchidan, din vazifalarining falsafiy, nazariy jihatlari ham mavjud. Bu vazifa insonga yashashdan maqsad, hayot mazmunini, dorulfano va dorulbaqo dunyo masalalariga o`z munosabatini bildirib turishidan iboratdir.
“Inson qachondan beri Xudoga ishonib keladi?” “Din qachon paydo bo`ldi” kabi savollar doimo olimlarni qiziqtirib, o`ylantirib kelgan. Mazkur izlanishlar necha asrlardan beri davom etib kelayotgan bo`lsa-da, xali hanuz bu borada bir to`xtamga kelinmagan. Umumiy ma'noda, bugungi kunda fanda dinlarning shakllanishi tarixiga oid ikki xil qarash mavjud.
Birinchi qarashga ko`ra dinning paydo bo`lishi bevosita insoniyatning yaralishi bilan bog‘liq. Xudo ilk insonlarni yaratishi bilan ularga O`zini tanitdi, natijada inson ilk dinga e'tiqod qila boshladi. Bunday qarash fanda “teologik yondashuv” deb nomlanadi. Bugun mavjud bo`lgan har qanday din o`zining tarixini insoniyat yaralishi – ilk inson bilan bog‘lashini ko`rishimiz mumkin. Jumladan, islom dinida – Odam va Havvo, yahudiylik va xristianlikda – Adam va Eva, zardushtiylikda – Govmard, sintoizmda – imperator Mikado va boshqalar. Mazkur ta'limotlar dinlarning muqaddas manbalarida bayon qilingan.
Dinlarning kelib chiqishi haqidagi ikkinchi qarash fanda “materialistik yondashuv” deb nomlanadi. Mazkur qarashlarning paydo bo`lishi antik davrga borib taqalib. Ilk bor qadimgi yunon faylasuflari qarashlarida aks etgan. XVII asrga kelib Evropada cherkov hokimiyatining susaya boshlashi, hurfikrlik namoyandalari bo`lmish din tanqidchilarining paydo bo`lishi, XIX asrning ikkinchi yarmid Charlz Darvin tomonidan “Turlarning kelib chiqishi” (1859) nomli asarning chop etilishi ham turtki bo`ldi. Keyinchalik mazkur qarashlar Avgust Kont va Lyudvig Buxnerlar tomonidan eng cho`qqisiga ko`tarildi. Unga ko`ra din bu ijtimoiy hodisa, inson tafakkuri, emotsiyalari mahsulidir. Mazkur qarash tarafdorlari fikricha, dinlar soddadan – murakkabga, umumiylikdan – xususiylikka, ko`pxudolikdan – yakkaxudolikka tomon uzoq tarixiy evolyutsion jarayonni bosib o`tgan. Unga ko`ra, ilk davrdagi ibtidoiy odamning jismoniy, fiziologik, asab-endokrin, biologik, psixologik va boshqa sohalari o`ziga xos xususiyatlarga ega edi. Bu nafaqat uning hayoti va faoliyatiga, fe'l-atvoriga, balki uning fikrlash darajasiga, kuchli hayajonlanishiga, tasavvur etishiga, mustahkam, haqiqiy yoki soxta mantiqiy qonuniyatlarni kashf etishiga ta'sir ko`rsatadi. Uyqu, tush va nafas olish kabi holatlarda tanani boshqaruvchi va o`lim bilan undan ajratib turuvchi hayot bag‘ishlovchi qandaydir kuch mavjudligiga ishongan ajdodlarimiz, mazkur kuch harakat qiluvchi har bir narsa: daryo, quyosh, oy, daraxt kabi mavjudotlarda bor deb tasavvur qilganlar. Natijada, inson qo`rquvi, hurmati, ehtiyoji va zarurati darajasida ularga sig‘ina boshlagan.
Kishilik jamiyatida din doimo u bilan birga bo`lganmi yoki qandaydir davrda jamiyat dinsiz yashaganmi, degan savolga turli fikrlar bildirilgan. Bu - dinning tarixiyligi masalasi bo`lib, unga ikki xil javob, berganlar. Birinchisi, "qandaydir muddat insoniyat dinsiz yashagan va jamiyatning muayyan bosqichida - yuqori paleolit davrida, bundan 20-40 ming yil avval din paydo bo`lgan", deyilgan. Ikkinchisi, "dinning kelib chiqishi insoniyatning paydo bo`lishi bilan bevosita bog‘liq", degan fikrdir.
Diniy tafakkurning shaxsiy yoki ijtimoiy ildizlari muammosini hal qilish bilan dinning kelib chiqishi muammosini hal qilish-mumkin bo`ladi. E. Taylor kabi evolyutsion yo`nalishdagi pozitivistlarning chiqargan xulosasiga ko`ra, dinning ildizini "faylasuflik qilgan yovvoyi odam"ga taqaydilar. Ya'ni, "u o`z-o`ziga borliq, o`zini o`rab turgan olamning paydo bo`lishi va o`zi kuzatgan hodisalarning haqiqati haqida savol bergan. Unda fikrlash yuqori darajada bo`lmagan. Shundan so`ng unda ruhlar, xudolar, farishtalar haqida tasavvurlar paydo bo`lgan".
Dinning kelib chiqishi haqida yana bir nazariya mavjud: "Birinchi yolg‘onchi birinchi nodonni uchratganda din paydo bo`ldi". Bunda din yomon niyatli kishilarning o`ylab topgan narsasi bo`lib chiqadi. Bu ikkala nazariya ham hech qanday ilmiy asosga ega emas.
Faylasuflik qilgan yovvoyi odam kontseptsiyasi bo`yicha "ibtidoiy odam yolg‘iz holdagi chuqur fikr yurituvchi bo`lgan. U o`z oldiga ulkan savollarni qo`ygan. Bu savollar uning kundalik hayotida kerak emas edi. Shuni ham unutmaslik kerakki, ibtidoiy odamning fikr yuritishi uning kundalik ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo`lgan. Bu faoliyatning tabiati, shart-sharoitlari birgina odamga tegishli bo`lib qolmay, barchaga barobar, ijtimoiy gruppa, qabila, urug‘, halqqa tegishli edi."
Dinning kelib chiqishi "bir odam boshqalarni aldashi natijasida kelib chiqqan", degan fikr ham tanqidga uchragan. Boshqa fikrga ko`ra, "din - jamiyatdagi kishilarning baravariga o`z-o`zini aldashi natijasida kelib chiqdi. Shuning uchun ham din ijtimoiy hodisadir degan xulosaga kelish mumkin", deydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |