DEMOKRATIK ISLOHOTLAR VA SIYOSIY PARTIYALAR
MAMLAKATIMIZDA DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI YaNADA ChUQURLAShTIRISh VA FUQAROLIK JAMIYaTINI RIVOJLANTIRISh YO‘LIDAGI ISLOHOTLARNING SAMARALI AMALGA OShIRILIShIDA AHOLI TURLI QATLAMLARINING MAQSAD-MUDDAOLARI VA MANFAATLARINI IFODALOVChI SIYoSIY PARTIYaLAR MUHIM O‘RIN TUTADI.
Siyosiy partiyalar fuqarolarning siyosiy-huquqiy madaniyatini va faolligini oshirish orqali davlat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ular ijtimoiy hayotning siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishiga hissa qo‘shadi, eng muhimi, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvida bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etishdek konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizning 60-moddasida «Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar», deb belgilangan.
Hozirgi vaqtda respublikamizda maqsad-vazifalari nuqtai nazaridan o‘z siyosiy qarashlariga, elektoratiga ega bo‘lgan to‘rtta siyosiy partiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu partiyalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlarda o‘z dasturlari asosida ishtirok etib kelmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz parlamenti tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosiy partiyalar faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Ayniqsa, ikki palatali parlament tizimi joriy etilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasi doimiy asosda ishlaydigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan huquqiy asoslar hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi bilan bir qatorda, mamlakatda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishini belgilab berdi. Siyosiy partiyalarning keng ko‘lamda ijtimoiy-siyosiy faoliyat yuritishini ta’minladi, ularning jamiyatimizdagi o‘rni, nufuzi va mavqeini, vakolatlarini yanada kengaytirish va faoliyatining samarasini oshirish borasida yangi imkoniyatlar ochib berdi.
Bulardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida», «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida», «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunlar qabul qilindi. Ushbu qonunlar va boshqa qonun hujjatlari jamiyatimiz hayotida ijtimoiy va siyosiy faollik hamda jamoatchilik nazoratini oshirishga, hokimiyatning vakillik va ijro etuvchi organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalarning faol ishtiroki uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlarni ta’minlashga xizmat qilyapti. Shuningdek, hukumat tuzilmalarining, markazdagi va joylardagi davlat hokimiyat organlarining mamlakat parlamentida o‘z vakillariga ega bo‘lgan siyosiy partiyalar, mahalliy vakillik organlaridagi partiya guruhlari oldida hisob berishini belgilab beradigan va ta’minlaydigan samarali mexanizmlarni yaratdi.
Parlament palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da siyosiy partiyalarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha ham tarixiy, ham konseptual ahamiyatga ega bo‘lgan qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. Uning amalga oshishi natijasida 2011 yil 18 aprelda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi ham muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu qonun siyosiy partiyalar faoliyatini sezilarli darajada kengaytirib, ularning ijro hokimiyatiga ta’sirini kuchaytirdi.
Jumladan, ushbu qonun orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiyalar taklif etgan Bosh vazir nomzodining Parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi haqidagi konstitutsiyaviy tartib belgilandi, hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi instituti joriy etildi.
Ushbu islohotlar natijasida mamlakatimizda «Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari» konsepsiyasi izchil hayotga tatbiq etilib, siyosiy partiyalarning sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda, mamlakat taqdiriga, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, ijro hokimiyati tizimining bevosita ta’sir qilish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.
Demak, siyosiy partiyalar bir tomondan parlament quyi palatasidagi fraksiyalar orqali elektorat manfaatini ifoda etish maqsadida qonun ijodkorligi jarayonida, hukumat faoliyatini nazorat qilishda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan, hukumat olib borayotgan siyosat uchun siyosiy mas’uliyatni, lozim bo‘lsa javobgarlikni zimmaga olishlarini ham taqozo etadi.
Demak, siyosiy partiyalar jamiyatda munosib o‘rin egallashiga imkoniyat yaratib berilmoqda. Albatta, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan bu kabi islohotlarning zamirida xalq manfaatini ifoda etish, mamlakat farovonligini ta’minlash maqsadi turganligini ta’kidlab o‘tish o‘rinli.
Bu esa Konstitutsiyamizning 12-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |