Vakolat va uning turlari
Vakil o`zida bo`lgan vakolatga binoan o`zini vakil qiluvchiga nisbatan muayyan huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o`zgartiradi va bekor qiladi. Binobarin, vakolat deb vakilning boshqa shaxs nomidan muayyan yuridik harakatlar qilishga va shu bilan u uchun huquqiy oqibatlarni vujudga keltirishga qaratilgan huquq tushuniladi. Vakilning vakolatlari qonunga, sud qaroriga, vakil qilingan davlat organlarining hujjatiga yoki ishonchnomaga asoslangan bo`lishi mumkin.
Vakil o`z vakolatini vakolat beruvchining manfaatlarini ko`zlabgina amalga oshirishga majbur. Binobarin, vakil o`ziga vakolat bergan shaxs nomidan, shaxsan o`zina nisbatan ham, u ayni bir vaqtda vakili bo`lgan boshqa shaxsga nisbatan ham bitimlar tuzishi mumkin emas (tijorat vakilligi bo`lgan hollar bundan mustasno) (FKning 129-moddasi, 3-bandi).
Agar oshkora shaxs nomidan harakat qilish uchun hech qanday vakolat bo`lmasa yoki vakolatli bo`lsa ham uning doirasidan chetga chiqilgan bo`lsa – bu holda tuzilgan bitimlar bo`yicha kim nomidan harakat qilgan bo`lsa, mazkur shaxs uchun huquq va majburiyatlar vujudga kelmaydi.
FKning 132-moddasida ko`rsatilganidek, boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs keyinchalik ma'qullangan taqdirdagina, uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o`zgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham bunday bitim ma'qullangan hisoblanadi.
Vakil qiluvchi tomonidan bitimning kelgusida ma'qullanishi u tuzilgan vaqtdan e'tiboran haqiqiy deb hisoblashga huquq beradi.
Bitimlar tuzishda vakil o`z erki bilan harakat qiladi. Bu holda u o`ziga berilgan vakolatning hajmiga, amaldagi huquqiy normalarning qoidalariga, vakil qiluvchining bergan ko`rsatmalariga asoslanib ish tutadi. Bitim tuzilishida vakilning erki ham vakolat doirasida ifodalanganligi sababli vakilning jiddiy ravishda yanglishi, aldanish, qo`rqitilish yoki zo`rlik ta'sirida tuzilgan bitim sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Vakil vositachidan farq qiladi. Agar vakil bitim tuzishda boshqa shaxs nomidan harakat qilsa, komissioner boshqa bir shaxs komitent topshirig`i bo`yicha va uning hisobiga harakat qilsa ham bitimni o`z nomidan tuzadi.
Vakil vakil qiluvchi tomonidan yuridik harakatlar qilish vakil qiluvchi uchun muayyan fuqarolik huquqlarini vujudga keltirish, o`zgartirish yoki bekor qilish niyatidan bo`lganligini o`zi bilan bitim tuzuvchi shaxslarga ochiq-ravshan bildirishi lozim. Vakilning bunday niyatda bo`lganligini vakil harakat qilib turgan vaziyatning o`zidan ham ko`rinib turishi mumkin. Masalan, chakana savdo bilan shug`ullanuvchi korxonada ishlovchi sotuvchi, kassir va boshqalarning harakatlarini, ularning muayyan bir tashkilot vakillari bo`lishlarini bildiradi.
Vakil bilan vakolat beruvchi o`rtasida vujudga keladigan huquqiy munosabatlardan vakilning yuridik harakatlari tufayli, jumladan, u tomonidan tuzilgan bitim tufayli, vakolat beruvchi bilan uchunchi shaxslar o`rtasida vujudga keladigan huquqiy munosabatni ajratish kerak. Agar vakil bilan vakolat beruvchi o`rtasidagi munosabat (ichki munosabat) shartnomaga masalan, topshiriq yoki mehnat shartnomasiga asoslangan yoxud boshqa turdagi yuridik faktlarga, chunonchi: tug`ilganlik, vasiylik, farzandlikka olish faktlariga asoslangan vakolat beruvchi bilan uchinchi shaxs o`rtasidagi huquqiy munosabat (tashqi munosabat) vakilning uchinchi shaxs bilan tuzgan bitimi asosida vujudga keladi.
Vakolat qanday asoslardan vujudga kelishiga qarab, vakillik ikki turga: qonun bo`yicha vakillik va shartnoma bo`yicha, ya'ni ixtiyoriy vakillikka bo`linadi.
Vakillik va uning vakolati normativ akt bilan belgilangan holda bunday vakillik muomalaga layoqatsiz shaxslar: yosh bolalar, ruhiy kasallar, aqli zaiflarning huquq va manfaatlari qo`riqlanishini ta'minlashga qaratiladi. Sud organlarida vakillik qilish to`g`risidagi qoidalar tegishli qonunlar bilan belgilanadi.
Ota-onalar, farzandlikka oluvchilar va vasiylar FKning 131-moddasida belgilanganidek, qonuniy vakillar hisoblanadilar.
Shartnomali, ya'ni ixtiyoriy vakillikda vakil va uning vakolati vakil qiluvchining erki bilan belgilanadi. Bunday vakillikda vakil va uning vakolati vakil qiluvchi tomonidan ko`rsatiladi.
Shartnoma bo`yicha vakillikda mehnat shartnomasiga binoan tashkilot nomidan berilgan vakolatnomaga asosan harakat qiluvchi xizmatchi, masalan, tashkilotlarning yurist maslahatchilari, ta'minot vakillari va boshqalar vakil bo`lib hisoblanadilar.
Topshiriq shartnomasiga binoan berilgan vakolatnomaga asosan harakat qiluvchi shaxslar ham shartnoma bo`yicha vakil bo`la oladi.
Korxona rahbari korxona nomidan boshqa subyektlar bilan munosabatlarga kirishganda maxsus yozma vakolatnomasiz ish yuritishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |