7. Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e'lon qilish
Fuqaroning huquq layoqati uning o`limi natijasida batamom tugaydi. Ammo huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan noaniqliklarni bartaraf etish uchun shu huquqiy munosabatlarning ishtirokchilaridan biri bo`lgan fuqaro ayrim sabablarga ko`ra doimiy yashash joyidan uzoq muddatga ketib qolganda, uning haqiqiy yashash joyini aniqlash imkoniyati bo`lmasa, bunday hollarda bedarak yo`qolgan deb topilishi mumkin.
Fuqarolik huquqida, umuman, huquqning boshqa sohalarida ham bedarak yo`qolgan deb topish instituti katta amaliy ahamiyatga ega. Bu institut bedarak yo`qolgan fuqaroning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarning shaxsiy va mulkiy huquqlari ta'minlanishini kafolatlaydi.
Turmushda shunday voqealar ham bo`ladiki, ba'zan fuqaro o`zining doimiy yashash joyiga uzoq muddat kelmay qo`yadi. U o`zining qayerda turganligi to`g`risida bironta ma'lumot ham yubormaydi. Uning qayerda yashayotganini yoki qayerga ketganini aniqlashga qaratilgan barcha harakatlar behuda ketadi. Uning tirik yoki o`likligini aniqlash mumkin bo`lmaydi. Bunday hollarda ham huquqiy munosabat qatnashchisi bo`lgan fuqaroning ancha vaqt yo`qolib ketishi uning huquqiy munosabatdagi taqdiriga ta'sir qilmasligi kerak. Odatda, bunday fuqaroning doimiy yashab turadigan joyida qandaydir mulklari qoladi. Bu shaxs biron-bir majburiyatda qarzdor yoki kreditor bo`lishi mumkin. U shuningdek huquq va majburiyatning egasi bo`lgani uchun boshqa kishilarning shaxsi bilan bevosita bog`liq bo`lishi, chunonchi, nikohda bo`lishi, ota-onalik huquq va majburiyatiga ega bo`lishi ham mumkin. Fuqaroning uzoq vaqt doimiy turar joyiga qaytib kela olmasdan bedarak yo`qolib ketishi ko`p vaqtga cho`zilib ketmasligi kerak. Chunki davlat fuqarolik-huquqiy munosabatning bunday beqarorligiga befarq qaray olmaydi. Bedarak yo`qolgan fuqaroning yaqin kishilarining, kreditorlarining, davlatning va nihoyat o`zining shaxsiy manfaatlari, bunday noaniqlik va beqarorliklarning tugatilishini talab etadi.
Basharti bedarak yo`qolgan fuqaro o`lgan bo`lsa, uning biron-bir huquqiy munosabatda bo`lishi to`g`risida gap ham bo`lishi mumkin emas. Binobarin, unga tegishli bo`lgan huquq va burchlar boshqalarga o`tishi kerak. Manfaatdor shaxslar esa, uning vorislariga nisbatan o`zlarining tegishli e'tiroz va da'volarini bildirish imkoniyatiga ega bo`lishlari lozim.
Fuqarolik kodeksining 33-moddasi birinchi qismida bedarak yo`qolgan deb topish to`g`risida umumiy qoidalar beriladi. Unga asosan, agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma'lumotlar bo`lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topishi mumkin. Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish uning fuqarolik huquqlarini bekor qilmaydi. Aksincha, bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaroning huquqlarini himoya qilish uchun zarur choralar amalga oshirilishi talab qilinadi. Bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur bo`lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv to`g`risidagi shartnoma (FKning 49-bobi) asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi. Bu mol-mulkdan bedarak yo`qolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak bo`lgan fuqarolarga ta'minot beriladi, uning soliqlar va boshqa majburiyatlar bo`yicha qarzlari to`lanadi (FKning 34-moddasi). Manfaatdor shaxslarning arizalari bo`yicha vasiylik va homiylik qiluvchi organ bedarak yo`qolgan fuqaroning mulkini qo`riqlash uchun, shuningdek uning mulkini idora etish uchun, uning qayerda ekanligi to`g`risidagi oxirgi ma'lumot olingan kundan e'tiboran bir yil o`tishini kutmasdanoq mulkka boshqaruvchi tayinlashi mumkin.
Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish boshqa huquqiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish topshiriq shartnomasining bekor bo`lishiga asos bo`ladi. Agar fuqaro jinoyat qilgan yoxud alimentlarni undirish ishi bo`yicha qidiruvdan yashirinib yurgan bo`lsa, bunday hollarda u bedarak yo`qolgan deb topilmaydi.
Bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uning bedarak yo`qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi (FKning 35-moddasi).
Fuqaroni vafot etgan deb e'lon qilish to`g`risidagi asosiy qoida FKning 36- moddasida berilgan. Bu qoidada aytilishicha, “agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma'lumot bo`lmasa, basharti u o`lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo`lgan deb taxmin qilish uchun asos bo`ladigan vaziyatlarda bedarak yo`qolgan bo`lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma'lumotlar bo`lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e'lon qilishi mumkin. Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo`qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo`lgan kundan e'tiboran kamida ikki yil o`tganidan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e'lon qilinishi mumkin”. Fuqaro vafot etgan deb e'lon qilinganda uning huquqiy munosabatlari tugaydi, mulkiga nisbatan meros ochiladi, shaxsiy majburiyatlari tamom bo`ladi va hokazo.
Basharti vafot etgan deb e'lon qilingan fuqaro tirik bo`lsa, uning barcha huquqiy munosabatlari amalda davom etaveradi. Vafot etgan deb e'lon qilingan fuqaro qaytib kelgan taqdirda yoki uning qayerda turganligi ma'lum bo`lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e'lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.
Fuqaroni vafot etgan deb e'lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul o`tib qolgan mavjud mol-mulkini o`ziga qaytarib berishni uch yil (FKning 150-moddasi talabiga ko`ra) mobaynida sud orqali talab qilishga haqli.
Agar vafot etgan deb e'lon qilingan fuqaroning mol-mulki, uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan bo`lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom to`lamagan bo`lsalar, bu holda to`lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga o`tadi.
Vafot etgan deb e'lon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq to`lashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb e'lon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib, sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu molmulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni bo`lmasa, uning qiymati to`lanadi.
Agar vafot etgan deb e'lon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi bo`yicha davlatga o`tgan va sotib yuborilgan bo`lsa, fuqaroni vafot etgan deb e'lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi (FKning 37-moddasi).