2. Intellektual mulk obʼektlarini huquqiy muhofaza qilish.
Intellektual mulk obʼektlarini huquqiy muhofaza qilish ularning yaratilganligi tufayli yoxud ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolat berilgan davlat organi tomonidan huquqiy muhofaza berilishi natijasida yuzaga keladi.
Oshkor etilmagan axborotga huquqiy muhofaza berish shartlari
qonun bilan belgilanadi.
1. Ushbu normada intellektual mulkning turli obʼektlarini huquqiy muhofaza qilishni vujudga kelish xususiyatlari belgilab qoʼyilgan.
2. Intellektual mulk obʼektlarini huquqiy muhofaza qilish deganda huquq egalari subʼektiv huquqlarini huquqiy ximoya qilish tushuniladi.
Intellektual mulk obʼektlari oʼz-oʼzicha huquqiy muhofaza qilinmaydi balki amalda ushbu obʼektlarga nisbatan subʼektiv huquqlarga ega boʼlgan shaxslarning huquqlari (mualliflarning shaxsiy huquqlari, mutloq huquqlar egalarini huquqlari, litsenziya boʼyicha foydalanuvchilar huquqlari, avvaldan foydalanuvchilarning huquqlari va sh.k.) huquqiy muhofaza qilinadi.
3. Intellektual mulk obʼektlarini quyidagi turlarini huquqiy muhofaza qilish ularni yaratilish faktlari asosida vujudga keladi:
fan, adabiyot, sanʼat asarlari;
EHM uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalari;
eshittirish tashkilotlarinining ijrolari, fonogrammalari,
eshittirish va koʼrsatuvlari;
integral mikrosxemalar topologiyalari.
Ushbu obʼektlar, agarda ularni yaratgan shaxs (ijodkor) obʼektni
ogʼzaki, yozma yoki uni boshqa shaxslar tomonidan qabul qilishga imkon372
beradigan boshqa obʼektiv shaklida mujassamlantirgan paytdan
boshlab yaratilgan xisoblanadi. Xuddi shu paytdan boshlab ijodkor
shaxsda subʼektiv huquq vujudga keladi va u huquqiy muhofaza ostiga
olinadi. Bunda obʼektni roʼyxatdan oʼtkazdirish, boshqa qandaydir
rasmiyatchiliklarga rioya qilish talab etilmaydi. Xatto obʼektdan
uchinchi shaxslarni foydalanishi boshlanganligi fakti ham ahamiyatga
ega emas. Shuni unutmaslik lozimki, garchi obʼektni keyinchalik
roʼyxatdan oʼtkazdirish qoidasi mavjud boʼlsa ham (masalan, EHM uchun
dasturlar va maʼlumotlar bazalarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini roʼyxatdan oʼtkazdirish taomili mavjud) bu holat koʼproq
texnik xarakterga ega va ularga rioya qilmaslik subʼektiv huquqlarni
huquqiy himoyasini vujudga kelishiga toʼsqinlik qilmaydi.
4. Intellektual mulkni qator obʼektlarini huquqiy muhofaza qilish
Fuqarolik Kodeksida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda
vakolatli davlat organi tomonidan huquqiy muhofaza yorligʼi berilishi asosida vujudga keladi («Ixtirolar, foydali modellar va sanoat
namunalari toʼgʼrisidagi Qonun» , «Selektsiya yutuqlari toʼgʼrisidagi
Qonun» va boshqalar). Buning uchun intellektual mulk obʼektiga nisbatan subʼektiv huquqlarini eʼtirof etilishiga boʼlgan huquqqa ega
manfaatdor shaxs vakolatli davlat organiga tegishli talabnoma va oʼz
talablarini asoslantiruvchi xujjatlarni taqdim etishi lozim. Talabnoma qanoatlantirilgan hollarda vakolatli davlat organi fuqarolar yoki
yuridik shaxslarga intellektual mulk obʼektlariga nisbatan subʼektiv
huquqlarni huquqiy muhofaza qilish hujjatini (patent, guvohnoma,
roʼyxatdan oʼtkazganlik toʼgʼrisida dalolatnoma va sh.k.) beriladi.
Intellektual mulk obʼktlarini quyidagi turlarini huquqiy muhofaza
qilish huquqiy muhofaza yorligʼi berilganligi asosida vujudga keladi:
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari (patent beriladi);
selektsiya yutuqlari (patent beriladi);
tovar belgilari (guvoxnoma beriladi);
tovarni kelib chiqish joyi nomi (guvoxnoma beriladi);
firma nomi (firma nomlari reestriga kiritiladi).
Yuqorida koʼrsatilgan obʼektlarni deyarli barchasi uchun muhofaza yorligʼi Oʼzbekiston Respublikasi intellektual mulk davlat agentligi tomonidan beriladi. Firma nomlarini rasmiylashtirishga nisbatan vakolatli davlat organi boʼlib davlat statistika qoʼmitasi hisoblanadi.
Intellektual mulk obʼektlarini huquqiy muhofaza yorligʼida obʼektning nomi, uni xususiyatlari, obʼekt muallifi (ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan), mutloq huquq egasining nomi, huquqiy muhofazani boshlanish va amal qilish muddati, vakolatli davlat idorasining nomi va sh.k. koʼrsatiladi.
5. Oshkor etilmagan axborotlarni huquqiy muhofaza qilish shartlari qonun hujjatlarida oʼrnatilgan asoslar boʼyicha belgilanadi (FKning 98-moddasi va 64-bobi, Davlat sirlari toʼgʼrisidagi qonunning 1–3-moddalari). Ushbu shartlarga koʼra koʼp hollarda oshkor etilmagan axborot egasini faktik monopol holati namoyon boʼladi. Faktik monopol holat bir paytning oʼzida quyidagi shartlarni mavjud boʼlishini anglatadi:
a) oshkor etilmagan axborotni uchinchi shaxslar uchun nomalumligi;
b) uchinchi shaxslarga nomalumligi sababli oshkor etilmagan axborotlarni real yoki potentsial tijorat qiymatiga ega ekanligi;
v) uchinchi shaxslarni ushbu oshkor etilmagan axborotlar bilan tanishish yoki ulardan foydalanish huquqiy asoslarini yoʼqligi (axborot
egasidan ruxsatsiz);
g) oshkor etilmagan axborot egasi tomonidan axborotni maxfiyligini saqlash uchun barcha choralarni koʼrganligi.
Oshkor etilmagan axborotlardan gʼayriqonuniy foydalanishdan himoyalanish huquqi FKning 64-bobida nazarda tutilgan asoslar boʼyicha vujudga keladi(FKning 64-bobi sharhlariga qaralsin).
Fuqarolik kodeksining 1033-moddasida Intellektual mulk obʼektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar belgilab berilgan bo`lib, Intellektual faoliyat natijalarining mualliflari ana shu natijalarga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga ega boʼladilar.
Shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga uning mulkiy huquqlaridan qatʼi nazar tegishli boʼladi va uning intellektual faoliyat natijalariga boʼlgan mulkiy huquqlari boshqa shaxsga oʼtgan taqdirda uning oʼzida saqlanib qoladi.
Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar yoki xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (bundan buyon matnda — xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar)ga nisbatan huquq egalariga bu vositalar borasida mulkiy huquqlar tegishli boʼladi.
Mualliflik huquqi (intellektual faoliyat natijasining muallifi deb eʼtirof etilish huquqi) shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va ijodiy mehnati bilan intellektual faoliyat natijasini yaratgan shaxsgagina tegishli boʼladi.
Mualliflik huquqi boshqa shaxsga oʼtkazilmaydi va berilmaydi. Аgar natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan boʼlsa, ular hammualliflar hisoblanadilar.
Intellektual mulkning ayrim obʼektlariga nisbatan qonunda asarning toʼlaligicha hammualliflari deb hisoblanadigan shaxslar doirasi cheklab qoʼyilishi mumkin.
1. Ushbu sharhlanayotgan normada intellektual mulk obʼektlari subʼektlarining huquqlari turlari belgilab qoʼyilgan.
2. Intellektual faoliyat natijalari mualliflari ushbu faoliyat natijasida yaratilgan obʼektlarga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga egadirlar.
Intellektual faoliyat natijasi muallifining shaxsiy nomulkiy huquqi — bu mulkiy mazmunga ega boʼlmagan, obʼekt yaratuvchisini ijodiy maqomini belgilovchi va ushbu maqomdan kelib chiqadigan huquqlarni mustaxkamlashga va himoya qilishga qaratilgan mutloq huquqlari boʼlib, u faqat huquq egasiga tegishli va huquq egasidan begonalashtirilishi mumkin emas. Shaxsiy huquqlar mazmuni va xajmlari har bir intellektual faoliyat natijasi boʼyicha alohida belgilab qoʼyiladi. Masalan, mualliflik huquqi obʼektlarga nisbatan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari doirasi xajmi nisbatan keng va chuqur xarakterga ega (muallif sifatida eʼtirof etilish huquqi, muallifning nomga boʼlgan huquqi, muallif nufuzini himoya qilishga boʼlgan huquq, asarni muomaladan qaytarib olish huquqi va x.k.). Baʼzi obʼektlarga nisbatan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari (masalan, selektsiya yutuqlariga nisbatan) ushbu obʼektga nisbatan muallif ekanligini eʼtirof etish bilan cheklanadi.
Muallifni mulkiy huquqlari mazmuni intellektual faoliyat natijalaridan uning oʼzi tomondan foydalanishi, foydalanish huquqini xaq asosida oʼtkazish yoki xaq asosida foydalanishga ruxsat berish yoki oʼz huquqlarini boshqa shaxslarga xaq asosida berish vakolatlarida namoyon boʼladi. Muallif mulkiy huquqlari doirasi toʼliq cheklangan yoki qisman boʼlishi mumkin. Аgarda intellektual faoliyat natijasiga nisbatan mutlaq huquq muallifga emas, boshqa shaxsga tegishli boʼlsa (FKning 1034-moddasi) intellektual faoliyat natijasiga boʼlgan mualliflik huquqlari cheklangan xisoblanadi. Bunday cheklangan mulkiy huquqlar mazmuni har doim qonun hujjatlarida belgilab qoʼyiladi (masalan, mualliflik va turdosh huquqlar toʼgʼrisidagi qonunning 23-moddasida nazarda tutilgan ergashma huquq, selektsiya yutuqlari toʼgʼrisidagi qonunning 7-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan mukofot olish huquqi, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari toʼgʼrisidagi qonunning 1-moddasida nazarda tutilgan ixtirolardan ilmiy maqsadlarda foydalanish huquqi).
3. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlari turlari, mazmuni va xajmlaridan qatʼiy nazar unga tegishli boʼladi va xatto mulkiy huquqlar boshqa shaxslarga oʼtkazilgandan keyin ham mualliflik saqlanib qoladi. Intellektual faoliyat natijalariga nisbatan shaxsiy huquqlar faqat uning ijodkor yaratuvchisiga (muallifiga) tegishli boʼladi. Mulkiy huquqlar esa xar qanday uchinchi shaxslarga
tegishli boʼlishi mumkin (masalan, obʼekt buyurtma asosida yaratilgan boʼlsa). Mulkiy huquqlar fuqarolik muomalasida faol harakatda boʼladi. Xaq evaziga yoki tekin boshqa shaxslarga oʼtkazilishi mumkin, garovga qoʼyilishi, meros sifatida oʼtishi mumkin. Shaxsiy huquqlar ijodkor muallifning shaxsi bilan uzviy bogʼliq boʼlganligi sababli undan begonalashtirilishi va boshqa shaxslarga oʼtkazilishi mumkin emas. Intellektual faoliyat natijalariga nisbatan mulkiy huquqlarni fuqarolik muomalasidagi huquqiy rejimi holatidan qatʼiy nazar shaxsiy nomulkiy huquqlar xar doim ijodkor muallifda qolaveradi va mulkiy huquqlardan foydalanuvchilar ijodkor yaratuvchi (muallifning) shaxsiy huquqlariga rioya qilishlari shart. Masalan, asarga nisbatan mutlaq huquqlarni sotib olgan nashriyot uni chop etishda muallif nomini koʼrsatishi, muallif nufuzini, shaʼni, qadr-qiymatini himoya qilishga boʼlgan huquqlarga rioya etishi lozim.
4. Fuqarolik muomalasi ishtirokchilari, ularning tovarlari, ishlari va xizmatlarini individuallashtirish vositalariga nisbatan faqat mulkiy huquqlar amal qiladi. Individuallashtirish vosositalarigi nisbatan huquqlar mazmuni intellektual faoliyat natijalariga nisbatan huquqlar mazmunidan farqlanadi. Individuallashtirish vositasi egasi huquqlari qatʼiy mulkiy xarakterga ega. Binobarin, bu huquqlar qonunda belgilangan tartibga rioya qilingan holda vaqtinchalik boshqa shaxslarga xaq evaziga yoki tekin oʼtkazilishi mumkin (firma nomiga boʼlgan huquqdan tashqari).
5. Mualliflilik huquqi (intellektual faoliyat natijasining muallifi sifatida eʼtirof etilish huquqi) shaxsiy nomulkiy huquq xisoblanadi va faqat intellektual faoliyat natijasini oʼz ijodiy mehnati bilan yaratgan ijodkor shaxsgagina tegishli boʼlishi mumkin.
Oʼzini aqliy ijodiy mehnati bilan ixtironi yoki asarni yaratgan shaxs intellektual faoliyat natijasini muallifi xisoblanadi. Bu huquq ijodiy faoliyat natijasiga nisbatan mualliflilik huquqi deb atalib boshqa barcha shaxsiy huquqlarni negizini tashkil etadi. Boshqa barcha shaxsiy huquqlar ushbu huquq asosida vujudga keladi, undan xosila, unga nisbatan ikkilamchi xisoblanadi. Mualliflik huquqi oʼz mohiyatiga koʼra shaxsiy nomulkiy huquq xisoblanadi. Yaʼni birinchidan, ijodkor shaxsi bilan uzviy bogʼliq, ikkinchidan mulkiy iqtisodiy mazmunga ega emas, uchinchidan huquq egasidan ajratilishi, begonalashtirilishiga yoʼl qoʼyilmaydi. Ushbu huquq intellektual faoliyat natijasini oʼzining ijodiy, ilmiy-ijodiy yoki ilmiy-badiiy mehnati asosida yaratgan shaxsga tegishli boʼladi. Intellektual faoliyat natijasini yaratishda odatdagi mexanik mehnati bilan qatnashgan shaxs (masalan, ixtirochini chizmalari asosida ixtiro qurilmasi detallarini yasagan tokar va sh.k.) mualliflik huquqiga ega boʼlmaydi.
6. Mualliflik huquqi boshqa shaxslarga oʼtkazilmaydi. Intellektual faoliyat natijalariga nisbatan mualliflik huquqi faqat uni yaratuvchisiga tegishli boʼladi, undan begonalashtirish yoki qandaydir tarzda boshqa shaxslarga oʼtkazish mumkin emas. Shu sababli mualliflik huquqini boshqa shaxslarga oʼtkazish, xatto muallif oʼz erki va xoxishiga koʼra bu huquqdan voz kechib, uni bitim yoki shartnoma asosida (oldi-sotdi, xadya) boshqa shaxslarga berishi xaqiqiy xisoblanmaydi. Masalan, bir shaxs tomonidan ikkinchi shaxs uchun dissertatsiya yozib berish xaqidagi bitim qonunga zid va shu sababli oʼz-oʼzidan xaqiqiy xisoblanmaydi. Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 149-moddasida intellektual mulk obʼektlariga nisbatan mualliflikni oʼzlashtirish, hammualliflikka majbur qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
7. Аgarda ijodiy faoliyat natijasi (ixtiro, asar) ikki va undan ortiq shaxs tomonidan yaratilgan boʼlsa xammualliflikda yaratilgan xisoblanadi. Umumiy qoidaga koʼra xammualliflarni shaxsiy huquqlari teng xisoblanadi. Mulkiy huquqlar xajmi xammualliflar oʼrtasidagi kelishuv asosida belgilanadi va teng boʼlmasligi mumkin. Intellektual mulkni baʼzi obʼektlarga nisbatan xammualliflar doirasi qonun hujjatlari boʼyicha cheklanishi mumkin. Ushbu qoida ijodiy jamoani umumiy saʼyi-harakatlari asosida yaratiladigan baʼzi intellectual faoliyat obʼektlariga nisbatan taʼluqlidir. Masalan, audiovizual asar xuddi shunday obʼekt xisoblanadi va u jamoani katta koʼpchiligini ijodiy mehnati asosida yaratiladi. Biroq uning mualliflari sifatida cheklangan doiradagi shaxslar: stsenariy muallifi, sahnalashtiruvchi rejissyor, sahnalashtiruvchi operator, sahnalashtiruvchi rassom va sh.k. xisoblanadi.
Yaratilish fakti asosida huquqiy muhofaza qilinadigan intellectual faoliyat obʼektlariga nisbatan mualliflik huquqini yuridik rasmiylashtirish talab etilmaydi (asarni oʼzida muallifning nomi koʼrsatilgan yoki koʼrsatilmaganidan qatʼiy nazar). Аgarda obʼektga huquqiy himoya maxsus muhofaza yorligʼi (patent, guvoxonma va sh.k.) asosida beriladigan boʼlsa, obʼektga nisbatan mualliflik huquqi vakolatli davlat idorasi tomonidan berilgan hujjatda qayd etiladi.
Mualliflik huquqidan tashqari intellektual faoliyatni ayrim obʼektlariga nisbatan boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar ham nazarda tutilgan boʼlishi mumkin(FKning 1085–1092-moddalari sharhiga qarang). Barcha shaxsiy nomulkiy huquqlar bemuddat himoya qilinadi.
FKning 1034-moddasiga ko`ra Intellektual mulk obʼektlariga nisbatan mutlaq huquqlar:
Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk obʼektidan oʼz xohishiga koʼra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqi tegishli boʼladi.
Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli boʼlgan intellectual mulk obʼektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining ruxsati bilan yoʼl qoʼyiladi. (OʼzR 16.01.2007 y. OʼRQ-79-son Qonuni tahriridagi qism) Intellektual mulk obʼektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga toʼliq yoki qisman oʼtkazishga, intellectual mulk obʼektidan boshqa shaxs foydalanishiga ruxsat berishga haqli va, agar bu ushbu Kodeks va boshqa qonunlarning qoidalariga zid boʼlmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.
Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan intellektual mulk obʼektidan boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yoʼli bilan cheklashga, bu huquqlarni haqiqiy emas deb topishga va ularni tugatishga (bekor qilishga) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yoʼl qoʼyiladi.
Mutlaq huquqlarni cheklash bunday cheklash intellektual mulk obʼektidan normal foydalanilishiga oʼrinsiz ziyon yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi. (OʼzR 16.01.2007 y. OʼRQ-79-son Qonuni tahriridagi qism), (Oldingi tahririga qarang)
1. Ushbu sharhlanayotgan moddada intellektual mulk obʼektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasi huquqlari mazmuni belgilab qoʼyilgan.
2. Yuqorida taʼkidlanganidek intellektual mulk obʼektlariga nisbatan subʼektlarni shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlari amal qiladi.
Intellektual mulk obʼektlarini juda katta koʼpchiligiga nisbatan huquq egasini mutlaq huquqlari amal qilib, unda uning barcha vakolatlari mujassamlanadi. Mutloq huquqlar intellektual mulk obʼektlariga nisbatan mulkiy huquqlarni asosi, negizini tashkil etadi. Intellektual mulk obʼektiga nisbatan boshqa subʼektlarni mulkiy huquqlari yoxud mutloq huquqni xosilasi xisoblanadi va undan kelib chiqadi yoki ularni amalga oshirishda mutloq huquqlarga zid boʼlmasligi shart.
Moddiy obʼektlarga nisbatan mulkiy huquqlar tizimida mulk huquqi qanday asosiy rol oʼynasa, intellektual mulk obʼektlariga nisbatan mulkiy huquqlar tizimida mutloq huquqlar xam xuddi shunday funktsiyani bajaradi.
Mulk huquqi konstruktsiyasi va mutloq huquqlar konstruktsiyalari muayyan umumiyliklarga ega (masalan, xar ikkalasida xam foydalanish huquqi va tasarruf qilish huquqi vakolatlari mavjud). Biroq bu umumiyliklar xal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Chunki intellektual mulk obʼektlarini jiddiy tafovvutlari ularga nisbatan mulk huquqi konstruktsiyasini qoʼllashga imkon bermaydi va shu sababli ham qonun chiqaruvchi tomonidan ular uchun maxsus konstruktsiya - mutloq huquqlar konstruktsiyasi yaratilgan.
3. Shuni nazarda tutish kerakki, oshkor etilmagan axborot egasiga va tovarni kelib chiqish joyi nomiga boʼlgan huquq egasiga ushbu obʼektlarga nisbatan mutloq huquqlar tegishli boʼlmaydi. Shu sababli sharhlanayotgan ushbu normalar ularga nisbatan taʼluqli emas.
4. Intellektual faoliyat natijasiga nisbatan mulkiy huquqlar egalariga (yaʼni patent huquqi obʼektlariga nisbatan patent egasiga, mualliflik
huquqi obʼektlariga nisbatan muallifga, buyurtmachiga yoki ish beruvchiga va sh.k.) yoki individuallashtirish vositalari egalariga (yaʼni tovar belgisi egasiga, firma nomi egasiga) intellektual mulkni ushbu obʼektida qonunga muvofiq ravishda oʼz xoxishiga koʼra xar qanday shaklda va xar qanday usulda foydalanishga nisbatan mutloq huquq tegishli boʼladi.
Obʼektdan qonunga muvofiq foydalanish deyilganda mutloq huquqlar soxibi huquqiy maydon doirasida harakat qilishi tushuniladi. Yaʼni u qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha shartlar va talablarga rioya qilishi, boshqa shaxslarni qonuniy va huquq manfaatlarini buzmasligi lozim.
Mutlaq huquqlar egasi obʼektdan oʼz xoxishiga koʼra, oʼz erki ixtiyori bilan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holda boshqalarni majburlovisiz foydalanishga xaqli. Qonunda masalan, obʼektdan foydalanish boʼyicha majburiy litsenziya berish tartibi va asoslari belgilab qoʼyilgan.
Intellektual mulk obʼektlaridan foydalanish shakllari qonun hujjatlarida qatʼiy va tugal tarzda belgilab qoʼyilmagan. Bu esa huquq egasiga muayyan vaziyatlardan oʼz manfaatlaridan kelib chiqqan holda, obʼektdan xar qanday shaklda foydalanishga imkon beradi. Masalan, asar muallifi uni kitob shaklida nashr etishi, ogʼzaki oʼqishi, kino stsenariy, radio pьesa sifatida qayta ishlashi, fono yozuvlariga kiritishi va boshqa shakllarda foydalanishga xaqli.
Intellektual mulk obʼektlari usullaridan foydalanish xam cheklanmagan. Foydalanishni texnik usullari, yuridik usullari va shu kabilar bilan farqlanadi.
Foydalanishni keng qoʼllaniladigan usullari boʼlib tijorat muomalasida foydalanish, shaxsiy maqsadlarda foydalanish va ilmiy tadqiqotlarda foydalanish xisoblanadi.
5. Yuqorida aytilganidek, intellektual mulk obʼektlari asosida ularni gʼoyaviy negizga tayanishi yotadi. Yaʼni ushbu obʼektni jismoniy jihatdan mutlaq egallash mumkin emas va obʼekt bir vaqtning oʼzida nomuayyan doiradagi shaxslar foydalanishida boʼlishi mumkin. Shu sababli ham mulk huquqidan farqli ravishda mutlaq huquqlar konstruktsiyasida egallash huquqiga urgʼu berilmagan. Buning oʼrniga intellectual mulk obʼektini muayyan subʼektga mutlaq huquqlar tegishli boʼlgan asosda, undan boshqa shaxslarni foydalanishiga mutlaq huquqlarni egasi roziligi bilangina yoʼl qoʼyiladi deb belgilab qoʼyilgan. Bunday rozilikni eng keng tarqalgan shakli boʼlib litsenziya shartnomalari tuzish xisoblanadi (FKning 1036-moddasi sharhlariga qarang). Rozilik olishning boshqa holatlarida u aniq va qatʼiy ifodalangan boʼlishi va iloji boricha yozma ravishda tuzilgan boʼlishi lozim. Sukut, indamaslik bunda rozilik alomati xisoblanmaydi.
Qonun hujjatlarida intellektual mulk obʼektidan mutlaq huquqlar egasi roziligini olmasdan foydalanish asoslari ham belgilab qoʼyilgan (masalan, FKning 1065-moddasi sharhlariga qarang). Uchinchi shaxslar tomonidan intellektual mulk obʼektidan mutlaq huquqlar egasi roziligini olmagan holda foydalanishning qolgan barcha holatlari qoʼpol, jiddiy huquqbuzarlik xisoblanadi va huquqbuzarlik xarakter va oqibatlariga qarab jinoyat huquqiy, maʼmuriy huquqiy va fuqarolik huquqiy javobgarliik choralari qoʼllaniladi.
Intellektual mulk obʼektlariga nisbatan mutlaq huquqlar fuqarolik muomalasida erkin harakatda boʼladi. Shu sababli intellectual mulk obʼektlariga nisbatan mutlaq huquq egasi ushbu huquqni boshqa shaxslarga toʼliq oʼtkazishga xaqli (huquqdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, sotish, hadya qilish, tijorat yuridik shaxslar ustav fondiga kiritish va sh.k.). Mutlaq huquq egasi ushbu huquqlarni qisman boshqa shaxslarga oʼtkazishga (masalan, oʼzini foydalanish vakolatini cheklamagan holda obʼektdan boshqa shaxsga foydalanishga ruxsat berishi mumkin) yoxud FKning va boshqa qonun hujjatlariga zid boʼlmagan xar qanday tarzda tasarruf qilishga (masalan, barcha shaxslarni obʼektdan erkin foydalanish maqsadida mutlaq huquqlardan voz kechishga xaqli).
Mutlaq huquq toʼliq boshqa shaxsga oʼtkazilganda avvalgi huquq egasi uni oʼzidan begonalashtiradi va mutlaq huquq uni qabul qiluvchi tomonda vujudga keladi. Mutlaq huquqlarni tasarruf qilish usullari tizimida ularni sotish, tijorat yuridik shaxslari ustav fondiga kiritish bilan bir qatorda majburiyat ijrosini taʼminlash maqsadida garovga qoʼyish xam mumkin.
7. FKning 1034-moddasi 4–5-qismlarida mutlaq huquqlarni cheklash shartlari belgilab qoʼyilgan. Ular quyidagilardan iborat:
Birinchidan, Fuqarolik Kodeksida va qonunda nazarda tutilgan hollardagina yoʼl qoʼyiladi (demak qonun osti hujjatlari bilan bunday cheklashlar mumkin emas.);
Ikkinchidan, bunday cheklashlar intellektual mulk obʼektidan huquq egalarini normal foydalanishiga ziyon yetmasligi shart (yaʼni ularni imkoniyatini cheklamasligi, ular uchun turli toʼsiqlar vujudga keltirmasligi lozim.);
Uchinchidan, huquq egalarini qonuniy manfaatlarini buzmasligi lozim (yaʼni ularni mukofot va foydadan mahrum etmasligi shaxsiy huquqlarni buzmasligi va sh.k.). Bunda shuni yodda tutish lozimki, mutlaq huquq egasi iborasi emas huquq egalari iborasi qoʼllanilgan, binobarin obʼektdan normal foydalanishga ziyon yetgan va huquq egalari qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda barcha huquq egalari (shu jumladan mulkiy huquq subʼektlari ham, shaxsiy huquq subʼektlari ham) oʼz huquqlarini talab qilishga xaqlidirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |