11-mavzu. Majburiyat tushunchasi va mazmuni. Shartnomalar
Reja
1. Majburiyat va majburiyat huquqi tushunchalari
2.Shartnоma tushunchasi, uning shakllari va amal qilishi.
3.Оmmaviy shartnоma.
4.Shartnоma tuzishdagi asоsiy qоidalar.
5.Оldi-sоtdi shartnоmasi.
1.Majburiyat va majburiyat huquqi tushunchalari
Fuqarolik huquqida majburiyat deb shunday fuqarolik huquqiy munosabatga aytiladiki, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatlarni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulk topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko`rsatish, pul to`lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o`zini saqlashga majbur bo`ladi, kreditor esa – qarzdordan o`zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo`ladi (FKning 234- moddasi).
Yuqorida berilgan ta'rifga ko`ra, majburiyat keng ma'noda huquq subyektlari hisoblangan shaxslar (tashkilotlar va fuqarolar) o`rtasida bo`ladigan fuqarolikhuquqiy xarakterdagi munosabatlarni bildiradi.
Majburiyat tushunchasi huquqning boshqa sohalarida ham, chunonchi, ma'muriy huquq, oila huquqi, mehnat huquqi sohalarida ham beriladi. “Majburiyat” atamasi boshqa ma'nolarda ham ishlatiladi, masalan, majburiyat deb faqat muayyan bir harakatni qilishga, chunonchi, ijara haqini to`lashga, sotib olingan narsaning qiymatini to`lashga qaratilgan burchga ham aytiladi. Majburiyat subyektlari va obyektlari uning muhim unsurlari hisoblanadi. Majburiyat subyektlari muayyan huquqlarga ega bo`lgan va zimmasiga majburiyat olgan shaxslardir. Har bir majburiyatda albatta, ikki taraf ishtirok etadi. Muayyan bir harakatning qilinishini yoki muayyan harakatni qilishdan saqlanishni talab etishga haqli bo`lgan taraf – kreditor deb ataladi. Muayyan harakatni qilishga yoki harakat qilishdan saqlanishga majbur bo`lgan taraf esa qarzdor deb ataladi.
Majburiyatda ishtirok etuvchi kreditorning huquqi nisbiy huquq bo`ladi, chunki kreditor faqat ma'lum shaxs yoki shaxslarga (bir qarzdor yoki bir necha qarzdorlarga) nisbatan talab qo`yish huquqiga ega. Majburiyatda kreditorning talab qilish huquqi va shunga yarasha qarzdorning burchi nimaga qarata belgilangan bo`lsa, shuning o`zi majburiyat obyekti hisoblanadi. Jumladan, huquq va burchlar Biron-bir ashyoni olishga, topshirishga, muayyan pul summasini to`lashga, biron-bir ishning bajarilishiga qaratilgan huquqiy harakatlardan iborat bo`lishi mumkin.
Majburiyatlar majburiyat huquqi tushunchasini keltirib chiqaradi.
Majburiyat huquqi – mulk topshirish, ishlarni bajarish, xizmat ko`rsatish yoki pul to`lash bilan bog`liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan fuqarolik huquqiy normalar yig`indisidir. Majburiyat huquqi jamiyatimizda mulkiy munosabatlarning eng muhim va keng sohasini, o`zining fuqarolik-huquqiy xarakteridagi qoidalari bilan tartibga soladi. U tashkilotlar bilan fuqarolar o`rtasidagi munosabatlarni ham, chunonchi, fuqarolarga xilma-xil tovarlar, oziqovqat mahsulotlarini sotishda, ularga har turdagi xizmatlar ko`rsatish, uy-joylar berish va boshqa hollarda vujudga keladigan munosabatlarni ham tartibga soladi. Jamiyatdagi majburiyatga oid huquqiy munosabatlar fuqarolar va tashkilotlarning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish, ta'minlash maqsadlarida o`rnatiladi. Majburiyatlar to`g`risidagi normalar mulkning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o`tishini, ishlab chiqarish va maishiy xizmat ko`rsatish korxonalari orqali xilma-xil xizmatlar ko`rsatilishini tartibga soladi. Majburiyatlar vositasida mulk va mulkiy huquqlar qo`riqlanishi ta'minlanadi, fuqaroning sog`lig`iga zarar yetkazilganda, fuqaro o`ldirilganida ko`rilgan zararlar qoplanadi va hokazo. Majburiyat huquqi fuqarolar bilan fuqarolar o`rtasidagi munosabatlarni ham, jumladan, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini olishda, uy-joy sotib olish va boshqa hollarda bo`ladigan o`zaro munosabatlarni ham tartibga soladi. U tashkilot va fuqarolarga yetkazilgan mulkiy zararning to`lanishini, shuningdek qonun yoki shartnomalar bilan belgilangan asoslar bo`lmay turib olingan narsalarning qaytarilishini ta'minlaydigan huquqlarni ham o`z ichiga oladi. Majburiyat huquqining tizimini ikki asosiy bo`limdan: majburiyatlar to`g`risidagi umumiy qoidalar va majburiyatlarning ayrim turlariga oid maxsus qoidalardan iborat.
Majburiyat to`g`risidagi umumiy qoidalarda (FKning 234-385-moddalari) majburiyatlarning kelib chiqishi va bajarilishi, majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash, talab qilish huquqini birovga o`tkazish va qarzni ko`chirish, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik va nihoyat majburiyatlarning bekor qilinishi asoslari, majburiyat munosabatlarini vujudga keltiruvchi asosiy huquqiy vosita hisoblangan shartnomalar va ularni tuzish, o`zgartirish hamda bekor qilish tartibi kabi masalalar belgilanadi.
Majburiyatlarning ayrim turlariga bag`ishlangan FK normalari majburiyat huquqi tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar nihoyatda ko`p va xilma xil bo`lganligi tufayli Kodeksda salmoqli o`rinni egallaydi. Majburiyat huquqining mazkur maxsus qismi normalari mazmuni va hajmi bo`yicha teng bo`lmagan ikki turkumga: shartnomali majburiyatlar institutlariga va shartnomasiz (shartnomadan tashqari) majburiyatlar institutlariga bo`lingan. Shartnomali majburiyatlarga oid huquqiy institutlar jumlasiga oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, qarz, kontraktatsiya, pudrat, mulk ijarasi, lizing, uy-joy ijarasi, yuk va yo`lovchilar tashish, franshizing, sug`urta kabi bir qator shartnomalar asosida bo`ladigan munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalarga taalluqlidir.
Shartnomadan tashqari majburiyatlarga oid huquqiy institutlarni asosan quyidagilar: zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar, asossiz boylik orttirish oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar tashkil etadi. Majburiyat mazmuni deganda, kreditorning qarzdor tomonidan muayyan harakatlar qilinishini (yoki qilinmasligini) talab etishga bo`lgan huquqi va qarzdorning shunga yarasha bo`lgan burchi tushuniladi. Qarzdor tomonidan qilinishi lozim bo`lgan harakatlar har hil: ashyoni egasiga (kreditorga) topshirish, ashyolarni foydalanish uchun topshirish, ma'lum summa pulni to`lash, biron-bir ishni bajarish yoki xizmat ko`rsatish, qarzdor tomonidan bitimning tuzilishini ta'minlash, birovga yetkazilgan zararni to`lash, asossiz orttirilgan boylikni o`z egasiga qaytarish to`g`risida bo`lishi mumkin.
Yuqorida ko`rsatilgan majburiyat obyektlaridan ko`rinishicha, majburiyatning mazmuni asosan mulkiy xarakterdagi huquq va burchlardan iborat bo`lsada, huquq subyektlari o`zaro mulkiy xarakterda bo`lmagan majburiyatlar ham belgilashlari mumkin. Masalan, ma'lum asar mualliflardan biri o`zaro kelishuv bo`yicha muayyan vaqt ichida asarning bir qismini tuzatib, qayta ishlab kelish to`g`risida o`z zimmasiga majburiyat olishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, majburiyatlarning mazmunida qonunga hilof bo`lmagan har qanday mulkiy va nomulkiy harakatlarni qilishni talab etishga qaratilgan huquqlar va bu harakatlarni qilish yuzasidan olingan majburiyatlar bo`lishi mumkin.
Majburiyat taraflarining bir-birlariga nisbatan belgilangan huquq va majburiyatlari ularning xarakteriga qarab farqlanadi. Ular mazmuni, obyektlari va subyektlariga qarab quyidagi turlarga bo`linadi:
1.Ijobiy mazmunli majburiyatlar va salbiy mazmunli majburiyatlar. Agar majburiyat yuzasidan qarzdor muayyan bir harakatni qilishga burchli bo`lib, kreditor aynan shunday harakatning qilinishini talab qilishga haqli bo`lsa – bunday majburiyat ijobiy mazmunli majburiyat hisoblanadi. Huquqiy munosabatning ko`pchiligida ijobiy mazmunli majburiyatlar yotadi. Masalan, oldi-sotdi, mulkni ijaraga berish, maishiy xizmat ko`rsatish sohasida olinadigan majburiyatlar – ijobiy mazmunli majburiyatlardir. Agar majburiyat bo`yicha qarzdor muayyan harakatni qilishdan saqlanishga burchli, kreditor harakat qilishdan saqlanishini talab etish huquqiga ega bo`lsa – bunday majburiyat salbiy mazmunli majburiyat hisoblanadi. Masalan, nashriyot shartnomasi bo`yicha muallif shartnoma kuchda bo`lgan davrda o`z asarini boshqa nashriyotga topshirishdan saqlanish majburiyatini olsa, nashriyot muallifning boshqa nashriyot bilan shartnoma tuzishdan saqlanishini talab etish huquqini oladi.
2.Bir tomonlama va ikki tomonlama majburiyatlar. Majburiyatda qatnashuvchilarning birida faqat talab qilish huquqi (yoki huquqlari), ikkinchi tomonda esa, faqat majburiyat (majburiyatlar) bo`lsa – bunday majburiyatlar bir tomonlama majburiyatlar hisoblanadi. Masalan, qarz shartnomasi. Qarz shartnomasi bo`yicha qarz bergan shaxs qarzning qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo`lsa, qarzdor o`z zimmasiga olgan qarzini qaytarishga burchlidir. Huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi ham huquq, ham majburiyatga (qator huquqlar va majburiyatlarga) ega bo`lsa, bunday majburiyatlar ikki tomonlama majburiyat hisoblanadi. Ikki tomonlama majburiyatlarga oldisotdi, ijara, pudrat kabi shartnomalarni misol qilib ko`rsatish mumkin. Chunonchi, oldi-sotdi munosabatida sotuvchida sotilgan narsani topshirish majburiyati bo`lsa, oluvchida sotib olingan narsaning qiymatiga yarasha haq to`lash majburiyati bo`ladi va aksincha. Aksariyat majburiyatlar ikki tomonlama majburiyatlardir.
3.Muayyan harakatni bajarishga qaratilgan va muqobil majburiyatlar. Agar huquqiy munosabat bo`yicha kreditor qarzdordan muayyan bir harakat qilinishini, masalan, ma'lum ishning bajarilishini, biron-bir ashyoning topshirilishini yoki ma'lum summa pul to`lanishini talab qilish huquqiga ega bo`lsa, bunday majburiyat muayyan harakatni bajarishga qaratilgan majburiyat hisoblanadi. Agar huquqiy munosabatda kreditorning talabi bo`yicha qarzdor bir necha harakatlardan birini bajarishga majbur bo`lsa, bunday majburiyat muqobil majburiyat sanaladi. Muqobil majburiyat bo`yicha huquqiy munosabatda bir necha harakat ko`rsatilgan bo`lsa ham, majburiyatning mazmunini qarzdorning faqat birgina majburiyati va kreditorning shu majburiyatning bajarilishini talab qilishga bo`lgan huquqi tashkil etadi. Huquqiy munosabatda nazarda tutilgan harakatlardan birining bajarilishi bilan majburiyat ijro etilgan hisoblanadi. Muqobil majburiyatning bajarilishi to`g`risidagi qoida FKning 250-moddasida berilgan. Mazkur moddada ko`rsatilishicha, agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini bajarishga majbur bo`lsa, qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida bo`ladi. O`zbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlari127da qanday majburiyatning bajarilishi lozimligini tanlash huquqi kreditorga berilganligi ko`rsatiladi. Chunonchi, ularda sotilgan ashyoning sifati lozim darajada bo`lmaganda, sotib oluvchi o`z xohishi bilan ana shu ashyoni boshqa sifatli ashyoga almashtirish yoki harid bahosini tegishli darajada kamaytirishni yoxud sotuvchining shu ashyodagi kamchiliklarni haq olmay tuzatib berishini yoki shu kamchilikni tuzatish uchun oluvchining qilgan xarajatlarini to`lashni yo bo`lmasa shartnomani bekor qilib, o`ziga yetkazilgan zararning to`lanishini talab qilishga haqli bo`ladi, deb ko`rsatiladi. Bu qoida bo`yicha qarzdor sifatidagi sotuvchi tomonidan bajarilishi lozim bo`lgan harakatlardan birini tanlash huquqi kreditorga, ya'ni sotib oulvchiga beriladi.
4.Shaxsiy xarakterga ega bo`lgan majburiyatlar va shaxsiy xarakterga ega bo`lmagan majburiyatlar. Ba'zi majburiyatlar huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi yoki birining shaxsi bilan qat'iy bog`liq bo`lishi mumkin. Masalan, topshiriq shartnomasi bo`yicha vujudga keladigan majburiyat vakilning (topshiriqni bajaruvchining) ishonchli shaxs bo`lishiga qarab belgilanadi. Bunday shaxsiy xarakterga ega bo`lgan majburiyatlarning bajarilishini, agar qonun yoki shartnomada boshqacha hol belgilanmagan bo`lsa, boshqa shaxsga o`tkazilishiga yo`l qo`ymaydi, kreditor ham boshqa shaxs bilan almashinishi mumkin emas. Bunday majburiyatlar, odatda qarzdor yoki kreditorning vafot etishi bilan bekor bo`ladi.
Aksariyat huquqiy munosabatlarda majburiyatning kim tomonidan bajarilishi ahamiyatga ega bo`lmaydi. Masalan, qarz shartnomasi bo`yicha majburiyatning fuqaro G. tomonidan ham yoki uning uchun fuqaro B. tomonidan ham bajarilishi mumkin. Bunday shaxsiy xarakterga ega bo`lmagan majburiyatlar bo`yicha kreditor ham, qarzdor ham boshqa shaxs bilan almashinishiga yo`l qo`yiladi. Bunday majburiyatlar bo`yicha kreditor yoki qarzdorning vafot etishi majburiyatning bekor qilinishi uchun asos bo`lmaydi. Majburiyatda sanksiya masalasiga kelsak, fuqarolik huquqi normalariga muvofiq qo`llaniladigan majburlash choralari ko`pincha huquq buzilishda, majburiyatlarni bajarmaslik yoki tegishli darajada bajarmaslik uchun qo`llaniladi. Sanksiya fuqarolik huquqiy munosabatida ishtirok etayotgan taraflar o`z zimmalaridagi majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganlarida huquq normalariga muvofiq qo`llaniladigan majburlash chorasidir. Buzilgan majburiyatlar yuzasidan qo`llaniladigan sanksiyalar har xil. Majburiy chora sifatida qo`llaniladigan sanksiyalar umumiy xarakterga ega bo`lishi hamda maxsus, ya'ni aniq bir huquqiy munosabatdan yuzaga kelgan harakatlarga nisbatan qo`llaniladigan bo`lishi mumkin.
Umumiy xarakterdagi sanksiyalar majburiyatning bajarilishini kechiktirish, biror ashyoni topshirish majburiyatini bajarmaslik uchun qo`llaniladi. Maxsus sankiyalarga misol qilib sotilgan ashyolarning sifati tegishli darajada bo`lmasligi uchun sotuvchining javobgarligini ko`rsatishi mumkin. Sanksiya majburiyatlarda ishtirrok etuvchi va o`z zimmalaridagi majburiyatlarni bajarmagan taraf – kreditor va qarzdorga nisbatan qo`llaniladi. Majburiyatlarni buzganlik uchun qo`llaniladigan sanksiyalar quyidagi guruhlarga bo`linishi mumkin:
1. Ixtiyoriy bajarilmagan burchni majburiy ijro ettirish. Masalan, olingan qarz puli ixtiyoriy ravishda to`lanmaganida uni majburan undirish mumkin bo`ladi.
2.Shartnomada ko`rsatilgan majburiyat bajarilmaganda uni bir tomonlama bekor qilish. Masalan, ijaraga oluvchi o`z majburiyatini bajarmaganda ijaraga beruvchining talabi bilan shartnoma muddatidan avval bekor qilinishi mumkin.
3.Majburiyatning ijro etilishi tartibini o`zgartirish. Masalan, mahsulot oluvchi tashkilot avval mahsulotlari uchun haq to`lashni kechiktirganida mahsulot yetkazuvchi u bilan aksept shakli bo`yicha hisob-kitob qilmay, balki haridor tashkilotga noqulay bo`lgan akkreditiv shakli bo`yicha hisoblashish tartibiga o`tishi mumkin.
4.Tuzuk taraf zimmasida bo`lgan majburiyatlar hajmini kamaytirishga qaratilgan sanksiyalar. Bunga misol qilib haridor o`ziga shartnoma shartlariga nomuvofiq sifatdagi ashyo topshirilganida, uning narxini tegishlicha kamaytirishni talab qila olishligini ko`rsatish mumkin.
5. Notuzuk tarafning zimmasida bo`lgan majburiyatlar hajmini oshirish. Bunday sanksiya qo`llanilishida majburiyat buzgan notuzuk taraf o`zi uchun noqulay bo`lgan ba'zi vazifalarni, qo`shimcha majburiyatlarni bajarishga majbur qilinadi. Masalan, sifatli narsa o`rniga sifatsiz ashyo topshirgan sotuvchi bu ashyoning nuqsonlarini tuzatish uchun yoki kamchiliklarni yo`qotish uchun haridor tomonidan qilingan xarajatlarni to`lashga majbur qilinishi mumkin.
6. Mulkiy javobgarlik choralari sifatida ko`riladigan sanksiyalar. Bu to`g`risida quyiroqda bayon etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |