Erkaklarning siydik chiqarish nayi (urethra) qovuqdan boshlanib olatning boshida tashqi teshik bo’lib tugaydi. Uzunligi 18 sm bo’lgan siydik chiqarish nayi joylashgan o’rniga qarab uch qismga bo’linadi.
Prostata qismi qovuqdan boshlanadi va prostata bezining qoq o’rtasida o’tib, bezning uchiga kelganda parda qismiga o’tadi. Naychaning bu qismi eng keng bo’lak bo’lib, uzunligi 2,5 sm keladi. Urug’ do’mboqchasining ikki yonboshida prostata bezlari naychalarining teshigi va urug’ otuvchi yo’llarining teshiklari ochiladi.
Parda qismi siydik chiqarish nayining eng kalta (1 sm ga teng) qismi bo’lib, prostata bezining uchidan boshlanib pastda olat so’g’oniga o’tib ketadi. U chanoq bo’shlig’idan siydik – tanosil ( chanoq ) diafragmasini teshib, siydik yo’liga o’tadi. Nay parda qismining devori 4 qavatdan iborat. Eng ichki shilliq qavat uzunasiga joylashgan burmalar hosil qiladi. Uni sirtidan shilliq osti qavat o’raydi, undan so’ng ikki qavatdan iborat silliq muskul tolalari turadi. To’rtinchi qavat ko’ndalang – targ’il muskul tolalari hisoblanadi.
G’ovak tana qismi kanalining eng uzun (15 sm) qismi bo’lib, past tomondagi olat g’ovak tanasining o’rtasida joylashgan. Bu qism boshlanish joyida va tashqariga chiqish oldidan birmuncha kengaygan bo’ladi. Naychaning shilliq qavatida mayda bezlar joylashgan. Erlik olatini yotiq (tinch) holatda turganida siydik chiqarish naychasi ikki joydan (g’ovak tanasining boshlanish joyi va o’rtasidan) bukilgan bo’ladi. Olat ko’tarilsa (ereksiya), oldingi bukilma yo’qoladi.
2. AYOL CHANOG”INING ERKAK CHANOG”IDAN FARQI.
Voyaga yetgan ayol chanog’I erkak chanog’idan anchagina farq qiladi. Ayol chanog’ining suyaklari erkak chanog’ining suyaklariga nisbatan ingichka , nozik, silliqroq, zalvori ham kamroq. Ayol chanog’i kengroq va pastroq, erkak chanog’I esa torroq va balandroq. Ayollar dumg’azasi kengroq, erkak chanog’idagi kabi unchalik ko’p botiq emas; ayollarda dumg’aza suyagining burni erkaklardagiga nisbatan kamroq oldinga turtib chiqadi; ayol chanog’ining simfizi kaltaroq va kengroq. Ayollarda kichik chanoq og’zi kengroq, shaklan ko’ndalang oval, dumg’aza burni sohasida o’ymasi bor; erkak chanog’ining og’zi qartadagi yurakka o’xshaydi, buning sababi shuki,erkaklarda dumg’aza burni ko’proq turtib chiqqan.
Ayollarda kichik chanoq bo’shlig’Ii kengroq, shakli oldinga qarab bukilgan silindrga o’xshaydi; erkak chanog’ining bo’shlig’I kichikroq bo’lib , pastga tomon varonka shaklida toraya boradi.
Ayol chanog’idan chiqish teshigi kengroq , chunki : a) quymich do’mboqlari o’rtasidagi masofa kattaroq, b) qov burchagi erkaklardagi (70-75 gradus)ga nisbatan kengroq (90-100 gradus) , c) dum suyagi oldinga erkak chanog’idagiga nisbatan kamroq turtib chiqadi.
Homilaning tug’ruq yo’llaridan o’ta olishi ayol chanog’ining yuqorida ko’rsatilgan hususiyatlariga bog’liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |