Konstruktlarning asosiy xarakteristikasi
Konstrukt bipolyarligi hamda qo‘llanilish diapazoni va individualligi bilan xarakterlanadi.
Konstruktning bipolyarligi, uch element o‘rtasida o‘xshashlik va farqlarni topish yo‘li bilan olingan ikki qutbning mavjudligini ifodalaydi. Konstruktning qutblari individual bo‘lib, ular bir-biriga aynan antonimdek qarama-qarshi bo‘lishi shart emas. Shunday qilib, bir shaxsdagi “beparvolik” qutbiga qarama-qarshi qilib “qayg‘urish”, “rahmdillik” qutblarini, boshqasida esa aynan “beparvolik”ka – “emotsionallik”, “zavqlanish”ni ko‘rsatish mumkin. Shaxs konstruktlarini namoyon etishda sinaluvchida qutblardan birining verbalizatsiyasida qiyinchilik tug‘ilishi mumkin. V.V.Stolin ta’kidlashicha, bir qutbli konstruktlar shuni ko‘rsatadiki, inson o‘z ongida boshqa bir voqea-hodisa tafakkur jarayonidan tashqariga chiqarib yuboradi. Dj.Kellining fikricha, bu yashirin konstruktlar bo‘lib, ongda namoyon bo‘lmaydi.
Qo‘llanilish diapazoni – bu ushbu konstrukt yordamida talqin etilishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar.
Individuallik shaxsning anglashi bilan bog‘liq bo‘lib, shaxs reallikning aktiv tadqiqotchisi sifatida tayyor bilimlarni shunchaki o‘zlashtiribgina qolmay, ularni tadqiq etadi, konstruktlaydi hamda gipotezalar chiqaradi. Hodisalarni effektiv talqin eta oladigan konstruktlar saqlani, effektiv bo‘lmaganlari esa buzilib ketadi. Har bir shaxs o‘zining shaxsiy, unikal konstruktini yaratadi.
Bundan tashqari, har bir konstrukt o‘zining fokusi va maydoniga ega bo‘lib, uni chegarasidan tashqarida prognoz uchun ishlatish effektiv hisoblanmaydi. Konstrukt maydoni – inson ushbu konstrukt yordamida talqin qiladigan barcha voqea-hodisalardir. Fokus esa mazkur konstrukt yordamida tavsiflash effektli hisoblangan voqea-hodisalar bo‘lib, yanada aniq prognoz qilishga olib keladi.
Kontruktlar tizimining rivojlanishi
Kellining fikriga ko‘ra, har qanday konstrukt motiv va bilish jarayonlarining rolini bajaruvchi funksiyaga ega bo‘lib, hodisani oldindan aytib berishga xizmat qiladi. Konstruktlash va prognozlashning aloqasini tasdiqlash – shaxs konstruktlari psixologiyasining markaziy bo‘g‘ini hisoblanadi.
Konstruktiv tizimni takomillashtirishning ikki xil yo‘nalishi bo‘lib, ulardan biri aniqlash prinsipiga ko‘ra, ya’ni kam sonli hodisalar haqida aniq fikrga ega bo‘lish bo‘lsa, ikkinchisi kengaytirish prinsipiga ko‘ra, hech bo‘lmaganda noaniq tasavvurlar bo‘lsa ham, lekin narsalar doirasi yetarlicha keng bo‘lishi kerakligi haqidagi ustanovkalar shakllanadi.
Tajriba yig‘ish yangi konstruktlar shakllanishi hisobiga amalga oshadi. Sotsial o‘zaro ta’sir jarayonlari konstruktlar o‘zgarishining asosiy sababi sifatida ko‘riladi va bunda konstruktlar o‘zgarishi xulq-atvor o‘zgarishiga olib keladi.
Konstruktlarning o‘zgarish xarakteri ularning o‘tkazuvchanligiga bog‘liqdir. O‘tkazuvchan konstruktlar deb, ularga yangi elementlar joriy etilishi mumkin bo‘lgan konstruktlar tushuniladi. O‘tkazmas konstruktlardan o‘tgan voqealarni tushuntirishda foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |