28-modda. Ichki ishlar organlarining xodimlari
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan, maxsus unvon berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ichki ishlar organining xodimidir.
Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi hamda formali kiyim-bosh namunalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom”.
Ichki ishlar organi xodimiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, belgilangan namunadagi xizmat guvohnomasi va jeton beriladi.
Ichki ishlar organi xodimi egallagan lavozimi, turgan joyi va vaqtidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida boshlig‘ining (komandirining) buyrug‘iga binoan istalgan vaqtda xizmat majburiyatlarini bajarishga kirishishi hamda quyidagi choralarni ko‘rishi shart:
jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilgan joyda yoki hodisalar joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek nochor ahvolda qolgan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam yoki boshqa xil yordam ko‘rsatilishini tashkil etish;
odamlarni qutqarish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish, ularni sodir etgan shaxslarni ushlash, hodisa joyini qo‘riqlash hamda unga fuqarolar o‘zlarining shaxsiy xavfsizligiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi voqealar to‘g‘risidagi xabarlar bilan murojaat qilgan yoxud bevosita o‘zi shunday voqealarga duch kelgan taqdirda eng yaqindagi ichki ishlar organlari bo‘linmasiga xabar berish.
Ichki ishlar organi xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishi deganda quyidagilar tushuniladi:
lavozim majburiyatlarini bajarish va jangovar harakatlarda ishtirok etish;
xizmatni (jangovar xizmatni) o‘tash;
xizmat safarida yoki davolanishda bo‘lish;
kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli ichki ishlar organlari (harbiy qism) hududida bo‘lish;
xizmat, davolanish joyiga borish yoki ulardan qaytish;
yig‘inlarda (harbiy yig‘inlarda) ishtirok etish;
asirlikda bo‘lish (o‘z ixtiyori bilan asirga tushish hollari bundan mustasno), garovga olingan yoki ushlab qurolsizlantirilgan holatda bo‘lish;
bedarak ketish — xodim qonunda belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb e’lon qilinguniga qadar;
shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir harakatlar;
qonuniylikni va huquq-tartibotni ta’minlashda boshqa shaxslarga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam ko‘rsatish;
sud tomonidan xodimning shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan deb topilgan boshqa harakatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |