Tezkor-qidiruv xodimlarining axloqiy xatti-harakatlariga qo‘yila- digan umumiy talablar. Tezkor-qidiruv imkoniyatlaridan foydalanib maqsadga erishish, eng avvalo, qonun va axloq talablariga javob berishi lozim. Bu esa quyidagilarni anglatadi:
– tezkor-qidiruv talablari faqat shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, huquq va erkinliklarni, jamiyat va davlat mulki xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish maqsadlarida va faqat u yoki bu tezkor-qidiruv bo‘linmasiga berilgan vakolat doirasida amalga oshirilishi mumkin;
tezkor-qidiruv tadbirlari faqat jinoyatlarni aniqlash, oldini olish, bartaraf qilish va ochishni ta’minlashning, ularni tayyorlaydigan, sodir etadigan yoki sodir etgan shaxslarni topishning yoxud surishtiruv, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan bo‘yin tovlayotgan, shuningdek, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirib topishning boshqa yo‘llari qolmagan hollarda o‘tkazilishi mumkin;
tezkor-qidiruv tadbirlari jinoiy faoliyatga aloqador deb asosli ravishda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan o‘tkazilishi mumkin;
qonunda nazarda tutilgan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘z vaqtida jinoyatlarning oldini olish va ochilishini ta’minlashi lozim; ularning amalga oshirilishi tayyorlanayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlarda asosli ravishda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan materiallarning behad ko‘p yig‘ilishiga olib kelmasligi kerak;
tezkor-qidiruv tadbirlari ular o‘tkaziladigan shaxslarga nisbatan fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini buzmasligi lozim; bu shaxslarning shaxsiy hayotiga aralashishga olib keladigan tadbirlarni o‘tkazishda ular ayniqsa katta ahamiyat kasb etadi;
tezkor-qidiruv tadbirlari fuqarolarni jinoyat sodir etishga undashi, ularning jinoyat sodir etishda nohaq ayblanishi, ishlovdagi shaxslarning o‘zini o‘zi nohaq ayblashi, materiallarning soxtalashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
Shuni hisobga olish lozimki, hech bir normativ hujjatda, hatto u eng batafsil va mukammal ishlab chiqilganida ham, amaliyotda va hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan barcha holatlarni oldindan ko‘rishning imkoni yo‘q. Shu bois, tezkor-qidiruv faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarda nooshkora imkoniyatlarni qo‘llashning eng muhim ko‘rsatmalari beriladi, xolos.
Demak, amaliyotda bevosita normativ hujjatlarda nazarda tutilmagan tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish zarurati yuzaga kelganida tezkor-qidiruv bo‘linmalarining xodimlari o‘z xatti-harakatlarining huquqiyligini ta’minlash uchun qonuniylikning umumiy talablariga ham, axloqiy talablariga ham amal qilishlari lozim.
Bu quyidagilarni anglatadi:
tezkor-qidiruv tadbirlari jinoyatga aloqador bo‘lmagan sof vijdonli fuqarolarga qarshi qaratilishi mumkin emas, ular faqat jinoyatchilikka qarshi kurash maqsadlarida qo‘llaniladi;
tezkor-qidiruv tadbirlari nafaqat jinoyatga aloqasi bo‘lmagan shaxslar, balki ular tadbir o‘tkazilayotgan shaxslarning ham qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlari buzilishiga olib kelmasligi lozim;
tezkor-qidiruv tadbirlari g‘alamislik, ashyoviy dalillarni soxtalashtirish kabi unsurlardan xoli bo‘lishi kerak.
Bunday talablar 1979 yil 17 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi ma’qullagan «Huquq-tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksi»ning asosiy qoidalariga to‘liq mos keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |