2-§. ICHKI ISHLAR IDORALARI TIZIMIDAGI TEZKOR- QIDIRUV XODIMLARINING AXLOQIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR
Tezkor-qidiruv xodimlarining axloqiy prinsiplari. Tezkor-qidiruv faoliyati prosessual harakat hisoblanmaydi. U faqat razvedik qidiruv, konspirativ xususiyatga ega bo‘lib, jinoyatchilikka qarshi kurash vazifasini bajarishni ta’minlashning boshqa imkoni qolmaganida yoki juda mushkul bo‘lganida qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra maxsus kuch, vosita va usullardan foydalanib amalga oshiriladi. Bu faoliyatni tashkil qilish taktikasi davlat siri hisoblanadi.
Ma’lumki, jinoyatchilikka qarshi kurash fuqarolarning yurish-turish qoidalarini tartibga solishga asoslanadi. Shaxsning jamiyat manfaatlariga zid keluvchi har qanday xatti-harakati axloqqa zid holat sifatida baholanadi. Shuning uchun jinoyatlarning hamda ayrim shaxslarining axloqsiz xatti-harakatlarining o‘z vaqtida oldini olish va fosh etish jamiyatda axloqiylikning qaror topishiga yordam beradi.
Agar sodir etilgan jinoyat ochilmagan, jinoyatchi fosh etilmagan bo‘lsa, bu nafaqat jinoiy-huquqiy normaning qo‘llanilmaganligi va jinoyat huquqining ojizligini, balki axloq normalarining qo‘pol ravishda buzilganligini, shuningdek adolat tiklanib, jinoyatchi qilmishiga yarasha jazosini olmagunicha, harakatdagi qonunlarni davlat idoralarining o‘z vaqtida amalga oshirish imkoniyatidan mahrum ekanligini ham anglatadi. Shu bois eng xavfli jinoyatlarning kattagina qismi faqat tezkor qidiruv tadbirlari tufayli ochilishini hisobga olgan holda, bunday faoliyat jamiyatda axloqiy normalarni qaror toptirishning eng samarali vositasi ekanligini ta’kidlash mumkin.
Tezkor-qidiruv faoliyatining axloqiy jihatlarini belgilovchi asosiy qoida sifatida barcha holatlarda qo‘llaniladigan vosita maqsadga muvofiq bo‘lishi lozimligini ifodalovchi majburiy prinsip ham mavjud. Bu axloqiy prinsipning mazmuni quyidagilardan iborat.
Birinchidan, faqat oqilona tanlangan vosita yordamida qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli, samarali bajarish, ya’ni axloqan ijobiy maqsadga erishish mumkin. Bu talabning ijrosi boshlangan ishning maqsadga muvofiqligi hamda axloqiy tanlovda to‘g‘ri yo‘l tutilganligini isbotlaydi. Shuning uchun ham busiz ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, tanlangan vositaning qo‘llanilishi boshqa vositalardan foydalanish zaruriyatini istisno qilishi lozim, chunki bu axloqiy nuqtai
nazardan o‘zini oqlamasligi, tekshirilayotgan shaxsning huquqlari ortiqcha cheklanishiga olib kelishi mumkin.
Uchinchidan, oldiga qo‘yilgan maqsadga erishish uchun tanlangan vosita eng yuksak maqsad: ijtimoiy adolatni qaror toptirishning axloqiy xususiyatlarini kamaytirmasligi kerak.
Tezkor-qidiruv faoliyatida yuqori va yuksak maqsadning axloqiy xususiyatlariga unchalik zid bo‘lmaydigan, uni o‘zgartirmaydigan, juda ham zarur bo‘lgan, o‘zini oqlaydigan axloqiy vositalarni tanlash maqsadga muvofiqdir. Agar maqsadga erishish uchun vosita tanlashda axloqqa zid vaziyat yuzaga kelsa, axloqan beg‘araz vositani qo‘llash ijobiy natija bermasa, aksincha, qo‘llanilgan tezkor vosita axloqqa zarar keltirsa,
«kamroq yomonlik» keltirib chiqaruvchi vosita tanlanishi kerak bo‘ladi.
«Kamroq yomonlik» vositasini qo‘llashda ma’naviy-axloqiy tartib- qoidalarga xos qadriyatlarni saqlash yo‘lida u yoki bu axloqiy yoki huquqiy qadriyatlarni bila turib qurbon qilishni talab etuvchi vaziyatlarga duch kelinganida, albatta, murosa yo‘lini tutish ma’qul bo‘ladi.
Shunday qilib, tezkor-qidiruv faoliyati sohasida xizmat vazifasini va o‘z jamoasidagi rolli funksiyasini bajarayotgan tezkor xodim qonun va axloq talablariga amal qilishi, ya’ni uning fuqaro va tezkor-qidiruv bo‘linmasining xodimi sifatidagi qonun, davlat, jamiyat va jamoa oldidagi burchlarini belgilab beruvchi axloq prinsiplari va normalariga rioya qilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |