2.3.Asarda Farg’ona vodiysi va yirik shaharlar tasviri
Ma`lumki, XX asrga qadar tarixnavislik badiiy ijod bilan uyg’un holda rivojlandi. "Qisasi Rabg’uziy", "Tarixi muluki Ajam", "Tarixi anbiyo va hukamo", "Boburnoma", "Shajarai Xorazmshohiy" singari asarlar kabi "Tarixi Farg’ona" asari ham badiiy va tarixiy manba sifatida qimmatli va qadrli hisoblanadi.
"Tarixi Farg’ona" asari bilan tanishar ekanmiz, Ishoqxon Ibratning geograf sifatida Farg’ona vodiysi, undagi shaharlarning joylashishi,ularni o`rab turgan davlatlar, tog’lar, daryolar, iqlimi, havosi, yerlari, hayvonot dunyosi, qazilma boyliklari, hunarmandchiligi va nomlarining kelib chiqishini zo`r mahorat bilan tasvirlaganining guvohi bo`lamiz. Uning o`ziga xos uslubi shundaki, Farg’ona tarixini va uning atrofidagi shaharlar tarixini berishda nima uchun aynan shu nom bilan aytilishi, kim tomonidan bunyod etilib, kim tomonidan obod etilgani, qaysi hukmdorlar taxtga o`tirganiga e`tiborni qaratadi. Har bir ma`lumotni kamida ikkita dalil asosida berib o`tadi. Bu uning sinchkov, izlanuvchan, qiziquvchan va tinib-tinchimasligidan dalolat beradi.
Olim va muarrix Ishoqxon Ibrat xalq og’zaki ijodini namunalarini ham chuqur bilgan. Chunki ba’zi bir o’rinlarda fikrining isboti sifatida rivoyat, naqllardan misol keltiradi. Farg’onaning kim tomonidan bino qilinganini o’qiganimizda xuddi ertak yoki rivoyat o’qigandek bo’lamiz. Bu shahar haqidagi ma’lumotlarni berishda “Shohnoma”, “Ravzat us-safo”, “Ta’rixi Qutadg’u” asarlariga tayangan va ulardagi ma’lumotlardan o’z o’rnida foydalanib, bir-bir berib boradi. “Shohnoma”dagi ma’lumotga ko’ra, Farg’ona shahrini bino qilgan Farg’ona ismli shaxs bo’lib, u Afrosiyobning umarolaridan bo’lgan. Shu o’rinda “Afrosiyob tarixiy shaxsmi yoki to’qimami?”- degan savolning tug’ilishi ajablanarli hol bo’lmasa kerak. Chunki bu shaxs bilan bog’liq ko’pgina afsona va rivoyatlar bugungi kungacha etib kelgan. Bu masalani ayni bir yoqli qilish uchun 1991 yil “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” ro’znomasida “Afrosiyob tarixiy shaxsmi yoki afsonaviy qahramon?” sarlavhasi ostida maqola chiqqan. Maqolada keltirilishicha, Afrosiyobning asl ismi haqida bahs ketadi.
Ishoqxon Ibrat o`zi tug’ilib o`sgan ona yurti Namangan shahrining ham tarixiga e`tibor berib o`tadi. Evropa va Sharq olimlarining asarlarini chuqur o`rgangan adib Namangan tarixi haqida ma`lumotlar yig’a boshlashga harakat qiladi. Afsuski, biror yerda ma`lumot uchratmaganligini aytib o`tadi. Shunda adib: "Namangon asli namangon emasdur.Forsiya lafzi birla namakon - namak5 kondur. Muni ma`nisi shul ekanki, bizni Chig’atoy tilida asli gon yo`q qon yo g’on bo`ladur. Bu lafzi gon konni oson qilubdur. Yoki forsiylar ixtiloti va ham bayoni lafzi forsiy uchun gon deb mashhur va bu lafzda mazkur bo`ldi" (28,92) -degan fikrlarni aytib o`tadi. Demak, bundan fors tilida namak ya`ni tuz, kon esa so`zlashuvda gonga aylanganini tushunish mumkin. Tarixnavis olim o`zining fikrlarini asoslash uchun Namangan yeri haqida ma`lumotlar bera boshlaydi. U: "Namangon avvali holda, ya`ni mundan to`qqiz yuz yil ilgari erlarda hech kim bo`lmay yotgan biyobon - ko`l tuz bo`lub, ul vaqtda Buxoro xonlarindan Abdullohxon bu Farg’ona taraflariga kelib, har erga goh sardobalar6 kavlab, saqqoyi mo`mininga chohlarni tepasiga gumbazlar qilib, ko`b xalqqa naflik ishlarni qilgan xon ekan" (21,92), deb aytib o`tadi. Bundan shuni tushunish mumkinki, Namangan shahri joylashgan er tuzlardan iborat biyobon bo`lgan. Abdullohxon sardobalar qurish davomida biyobonning bir tomoni daryo va bir tarafi tog’ning xush havosi bo`lganini ko`rib, shu erda shahar qurishni maqsad qiladi. Daryo tomonida sho`r ko`l bo`lib yotgan tuzlar bo`lgan. Buxoro xoni og’oliq mansabida turgan kishiga amr qilib, shahar qurdiradi. Shahar namak kon deb, ya`ni tuz koni "namak kon lafzini forsiyda gon qilib yozub, namakkonni namangon deb, bir nuni zoida ilan namangon bo`ldi, asli namakkondur" deb atalgan ekan. Demak, Namangon nomi Buxoro xoni Abdullohxon nomi bilan bog’liq.
Ibrat Namangan shahrining to`rt mahalladan iborat ekanligini aytib o`tadi.Birinchi mahalla Sardoba nomi bilan atalgan va u Abdullohxon qurdirgan sardoba eri hisoblangan. Ikkinchi mahalla Labbaytag’o deb nomlanadi. Bunday nomlanishiga sabab, mulla Bozor Oxund va jiyanlari o`rtasida ma`lum masofa bo`lib, tog’o jiyanini chaqirganida "labbay, tag’o" deb ovoz bergan. Shundan mahallaning nomi "Labbaytag’o" bo`lib qolgan. Uchinchi mahallaning nomi "Chuqur ko`cha" bo`lgan. Bu ko`cha hamma ko`chalardan chuqur bo`lganligi uchun shu nomni olgan. To`rtinchi mahalla Degrez nomini olgan. Chunki bu mahallada qozon quyadiganlar kelib joylashgan bo`lgan va ular qozon yasagan.
Ibrat Namangan shahrining yoshini 427 yil deb ko`rsatadi va bu yurtdan Anjir Fag’naviy, mulla Bozor Oxund, Mashrab kabi buyuk kishilar o`tganligi haqida ham fikr yuritadi. Shu o`rinda Ibrat Namangan shahrining Rusiya hukumatiga o`tguncha uning poytaxti To`raqo`rg’on bo`lib u erda "...eskiligi jihatidan va ham islom hukumatdorlari bu yerni o`rda qo`rg’onlar qilib, askari islomni vatani manqari edi" (21,92) ,deb aytib o`tadi.
Namangan kichik shahar bo`lsa ham to`rtta qasabadan tashkil topgan. qasabalar7 Namangan hokimiga qarashli bo`lgan. Ular To`raqo`rg’on, Chust, Chahortog’ va Koson deb nomlangan bo`lib, har biri bir beklik eri hisoblangan. Эng katta beklik To`raqo`rg’on bekligi bo`lib, bu qasabada ikkita g’ishtli madrasa, to`rtta paxta zavodi va o`n beshdan ortiq paxta saroylari joylashgan. Shaharning havosi va suvi toza bo`lgan. Hozirgi kunda ham To`raqo`rg’on, Chust, Koson shaharlari shu nom bilan ataladi, faqat Chahortoq – Chortog’ nomi bilan mashhurdir. U yerning ob-havosi shifobaxsh bo`lganligi uchun davolanish maskanlariga boy shahardir.
Faoliyat doirasi keng iste`dodli adib 1925 yilda o`zining ona shahri Namangan tarixi haqida qisqa, aniq ma`lumotlarni tushunarli qilib bayon eta olgan tarixchi olimdir. Har bir fikrini asoslab berishga harakat qilgan. Hozirgi yosh avlod bu asarni o`qib O`zbekistonning go`zal shaharlaridan biri bo`lgan Namangan tarixi haqida to`liq ma`lumotga ega bo`la oladi va ularga xalqimiz bosib o`tgan naqadar og’ir va uzun yo`llarni chuqur idrok etishga o`rgatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |