Qorin aortasi (aorta abdominalis). Ko’krak aortasi XII ko’krak hamda I bel umurtqalarining ro’parasida diafragmaning aorta teshigi (hiatus aorticus) dan qorin parda orqa bo’shlig’iga
o’tgach, qorin aortasi (aorta abdominalis) deb ataladi. U bel umurtqalarining oldida va bir oz chap tomonidan pastga qarab yunalib, IV bel umurtqasining ro’parasida o’ng va chap umumiy yonbosh arteriyalari (aa. iliaca communes) ga bo’linadi. Qorinaortasi bo’linadigan joyida o’zidan yana bitta arteriya - dumg’azaning oraliq arteriya (a. sacralis mediana) sini beradi. Aortaning ikkita umumiy yonbosh arteriyalariga bo’linadigan joyiga uning ayrisi (bifurcatio aortae) deyiladi. Qorin aortasining oldida me’da osti bezi, 12 barmoq ichakning ko’tariluvchi qismi va ichak tutqichining ildizi yotadi. Uning o’ng tomonidan pastki kovak vena, chap tomonidan - chap simpatik poyaning bel qismi o’tadi.
Qorin aortasi o’zidan toq va juft tarmoqlarni chiqaradi. Uning toq tarmoqlari asosan oldingi sohasidan chiqib, bularga qorinning arterial stvoli (truncus coelia-cus), ichak tutqichning yuqori va pastki arteriyalari kiradi. Bularning birinchisi XI - XII ko’krak umurtqalarining ro’parasida, ikkinchisi - I bel va uchinchisi - II - IV bel umurtqalarining ro’parasida aortadan chiqadi.
Juft tarmoqlari aortaning yon devorlaridan chiqib, ularga diafragmaning o’ng va chap pastki arteriyalari (aa. phrenicae inferioris dextra et sinistra), buyrak usti bezining o’rta arteriyalari (a. suprarenalis media), buyrak arteriyalari (aa. renalis), moyak arteriyalari (ayollarda tuxumdon arteriyasi) - aa. testicularis (aa. ovarica) hamda to’rt juft bel arteriya (aa. bumbalis) lari kiradi.
Pastki kovak vena (vena cava inferior). Pastki kovak vena, venalar ichida eng kattasi bo’lib, uzunligi 23 - 25 sm, eni 2 - 3,5 sm keladi. Shundan 18 - 20 sm qorin bo’shlig’iga, 2 - 5 sm ko’krak bo’shlig’iga to’g’ri keladi. U bel umurtqalarining o’ng tomonida joylashib, qorin aortasiga parallel holda qorin parda orqasida yotadi.
Pastki kovak vena to’rtinchi va beshinchi bel umurtqalarining qo’shilgan joyida o’ng va chap umumiy yonbosh venalari (v. iliaca communis dextra et sinistra) ning qo’shiluvidan hosil bo’ladi. Bu venaning pastki qismi o’ng tomondagi bel mushagining (m. psoas major dexter) medial tomoni, undan so’ng mushakning oldingi tomoni bo’ylab yuqoriga ko’tarilib, diafragma bel qismining o’ng tomonidagi pay qismidan o’ziga xos teshik (foramen venae cavae) orqali ko’krak bo’shlig’iga o’tadi. Bu joydan oldinga va bir oz ichkariga qarab yo’nalib, yurakning o’ng bo’lmachasiga quyadi. Pastki kovak vena o’z yo’lida bir qancha a’zolarga tegib turadi. Masalan, uning qorin sohasidagi qismining orqasida o’ng tomondagi bel arteriyalari (aa. lumbalis), diafragmaning pastki arteriyasi (a.
phrenica inferior), buyrak usti bezining arteriyasi (a. suprarenalis), buyrak arteriyasi (a. renalis) hamda o’ng simpatik nervining chegara stvoli joylashadi; venaning o’ng yuzasi bel mushagiga, chap tomoni esa qorin aortasiga tegib turadi. Pastki kovak venaning yuqori qismi diafragmani o’ng tomondagi medial oyoqchasi bilan aortadan ajratib turadi.
Pastki kovak venaga asosan juft venalar kelib quyiladi. Bular: diafragmaning pastki venalari (vv. phrenicae, inferiores), buyrak usti bezlarining o’rta venalari (vv. suprarenalis media), buyrak venalari (vv. renalis), o’ng moyak venasi (v. testicularis dextra), buyrak venasiga quyadigan chap moyak venasi (v. testicularis sinistra), to’rtta bel venalari (vv. lumbalis) hamda jigar venalari (vv. hepatica). Bulardan tashqari, bu venaga qopqa venasini hosil qilib, keyinchalik jigar venasi orqali quyiladigan toq, venalar (ichak tutqichning yuqori va pastki hamda taloq venalari) ham quyiladi.
Toq, va yarim toq venalari (vv. azygos et hemiazygos). Pastki kovak venaga quyadigan to’rtta bel venalaridan ko’tariluvchi bel vena (v. lumbalis ascendens) lari ajralib chiqib, o’ng tomonda toq, chap tomonda - yarim toq, venalarini hosil qiladi. Bular umurtqalarning oldingi yon tomonlari bo’ylab ko’tarilib, diafragmaning ichki hamda o’rta oyoqchalari o’rtasidan o’tgach, orqa ko’ks oralig’iga kiradi. Yarim toq, vena VII - VIII ko’krak umurtqalari ro’parasida o’ng tomonga o’tib, toq venaga, u esa o’z navbatida - yuqori kovak venaga quyiladi. Toq va yarim toq venalari kavo - kaval anastomozida katta rol o’ynaydi. Qorinparda orqasidagi bo’shliqning nervlari asosan simiatik poya, simpatik chigallarni hamda adashgan nerv tolalarini o’z ichiga oladi.
Simpatik poyaning bel qismi (pars lumbalis truncus sympathicus). Simpatik poya orqa ko’ks oralig’idan diafragmaning tashqi va o’rta oyoqchalari orasidan chiqib kelib, bel umurtqalarining oldingi sohasida joylashadi. Simpatik poya beshta tugunni hosil qiladi. Bu tugunlar bir - biri bilan tugunlararo tarmoqlar (rami intergangiionare) bog’langan bo’ladi. Bundan tashqari, ular o’zlarining ko’ndalang tolalari yordamida qarama - qarshi tomondagi tugunlar bilan ham birlashadilar.
Qorinchitali (plexus coeiiacus). Qorinning arterial stvoli atrofida hosil bo’ladi. Uning hosil bo’lishida ichki a’zolarga boruvchi katta va kichik nerv (pp. splanchnicus major et minor) lar qatnashib, ulardan chiqqan nerv tolalari qorinning simpatik chigalidan so’ng qon tomirlarga, me’da va ichaklarga tarqaladi va ularning ishini
(harakatlarini sekinlashtirish, toraytirish va h. k.) yo’lga solib turadi. Bulardan tashqari, qorinsimpatik chigalining hosil bo’lishida adashgan nervlar, ko’krak aorta chigali va o’ng diafragma nervlarining tarmoqlari ham qatnashadi.
Qorin simpatik chigalidan chiquvchi tolalar boshqa nerv chigallarini ham (buyrak, buyrak usti, yuqori va pastki ichak tutqich, qorin, aorta, bel oldi va dumg’aza) hosil bo’lishida qatnashadi. Ular qorin bo’shlig’i hamda qorin parda orqasi bo’shliqlaridagi a’zolarni innervatsiya qilib turadi.
Qorinparda orqasidagi bo’shliqning limfa yo’llari juda ko’p limfa chigallarini va tugunlarini hosil qiladi. Bunda oyoqlardan, chanoq a’zolaridan, qorin bo’shlig’idan hamda Qorindevorlaridan limfa qabul qilayotgan hamma limfa tugunlari uchta limfa stvolini hosil qiladi. Ularning ikkitasi juft, ya’ni bel limfa stvoli (trunci lumbales) va bittasi toq - ichak limfa stvoli (trunci intestinaiis) dir. I bel va XII ko’krak umurtqalari ro’parasida bu stvollar o’zaro birlashib, ko’krak limfa qopchasi (cycterna chili) ni hosil qilib, keyinchalik bu yo’l ko’krak limfa yo’li (ductus thoracicus) deb nomlanadi. U yuqoriga ko’tarilib orqa ko’ks oralig’iga, diafragmaning medial oyoqchalari orasidan o’tib ketadi. Ko’krak qafasida ko’krak limfa yo’li aortaning o’ng tomonidan o’tib, chap vena burchagiga quyiladi.
Yuqori hamda pastki kovak venalar orasida uch joyda kavo - kaval anastomozlari hosil bo’ladi. Bular: qorinning oldingi devorida, Qorinparda orqasidagi bo’shliqda va umurtqa pog’onasi yonidagi hosil bo’lgan anastomozlardir. Ularning klapanlari bo’lmaganligi tufayli, yonlama qon aylanishi ikkala tomonga ham (yuqori va pastki kovak venaga) yo’nalish imkoniyatiga egadir.
Qorin hamda ko’krak devorlarida yonlama qon aylanish yo’llari ularning yuzaki va chuqur qavatlarida joylashadi. Bunda yuzaki qavatlardagi anastomozlar qorinning teri ostidagi venalari orasida (vv. subcutanea abdominis), qorintepasidagi pastki vena (son venasiga quyadi) bilan qorin tepasidagi ustki venalar (o’mrov osti venasiga quyadi) orasida hosil bo’ladi.
Qorin hamda ko’krak qafasi devorlarining orqa sohalarida yonlama qon aylanish jarayoni toq va yarim toq venalari bilan bel
venalari orasida hosil bo’ladi. Bunda bel venalari (pastki kovak venaga quyadi) bilan ko’tariluvchi bel venalari (toq va yarim toq venalariga quyadi) orasidagi anastomozlar kavo - kaval anastomozlarini hosil bo’lishiga olib keladi.
Umurtqa pog’onasi atrofida hosil bo’lgan vena chigallari, uning tashqi va ichki vena chigallarining yig’indisidan hosil bo’ladi. Umurtqaning tashqi vena chigali oldingi va orqa guruhlarga (plexus venosi vertebralis externi anterior et posterior) bo’linadi. Birinchisi umurtqa pog’onasining oldingi va orqa sohasida joylashadi, ikkinchisi (orqangi va oldingi - plexus venosi vertebralis interni anterior et posterior) - umurtqa tanalarining orqasida hamda umurtqa yoyining va sariq boylamlarning ichki yuzasida joylashadi. Bu chigallar umurtqa (yelka - bosh venasiga quyadi) hamda bel va qovurg’alararo (pastki kovak venaga quyadi) venalari bilan anastomozda bo’ladi.
Bu borada kovak venalar bilan qopqa vena sistemasi orasidagi yonlama qon aylanishiga ham to’xtalib o’tishimiz zarur. Qopqa venasining torayishi yoki qisilishi, tiqilishi hamda jigar sirrozida undan qon o’tmay qolishi natijasida qon qopqa vena sistemasidan porta - kaval anastomozlarini hosil qiluvchi, yonlama qon tomirlari orqali kovak venalarga o’tadi. Bunday anastomozlarning uchta asosiy guruhlari mavjud: 1) me’daning chap venasi va qizilo’ngachning yuqori qismi venalari (toq va yarim toq venalarning boshlanishi) bir tomondan hamda me’daning katta venasi (qopqa venasiga quyadi), ikkinchi tomondan o’zaro anastomoz hosil qiladi. Bu anastomoz orqali qopqa vena yuqori kovak vena bilan birlashadi: 2) to’g’ri ichakning yuqori venasi (ichak tutqichning pastki venasiga quyadi) bilan to’g’ri ichakning o’rta va pastki venalari (pastki kovak venaga quyadi) orasidagi anastomoz, qopqa vena sistemasini pastki kovak vena bilan birlashtiradi; 3) kindik atrofidagi venalarni jigar yumaloq boylami tarkibidagi kindik venasi bilan o’zaro anastomozi ikkala kovak venalarni qopqa venasi bilan birlashtiradi.
TEKSHIRISH UCHUN SAVOLLAR
1. Qorinning oldingi devori qanday sohalarga bo‘linadi?
2. Qorinning oldingi devorida nechta qavat tafovut qilinadi?
3. Qorin oq chizig‘i qanday hosil bo‘ladi va uning
topografiyasi?
4. Qorin to‘g‘ri mushagining qini kindikdan yuqorida va undan
pastda qanday tuzilgan?
5. Qorin oldingi devorining qon tomir va nervlarining
topografiyasi qanday?
6. Chov kanalining nechta devori bor va ular qanday hosil
bo‘ladi?
7. Chov kanalining yuzaki va chuqur teshiklari qanday hosil
bo‘lgan?
8. Qorin oldingi devorining orqadan (qorin bo‘shlig‘i
tomonidan) ko‘rinishi va uning ta'rifi? (egatlar va
chuqurchalar)
9. To‘g‘ri va qiyshiq chov churralari nima va ularning
topografiyasi?
10. Qorin bo‘shlig‘i nechta qavatga bo‘linadi va uni
nimalar bo‘lib turadi?
11. Jigar xaltasi qanday hosil bo‘ladi va uni qaysi boylam
me'da oldi xaltasidan ajratib turadi?
12. Me'da oldi xaltasi qanday hosil bo‘ladi va uning ichida
nimalar joylashgan?
13. Charvi xaltasi qanday hosil bo‘ladi? Uning devorlarini
aytib bering.
14. Qanday boylamlar charvi xaltasi teshigini (Vinslov
teshigini) hosil qiladi va bu teshik orqali charvi xaltasi
qaуerlar bilan aloqa qiladi?
15. Ichak tutqich bo‘shliqlari (sinuslari) qanday hosil bo‘ladi
va ularda nimalar joylashgan?
16.Qorin bo‘shlig‘ining yon kanallari qanday hosil bo‘ladi va
ular qaуerda joylashgan?
17. Qorin bo‘shlig‘ining ustki va pastki qavatlarida qanaqa
qorin a'zolari joylashgan va ular qorin bo‘shlig‘ining
qaуerlarida joylashadi?
18. Ingichka va yo‘g‘on ichaklar qanaqa qismlarga bo‘linadi?
19. Ingichka ichakning tutqichi qanday birikadi?
20. Yo‘g‘on ichakni ingichka ichakdan farqlatadigan asosiy
belgilarni aytib bering?
21. Ingichka ichakning qon bilan ta'minlanishini asosiy
xususiyatlari nimalardan iborat?
22. Me'daning sintopiyasi qanday?
23. Me'daning qanaqa boylamlari bor?
24. Me'daning kichik va katta egriligidan qanaqa arteriyalar
o‘tadi?
25. Me'daning innervatsiyasi qanaqa, vena qoni qaуerga oqadi?
26. Jigarning qanaqa boylamlari bor?
27. Jigar 12 – barmoq ichak boylamidan nimalar o‘tadi va
ularning topografiyasi?
28. Qopqa venasi qaysi venalardan hosil bo‘ladi?
29. Kuino bo‘yicha jigarda nechta segment bor (qopqa vena
tarmog‘i bo‘yicha) va ular qanday aniqlanadi?
30. O‘t pufagining topografiyasi qanday?
31. O‘t pufagining jigar bilan o‘zaro munosabati va uning
turlicha joylanish holatlari?
32. Kalo uchburchagi qanday hosil bo‘ladi?
33. Taloqning sintopiyasi qanday?
34. Taloqning qanaqa boylamlari bor?
35. Qaysi boylam ichida taloq arteriyasi va venasi o‘tadi, uning
innervatsiyasi va limfa yo‘llari qanday?
VII BOB
CHANOQ VA ORALIQNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI
Chanoq (Pelvis). Chanoq deb, topografik anatomiya nuqtai nazaridan chanoq suyaklari (ossa coxae), dumg’aza (os sacrum), dum (os coccygis) hamda boylamlar bilan chegaralanib turgan kishi tanasining bir qismiga aytiladi. U tashqaridan va pastdan yumshoq to’qimalar bilan o’ralib, ichini yog’ to’qima, siydik - tanosil a`zolari, to’g’ri ichak qon tomir, nerv va limfa tugunlari to’ldirib turadi. Chanoqning chiqish qismi yumshoq to’qimalar bilan yopilgan bo’lib, bu sohaga oraliq (perineum) deyiladi. Oraliq ham o’z navbatida siydik - tanosil (reg. urogenitalis) va orqa chiqaruv (reg. analis) sohalariga (uchburchaklariga) bo’linadi.
Chanoqning suyak asosini bir - biri bilan birikkan yonbosh, qov, qo’ymich hamda dumg’aza va dum suyaklari tashkil qiladi. Yuqorigi uchta suyaklarning birlashgan joyida qo’ymich kosasi (acetabulum) bo’ladi. Chanoq suyaklari orqada qo’ymich suyagi bilan qo’ymich - yonbosh bo’g’imini, oldinda - tolali tog’ay yordamida, qov birlashmasi (simfiz) ni hosil qilib birlashadi. Suyaklarning birlashgan joylari boylamlar bilan mustahkamlanib, bir butun suyak - fibrozli xalqa - chanoqni hosil qiladi.
Odatda chanoqning ikki qismi tafovut qilinadi. Bular katta va kichik chanoq (pelvis major et pelvis minor) qismlaridir. Ularni chegaralovchi chiziq (linea terminalis) ajratib turadi. Bu chiziq ikki yon tomondan yonbosh suyaklarining ravoqsimon chiziqlari (linea
arcuata), bilan va oldindan esa, qov - ustki qirg’oqlarining bir - biri bilan birlashishidan hosil bo’ladi (50 - rasm).
Katta chanoq ikki yon tomondan yonbosh suyaklarning qanotlari va orqa tomondan IV - V bel umurtqalarining tanasi bilan o’ralgan bo’lib, oldindan faqat qorin devori mushaklarining pastki qismidan iborat bo’ladi.Katta va kichik chanoqlarni ajratuvchi chiziq bilan chegaralangan teshikka, kichik chanoqning ustki teshigi (apertura pelvis superior) deyiladi, Dum suyagi, dumg’aza - qo’ymich boylami, qo’ymich va qov suyaklarining pastki butoqlari hamda qovning ravoqsimon boylamlari bilan chegaralangan teshikka esa - kichik chanoqning pastki teshigi (apertura pelvis inferior) deyiladi. Shu pastki va ustki teshiklar orasidagi bo’shliqqa kichik chanoq bo’shlig’i (cavum pelvis) deyiladi. Bu bo’shliqda, yuqorida
aytganimizdek uning a`zolari (siydik - tanosil a`zolari, to’g’ri ichakning bir qismi, qon tomir, nerv va limfa yo’llari) joylashadi.
Kichik chanoq bo’shlig’ida chanoqning parietal va vistseral mushaklari yotadi. Parietal mushaklarga ikkita mushak: noksimon va ichki yopqich mushaklari, vistseral mushaklarga esa - orqa chiqaruv teshigini ko’taradigan mushaklar (m. levator ani) va orqa chiqaruv teshigi tashqi qisqichini hosil qiluvchi mushak (m. sphincter ani externus) lar kiradi.
Orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushak yalpoq shakldagi juft mushak bo’lib, ikki qismdan tashkil topadi. Birinchisi qov - dum (m. pubococcygeus) va ikkinchisi yonbosh - dum (m. iiiococcygeus) mushaklaridir. Bular qov suyagini simfizidan, chanoq parietal fastsiyasining qalinlashgan pay ravog’idan va qo’ymich suyagi do’mbog’idan boshlanib, voronkasimon shaklda pastga tushgach, to’g’ri ichak oxirgi qismining devorlari atrofiga aylanib birikadi. Mushaklarning ayrim tolalari dumg’aza - dum boylami (lig. sacrococcygeum ventrale) ichki yuzasiga va dumg’azaga birikadi. Erkaklarda bu mushak prostata bezini, ayollarda - siydik chiqaruv kanalini o’raydi. Uning orqasida dum mushagi (m. coccygeus) joylashgan bo’lib, u quymich do’mbog’idan boshlanadi va dumg’aza hamda dum suyaklarining yon tomonlariga birikadi.
Orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushak dum mushagi bilan birgalikda chanoq diafragmasini hosil qiladi. Orqa chiqaruv teshigi tashqi qisqichini hosil qiluvchi mushak orqa teshik atrofida, teri ostida yotib, uning tolalarini yuzaki qismlari dum hamda orqa teshik - dum boylami (lig. ana coccygeus) dan boshlanadi. Keyinchalik ular to’g’ri ichakning pastki qismlariga, aylanma tolalari bilan birga borib, orqa chiqaruv teshigining tashqi (ixtiyoriy) qisqichini hosil qiladi.
Ikkala orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushaklarning pastki - ichki sohalari bir - biridan ancha masofada o’tadi. Shu ochiq yetishmay qolgan masofani, ya`ni quymich suyaklari bilan qov suyaklarining pastki butoqlari o’rtasidagi bo’shliqni oraliqning chuqur ko’ndalang mushagi (m. transversa perinei profundus) to’ldirib yotadi. Ana shu mushakning joylashgan o’rniga siydik - tanosil diafragmasi (diaphragma urogenitale) deyiladi. Uning shakli uchburchaksimon bo’lganidan siydik - tanosil uchburchagi (trigonum urogenitale) ham deyilib, yon tomonlaridan qov suyaklarining pastki butog’i, orqadan - quymich do’mboqlarini birlashtirib turuvchi chiziq (linea biischiadica) chegaralab turadi.
Chanoq fastsiyalari (fasciae pelvis). Chanoqda parietal hamda vistseral fastsiyalar tafovut qilinadi, birinchisi, qorin ichki fastsiyasining davomi bo’lib hisoblanadi. Parietal fastsiya (fascia parietalis pelvis) chegara chiziqdan (linea terminalis) boshlab, toki quymich – do’mboq boylamigacha bo’lgan chanoq devorini hamda u yerdagi mushaklarni (noksimon, dum, ichki yopqich) qoplaydi. Vistseral varaq (fascia visceralis pelvis) esa katta chanoqning oldingi devori bo’lmish qorin devori pastki sohalarini ichkaridan yopib, u yerdan chanoqdagi bel - yonbosh mushagiga o’tadi va uning ham ustidan yopgach, chegara chiziqni aylanib, kichik chanoq bo’shlig’iga tushadi.
Chanoqning parietal varag’i qalinlashib, qov suyagi simfizining ichki qirrasidan, quymich suyagining uchli o’tkir o’sig’igacha bo’lgan masofada payli ravoq (arcus tendineus) ni hosil qiladi. Bu ravog’dan orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushaklarning boshlanishini yuqorida yozib o’tgan edik. Parietal varaq pastga, oraliqqa o’tgach, chanoq hamda siydik - tanosil diafragmalarini yorib, oraliq fastsiyasi degan nomni oladi. Bu yerda u oraliqning chuqur ko’ndalang mushagini ustidan yopib, siydik - tanosil diafragmasining ustki fastsiya (fasia diaphragmatis urogenitalis superior) si, ostida shu diafragmaning pastki fastsiya (fascia diaphragmatis urogenitalis inferior) si deb ataladi. Mushakning oldingi qirrasida bu fastsiyalar o’zaro birikib, oraliqning ko’ndalang boylami (lig. transversum perinei) ni hosil qiladi. Shunday qilib, chanoqning parietal fastsiyasi chanoqdagi mushaklarni (orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi, noksimon, ichki yopqich va oraliqning ko’ndalang chuqur mushagi) hamda chanoq devorlarini yopib, pastga tushgach, kichik chanoq a`zolariga o’tadi va vistseral varaqqa aylanadi.
Vistseral varaq ham o’z navbatida chanoq a`zolarining atroflaridan yuqoriga ko’tarilib, parietal varaqqa o’tadi. Bunda vistseral varaqning tik ko’tarilgan plastinkalari sagittal yo’nalishda bo’lib, qov simfizidan quymichgacha tortilib boradi. Bu varaqlar chanoqning oldingi sohasida prostata bezi bilan siydik qopini o’raydi va siydik - tanosil uchburchagi yuqori qismiga birikib, oldindan siydik qopi oldi fastsiyasiga o’tib ketadi. Oxirgi fastsiya kindik bilan chanoq tubi orasida joylashadi. Vistseral varaqning tik ko’tarilgan plastinkalarining orqa sohasida chanoqning vistseral varag’i oldin to’g’ri ichakning yon tomonlaridan o’tib, keyinchalik uning orqasida o’zaro birlashadi (51- rasm).
Vistseral varaqning tik ko’tariluvchi plastinkalari orasida, qorin pardaning parietal varag’idan hosil bo’lib, oraliqqa boradigan ko’ndalang yo’nalishli to’siq qorin - oraliq fastsiya (fascia peritoneoperinealis) si deyiladi. Bu to’siq birlamchi qorin pardaning ikki varag’idan hosil bo’lib, siydik - tanosil a`zolarini to’g’ri ichakdan ajratib turadi.
Shunday qllib, chanoqda ikkita yopiq - oldingi va orqa fassial qobiqlar hosil bo’ladi. Bularning birinchisini, oldindan qovuq oldi fastsiya bilan yopilgan qov simfizi, yon tomonlaridan - vistseral fastsiyaning tik ko’tariluvchi plastinkalari, pastdan – oraliq, orqadan - qorin - oraliq fastsiyasi chegaralab turadi. Bu oldingi fassial qobiq ichida erkaklarda qovuq, prostata bezi, urug’ pufakchalari, urug’ chiqaruv yo’llarining oxirgi uchlari va yog’ to’qima joylashadi. Ayollarda esa, qovuq bilan qin joylashadi. Orqa qobiq oldindan – qorin - oraliq fastsiyasi, yon tomonlardan - vistseral fastsiyaning tik
ko’tariluvchi plastinkalari, yuqoridan - qorin pardaning parietal varag’i, pastdan - oraliq, orqadan - quymich bilan chegaralanib, unda yog’ to’qima va to’g’ri ichak joylashadi.
Kichik chanoq bo’shlig’ini uch qavatga: yuqori, o’rta va pastki qavatlarga bo’lib o’rganadilar (52-rasm).
Yuqori qavat (cavum pelvis peritoneale). Ma`lumki, qorin pardaning parietal varag’i qorin oldingi yuzasidan pastga - katta chanoqqa tushib, uning devorlarini yopadi. So’ngra u pastga yo’nalib, kichik chanoq bo’shlig’ining ustki teshigi chegarasidan o’tgach, uning ichiga voronkasimon bo’lib kirib boradi. Qorin pardaning ana shu kirib borgan qismining oxiri bilan, kichik chanoq
bo’shlig’ining ustki chegarasi orasidagi masofaga kichik chanoqning yuqori qavati deyiladi. Uning ichida ingichka ichak qovuzloqlari, ayrim vaqtlarda ko’ndalang chambar ichak, ko’r ichak (chuvalchangsimon o’simta bilan) yoki sigmasimon ichaklar joylashadi.
O’rta qavat (cavum pelvis subperitoneale). Kichik chanoq bo’shlig’iga kirib borgan parietal qorin parda orqa chiqaruv teshigini ko’tarib turuvchi yuzaki mushaklargacha yetib bora olmaydi. Natijada mushaklar bilan qorin pardaning orqa yuzasi orasidagi siyrak to’qima, qon tomir va nervlar bilan to’lgan masofa qoladi. Shu joyga kichik chanoqning o’rta qavati deyiladi.
Pastki qavat (cavum pelvis subcutaneum s. fossa ischi). Chanoq o’rta qavatining ostida, tashqaridan kichik chanoq devorlari, yuqoridan va ichkaridan - orqa chiqaruv teshigini ko’tarib turuvchi mushaklarning pastki yuzasi va pastdan - teri bilan chegaralanib turgan uchburchaksimon joyga kichik chanoqning pastki qavati deyiladi.
Qorin pardaning chanoqdagi yo’li. Qorin oldingi devorini ichkaridan yopib, chanoqqa tushgan qorin parda, erkaklarda qovuqni yuqoridan, ikki yonidan va orqasidan yopib, to’g’ri ichakning oldingi devoriga o’tadi. Bunda qovuq bilan to’g’ri ichak o’rtasida qovuq - to’g’ri ichak chuqurligi (excavatio rectovesicalis) hosil bo’ladi. Chuqurning tubi oraliqning payli markaziga qorin parda - oraliq aponevrozi (Denonville — Salishchev aponevrozi) bilan mustahkam birikkan bo’lib, qorin bo’shlig’ining chanoqdagi eng pastki chegarasi hisoblanadi. Har xil yallig’lanish jarayonida (o’tkir appenditsit, teshilgan me`da, ichak yaralari, yorilgan o’t pufagi, jarohatlardan keyin yig’ilgan qon, ekssudat va h. k.) bu chuqurlikda yig’ilib, yiringlashishi, chegaralangan absesslarni hosil qilishi mumkin. Qovuqdan to’g’ri ichakka o’tgan qorin parda ichakning oldingi yuzasi bo’ylab yuqoriga ko’tarila borib, kengaygan holda ichakning yon devorlarini ham qoplaydi va III dumg’aza umurtqasiga yetgach, uni batamom hamma tomonidan o’raydi.
Ayollar chanog’ida qorin parda qorin oldingi devoridan tushib, siydik qopini xuddi erkaklarnikidek yopib, bachadonning oldingi devoriga o’tadi, u yerdan uning ustini va yon devorlaridan yopgach, orqa devoriga o’tadi va orqa devorini ham yopib, to’g’ri ichakning oldingi devoriga o’tadi. Natijada ikkita: oldingi va orqa chuqurliklar hosil bo’ladi. Birinchisi, qovuqning orqa devori bilan bachadonning oldingi devori o’rtasida hosil bo’lib, bunga qovuq - bachadon
chuqurligi (excavatio vesicouterina) deyiladi. Ikkinchisi - bachadon orqa devori bilan to’g’ri ichak oldingi devori o’rtasida hosil bo’lib, bunga to’g’ri ichak - bachadon chuqurligi (excavatio rectouterina) deyiladi. Oldingi chuqurlikka Duglasning oldingi chuqurligi, orqadagisiga - Duglasning orqa chuqurligi ham deyilib, orqadagisi oldingisiga nisbatan ancha chuqur bo’ladi. Shuning uchun qorin bo’shlig’ida yoki chanoqda yig’ilgan suyuqliklar (qon, ekssudat, yiring va h. k.) avval shu chuqurlikda yig’iladi. Orqa Duglas chuqurligini punktsiya qilmoqchi bo’lsak bu ish qinning orqa gumbazi orqali bajariladi.
Chanoqning yuqori qavatida qorin parda bilan qoplangan chanoq a`zolari: to’g’ri ichak va qovuqning yuqori qismi, ayollarda -- bachadonning tubi, tanasi, bo’yin qismining orqa devori, bachadon naylari va tuxumdonlar joylashadi.
Ikkinchi qavatda erkaklarda, qovuqning qorin parda bilan yopilmagan qismi, prostata bezi, urug’ pufagi, urug’ yo’li, to’g’ri ichak va siydik yo’lining chanoq qismi joylashadi. Ayollarda esa qovuq bilan to’g’ri ichakning hamda siydik yo’lining aytilgan qismlari bilan bachadonning oldingi devori va uning qin qismi bilan qin joylashadi.
Chanoqning uchinchi qavatida, erkaklarda to’g’ri ichakning oxirgi qismi, ayollarda bo’lsa - siydik chiqarish kanalining hamda to’g’ri ichakning oxirgi qismi bilan qinning oraliq qismi joylashadi.
G’ovak tanalarni qoplab yotgan oqsil parda ham suyak usti pardasiga birikkan bo’ladi. Quymich – g’ovak mushagi, qo’ymich mushaklaridan boshlanib, olatning orqa tomoniga o’tadi va pay qismlari bilan uning oqsil pardasiga birikadi. Oqsil parda taranglansa, olatni erektsiya holatiga keltiradi. Olat o’zining ildiz qismi bilan siydik - tanosil uchburchagiga mustahkam birikadi.
Chanoq a`zolari hamda a`zolari bilan uning devorlari orasida yog’ to’qima bo’shliqlari hosil bo’ladi. Bu yog’ to’qimalar chanoqning ayrim joylarida ko’p, ayrim joylarida esa oz miqdorda chanoqning o’rta qavatida joylashgan yog’ to’qima bo’shliqlarida uchraydi. U yerda bunday bo’shliqlardan devor oldi, qovuq oldi, to’g’ri ichak orqasi va bachadon yoni to’qima bo’shliqlari mavjuddir. Devor oldi to’qima bo’shlig’i kichik chanoq bo’shlig’ining yon tomonlarida hosil bo’lib, chanoq devorini qoplagan parietal fastsiya bilan, uning a`zolarini yopgan vistseral fastsiyasi oralig’ida joylashadi. Yog’ to’qima parietal fastsiyadan ichkarida va tashqarida yotadi. Yog’ to’qimaning ichida parietal fastsiyaning tashqi
sohasidan dumg’aza chigalining nerv stvollari, ichki sohasidan - qon tomirlar o’tadi.
Shuni e`tiborga olish kerakki, bu yog’ to’qimadan o’tayotgan qon tomir hamda nerv tutamlari orqali yiringli yallig’lanish jarayonlari, ularning o’tgan yo’llari bo’ylab tashqaridan chanoq ichki a`zolari tomoniga va aksincha, ichki a`zolardan tashqariga tarqalishi mumkin. Masalan, devor oldi yog’ to’qimasidagi yallig’lanish jarayoni qon tomir va nervlar bo’ylab, noksimon mushak usti va osti
teshiklari orqali dumba sohasiga, u yerdan esa quymich nervi orqali sonning orqa sohasiga, tizza osti chuqurchasiga tarqalishi mumkin. Yoki, tanosil qon tomirlari (vasa pudenda interna et. n. pudendus) orqali kichik quymich teshigidan to’g’ri ichak - quymich chuqurcha (fossa ischiorectalis) siga va u yerdan yopqich nervi orqali - sonning yaqinlashtiruvchi mushaklarining fassial yotqichlariga tarqalishi mumkin.
Qovuqning oldingi devori bilan qov suyaklari birlashmasining ichki yuzalari orasida yog’ to’qima bo’shlig’i bor. Bo’shliqning pastki sohasini prostata boylamlari chegaralab turadi. Obliteratsiyaga uchragan kindik arteriyalari orasidan tushib kelayotgan qovuq oldi fastsiyasi orqali bu bo’shliq ikkita to’qima bo’shlig’iga, ya`ni qovuq oldi va qorin parda oldi bo’shliqlariga bo’linadi. Bularning birinchisi, oldindan qorinning ko’ndalang fastsiyasi va orqadan qovuq oldi fastsiyasi bilan, ikkinchisi esa oldindan - qovuq oldi fastsiya va orqadan - qorin parda bilan chegaralanib, yon tomonlardan qovuq oldi to’qima bo’shlig’iga o’tib ketadi.
To’g’ri ichak orqasi yog’ to’qima bo’shlig’i, oldindan to’g’ri ichak qobig’i, orqadan - quymich suyagi bilan chegaralanib, yuqoridan - qorin parda orqasi bo’shlig’iga qo’shilib ketadi. Uning pastki qismi orqa chiqaruv teshigini ko’tarib turuvchi mushak fastsiyasi bilan chegaralanib turadi. Bu to’qima yon tomonlaridan ichki yonbosh arteriyalargacha, to’g’ri ichakni yon tomonlaridan o’rab oladi. Shuning uchun ham bu to’qimaga to’g’ri ichak yon (pararektal) to’qimalari ham deyiladi. Uning ichidagi to’qimada quymichning o’rta va yon arteriyalari, vena chigallari, simpatik chigallar va limfa tugunlari joylashadi.
Bachadon yoni to’qima bo’shlig’i, bachadon bo’yin qismining yonlarida hosil bo’lib, unga parametrium deyiladi. U bachadon serbar boylamlari ichidagi yog’ to’qimasi bilan aloqada bo’lib, undagi to’qima, boylam varaqlarining yuqori tomonlarida kamroq bo’ladi. Ammo bu to’qima pastki, ya`ni bachadon bo’yniga yaqinlashgan
tomonlarida ancha qalinlashib, fassial va mushak tolalaridan hosil bo’lgan kuchli qo’shimcha to’qimani hosil qiladi. Uning ichidan venalar, qin-bachadon va bachadon nerv chigallari o’tadi. Bachadon yoni to’qima bo’shlig’i yuqoridan yonbosh chuqurchasining qorin parda orqasidagi yog’ to’qimasi bilan aloqa qiladi. Pastdan - chanoq diafragmasigacha borib, chanoq fastsiyasi ostidagi to’qima bilan birlashadi. Yon tomonlardan esa noksimon usti va osti teshiklari orqali dumba sohasining yog’ to’qimalari bilan aloqada bo’ladi.
Kichik chanoq bo’shlig’ining pastki qavatida yog’ to’qimaning eng ko’p yig’iladigan joyi, bu quymich - to’g’ri ichak chuqurcha (fossa ischiorectalis) sidir. Infektsiya bu yerga chanoq diafragmasi, yoki kichik quymich teshigidan o’tayotgan tanosil qon tomir hamda nerv yo’llari bo’ylab o’tishi mumkin.
Ma`lumki, qorin aortasi IV — V bel umurtqalarining ro’parasida o’ng va chap umumiy yonbosh arteriyalariga bo’linadi. Uning bo’lingan joyida kengaygan (bifurkatsiyasi) joyi bo’ladi. U yerdan pastga va tashqariga qarab yo’nalgan umumiy yonbosh arteriyalari quymich - yonbosh bo’g’imlari ro’parasida o’zlarining oxirgi ikkita tarmoqlariga: tashqi va ichki yonbosh arteriyalariga bo’linadi.
Tashqi yonbosh arteriya (a. iliaca externa) si quymich - yonbosh bo’g’im sohasidan bel mushagining ichki qirrasi bo’ylab pastga tushib, qon tomirlar kovagi (lacuna vasorum) orqali sonning oldingi sohasiga o’tib ketadi.
Ichki yonbosh arteriyasi (a. iliaca interna) quymich - yonbosh bo’g’imidan boshlanib, uzunligi 3 - 4 sm keladi. U kichik chanoqning orqa lateral sohasidan pastga va orqaga qarab yurib, katta quymich teshigining yuqori qirrasida ikki guruh; oldingi va orqa tarmoqlariga bo’linadi. Orqa guruhdagi qon tomirlar chanoq devorlariga parietal tarmoqlarni: yonbosh - bel (a. iliolumbalis), dumg’azaning yon (a. sacralis lateralis), dumbaning ustki (a. glutea superior), yopqich (a. obturatoria) hamda dumbaning pastki arteriya (a. glutea inferior) larini beradi.
Oldingi guruh yoki vistseral tarmoqlariga: qovuqning ustki va pastki (aa. vesicales superior et inferior), urug’ yo’li (a. ductus deferentis), bachadon (a. uterina), to’g’ri ichakning o’rta (a. rectalis media) va ichki uyatlik (a. pudenda interna ) arteriya tarmoqlari kiradi.
Vena qoni kichik chanoqdan parietal va vistseral vena tarmoqlari orqali asosan ichki yonbosh venasiga, ozgina qismi esa
qopqa vena sistemasiga qarab oqadi. Uning parietal vena tomirlari juft bo’lib, shu nomli arteriyalar bilan birga o’tadi. Vistseral tarmoqlar esa, chanoq a`zolari atrofida bir talay vena chigallarini hosil qiladi. Bularga: to’g’ri ichak, siydik qopi, prostata bezi, bachadon va qin vena chigallari (plexus venosus rectalis, plexus venosus vesicalis, plexus venosus prostaticus, plexus venosus uterinus, plexus venosus vaginalis) kiradi.
Kichik chanoqni IV - V bel va I - II - III quymich nervlarining oldingi tomonlaridan hosil bo’lgan quymich chigali innervatsiya qiladi. Bu chigal oldingi quymich teshigidan chiqib, noksimon mushakning ustida hosil bo’ladi. Chigaldan chiqqan nerv tolalari (yuqori va pastki dumba nervlari, quymich, sonning orqa teri nervi, uyatli nerv) asosan dumba sohasiga yo’naladi. Chanoqning yon devorlari bo’ylab yopqich nervi o’tadi. Bu nerv bel chigalidan boshlanib, yopqich kanali orqali sonning yaqinlashtiruvchi mushaklarining yopqichiga boradi. Kichik chanoqning a`zolari asosan oldingi dumg’aza teshigining ichki qismida joylashgan simpatik poyaning dumg’aza qismidan chiquvchi chap va o’ng qorin osti nervlari (n. n. hypogastrics dexter et sinister) bilan innervatsiyalanadi. Bundan tashqari, ular yana II - III - IV dumg’aza nervlaridan keluvchi chanoq hamda ichki a`zolar (n. n. splanchnici pelvis) parasimpatik nervlari bilan ham innervatsiyalanadi.
Chanoq bo’shlig’ida joylashgan limfa tugunlari uch guruhga bo’linadi: 1) umumiy yonbosh va tashqi yonbosh arteriyalari bo’ylab joylashgan limfa tugunlari; 2) ichki yonbosh arteriyalari bo’ylab joylashgan limfa tugunlari; 3) dumg’azaning oldingi qabariq yuzasida joylashgan limfa tugunlari.
Birinchi guruhdagi limfa tugunlar limfa suyuqligini oyoqlardan, dumbaning yuzaki yo’llaridan, qorin devorining chap yarmidan, oraliqning yuzaki sohalaridan va tashqi jinsiy a`zolardan yig’adi. Ikkinchi guruhdagi limfa tugunlariga, limfa suyuqligi, chanoq a`zolarining ko’pchiligidan hamda chanoq devorini tashkil qilishda qatnashgan to’qimalardan kelib quyiladi. Uchinchi guruh limfa tugunlari bo’lsa, limfa suyuqligini chanoqning orqa devori hamda to’g’ri ichakdan qabul qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |