Xodimlar bilan, shu jumladan qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish;
Qarzdorning shartnomalarini bajarishdan belgilangan tartibda bosh tortish;
Qarzdor tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida da’volar taqdim etish;
Qarzdorni bankrotlikka olib kelganligi munosabati bilan uning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladigan uchinchi shaxslarga nisbatan talablar qo‘yish.
Tugatishga doir ish yuritish taomili davrida tugatish boshqaruvchisi quyidagilarni amalga oshirishga majbur:
Qarzdorning mol-mulkini o‘z tasarrufiga qabul qilishi, uni inventarizatsiya qilishi va baholashdan o‘tkazishni tashkil etishi, uning but saqlanishi choralarini ko‘rishi;
Kreditorlar yig‘ilishini va kreditorlar qo‘mitasini chaqirishi;
Qarzdor oldidagi qarzlarni undirish choralarini ko‘rishi;
Qarzdor tugatilganda uning xodimlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi hamda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinajagi to‘g‘risida ularni xabardor etishi;
Kreditorlarning talablari reestrini yuritishi va ularning talablarini ko‘rib chiqishi;
Qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirish, aniqlash va qaytarishga qaratilgan choralarni ko‘rishi;
Qarzdorning qonun hujjatlariga muvofiq saqlanishi lozim bo‘lgan hujjatlarini saqlashga topshirishi shart.
Bankrot yuridik shaxsning barcha aktivlari, balanslarda ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar, tugatish massasini shakllantiruvchi asosni tashkil etadi.
Tugatish massasiga quyidagilar kirmaydi:
Qarzdorning balansida belgilanganidan boshqa maqsadda, shu jumladan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lmagan ijtimoiy va kommunal infratuzilma obyektlari bo‘lsa, qarzdor bankrot deb e’lon qilingan paytdan e’tiboran bir oylik muddat ichida ular qoldiq qiymati bo‘yicha tugatish boshqaruvchisi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga topshiriladi.
Tugatishga doir ish yuritish jarayonida tugatish boshqaruvchisi qarzdorning mol-mulkini inventarizatsiya qiladi va qiymatini belgilaydi. Tugatish boshqaruvchisi mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun baholovchi tashkilotni va boshqa mutaxassislarni, ularning xizmatlari uchun haqni, agar kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi tomonidan haq to‘lashning boshqa manbai belgilangan bo‘lmasa, qarzdorning mol-mulki hisobidan to‘lagan holda, jalb etishga haqli. Ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonaning mol-mulki baholanayotganda baholovchi tashkilot jalb etilishi shart. Qarzdorning kreditorlari yig‘ilishi yoki kreditorlari qo‘mitasi mazkur xizmatlar haqini to‘lash majburiyati yuklanadigan, qilgan xarajatlari keyinchalik qarzdorning mol-mulki hisobidan navbatdan tashqari qoplanadigan shaxsni, agar uning o‘zi rozi bo‘lsa, tayinlashga haqli.
Agar tugatishga doir ish yuritish jarayonida haq to‘lash ko‘chmas mol-mulk bilan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, mazkur mol-mulk, agar kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi tomonidan boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, uni sotishdan oldin baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi.
Qarzdorning garov narsasi bo‘lgan mol-mulkini baholash baholovchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda o‘tkaziladi. Tugatish boshqaruvchisi tugatishga doir ish yuritish jarayonida qarzdorning so‘mda ish yuritadigan yagona va valyutada ish yuritadigan yagona hisobvaraqlaridan (bundan buyon matnda qarzdorning yagona hisobvaraqlari deb yuritiladi) foydalanishi shart. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kelib tushgan pul mablag‘lari ham qarzdorning yagona hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.