Bankrotlik – bu korxonalarni o‘z qarz majburiyatlarini aktivlari bilan qoplay olmaganliklarida vujudga keladi. Bankrotlik tushunchasi juda ham keng tushunchalardan biri bo‘lib, butun dunyoda iqtisodiy nochor korxonalarga nisbatan ishlatiladi.
Inqirozga qarshi boshqaruvda korxonadagi inqirozni yuzaga kelishiga sababni topmasdan va uni turini aniqlamasdan turib u bilan kurashish samara bermaydi. Demak, inqirozga qarshi boshqaruvning eng birinchi sharti uni vujudga keltirgan sababni o‘rganishdan boshlanadi.
Ko‘plab iqtisodchilar korxona miqyosidagi inqirozlarning sababi marketing sohasidagi kamchiliklardan paydo bo‘lishini ta’kidlaganlar. Korxonaning ishlab chiqarish va bozor faoliyati o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvining buzilishi yoki uzilishlar u yoki bu darajadagi muammolarni paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu muammolar ishlab chiqarilgan mahsulotlarning turib qolishi, aylanma mablag‘larning aylanuvchanligini pasayishi, pul oqimining yetarli emasligi kabilarda hosil bo‘ladi. Natijada korxona faoliyatiga inqiroz havf sola boshlaydi.
Inqirozni vaqtida oldi olinmasa, o‘zidan keyin boshqa inqirozlarni ham multiplikatsiya ko‘rinishida shakllantiradi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, inqirozni vujudga keltiruvchi sabablar ko‘p bo‘lib, eng katta sabab inqirozni o‘zi hisoblanadi. Inqirozga olib keluvchi sabablarni turkumlansa, xususiylarini aniqlash mumkin.
Lekin olimlar o‘rtasida inqirozga olib keluvchi sababalar turkumini belgilab olishda yagona nuqtai nazar keltirilmagan. Chunki, inqirozlarning sababi bir xil bo‘lmaydi. Inqirozlar to‘planib qolgan xato va kamchiliklar hisobiga paydo bo‘ladi. Shuning uchun bitta tan olingan sbabalar tizimi keltirilmagan. Bu fikrni Rossiyalik iqtisodchi olimlar1 o‘z ilmiy ishlarida tasdiqlab o‘tishgan. Shuningdek, inqirozga olib kelgan sabab oqibatini tahlil qilishda aniqlanadi. To‘g‘ri ba’zi inqirozlarni iqtisodiy jarayonlarning borishiga qarab oldinidan taxmin qilish mumkindir, lekin inson omili bilan bog‘liq inqirozlarni bu kabi bashoratlab bo‘lmaydi. Ularni faqatgina oqibati natijasida aniqlanadi.
Inqiroz sabablarini o‘rganishda ba’zi olimlar1 uni to‘lovga qobiliyatsizlikning kelib chiqishi deb ta’riflaydilar. U holda, uning sababi ishlab chiqarish va bozor o‘rtasidagi nomutanosiblik emas, balki majburiyatlarni aktivlardan ortib ketishida namoyon bo‘ladi. Unda e’tibor korxona moliyasini izdan chiqishiga qaratilib moliyaviy jarayonlarning tuzilmasi o‘rganiladi. To‘lovga noqobillik yoki inqiroz sabablari deb ajratish to‘g‘riligi haqida mushohada yuritib aytish mumkinki, korxonaning to‘lovga layoqatsizlikka tushib qolishi inqiroz hisoblanadi. Bu inqirozning dastlabki bosqichidir. Negaki, korxonalarning iqtisodiy-moliyaviy faoliyati tashxislanayotganda asosan to‘lovga layoqatsizlik tahlil qilinadi. Balki shu sababdan ham to‘lovga layoqatsizlik sababi deyilar. Unda sabablarni o‘zini ikki turkumga bo‘lib o‘rganish zarurati vujudga keladi: to‘lovga layoqatsizlik sababi; inqiroz sababi. Agarda korxona to‘lovga layoqatliligi tiklanmasagina inqiroz sabablari o‘rganiladi. Inqiroz yoqasidagi korxona o‘zini tiklab olsa, u holda to‘lovga layoqatsizlik sabablari o‘rganilgan bo‘ladi. Lekin bunday tushunish o‘zak tushunchadan fikrni uzoqlashtiradi. Masalani tub mohiyatiga etish uchun ishlab chiqarishni turib qolishi foydani kamaytiradi va oqibatda majburiyatlar to‘lovini kechiktiradi deb izohlasa bo‘ladi. Ammo inqirozni boshqa sabablari ham borki, ular faqatgina ishlab chiqarish bilan bog‘liq emas. Ular ham majburiyatlarni vaqtida bajarilishiga to‘sqinlik qiladi va barcha sabab to‘lov layoqatini pasayishi va oqibatda inqirozni vujudga keltiradi. SHu sababdan ham, menejment nuqtai nazaridan inqiroz sabablari, tahlil nuqtai nazaridan to‘lovga layoqatsizlik sabablari deb atash maqsadga muvofiqdir.
Korxonalarni inqirozga olib keluvchi sabablar shaxslarning ta’siriga bog‘liq holda obyektiv va subyektiv turlarga bo‘linadi. Obyektiv sabablar ko‘proq tabiiy holatda yuz beradigan inqirozlarni shakllantiradi. Masalan, korxona tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotni urfdan qolishi, fan texnika taraqqiyotida orqada qolish va sh.k. Subyektiv sabablar insonning ta’siri natijasida ataylab yoki sun’iy ravishda inqirozni uyushtirish tushuniladi.
Inqirozga olib keluvchi sababalarni korxona ta’sir doirasidaligiga qarab tashqi va ichki turlarga ham bo‘lish mumkin. Ichki sabablar korxonaning qaror qabul qilish qamrovi bilan o‘lchansa, tashqi sabablar korxona ta’sir doirasidan tashqarida bo‘lib ularni boshqarib bo‘lmaydi.