1.2-rasm. Sanoat korxonasida iqtisodiy-moliyaviy zarar oqibatida inqirozli muhitning tarkibiy tuzilishi 1.2-rasmga ko‘ra, sanoat korxonalarida iqtisodiy nochorlik zarar ko‘rib ishlash oqibatida vujudga keladi. Lekin zararning korxona resurslariga uch xil ko‘rinishdagi ta’siri iqtisodiy nochorlik va inqirozning ehtimollik darajasini belgilab beradi.
Birinchi holatda, sanoat korxonasi o‘z kapitalining asosiy qismi odatda uzoq muddatli aktivlardan tashkil topgan bo‘ladi deb hisoblansa, chetdan jalb qilingan mablag‘ ko‘proq aylanma mablag‘larning shakllanishiga asos bo‘ladi. Muntazam ravishda past rentabelli yoki zarar ko‘rib ishlash yuqorida ta’kidlanganidek, korxona iqtisodiy resurslarining chiqib ketishini ta’minlaydi.
Xususiy kapital o‘zgarmagan sharoitda, chetdan jalb qilingan aylanma mablag‘lar tabiiy kamayib boradi. Oqibatda korxonada jalb qilingan mablag‘larning kamayib ketishiga olib keladi, to‘lov qobiliyati ham pasayib kreditor qarzdorlikning muddatdan o‘tgan qismi paydo bo‘ladi va korxonada iqtisodiy nochorlik alomatlari vujudga keladi.
Ikkinchi holatda agar sanoat korxonalari uzoq muddatli aktivlarini chetdan mablag‘ jalb qilish hisobiga shakllantirib, o‘z mablag‘laridan aylanma mablag‘ sifatida foydalanayotgan bo‘lsa, zarar hisobiga kamayish o‘z mablag‘lariga ta’sir ko‘rsatadi va uni kamaytiradi. Birinchi holatdan farqli o‘laroq bu jarayonda iqtisodiy nochorlikka o‘z mablag‘larining chiqib ketishi sabab bo‘ladi.
Uchinchi holatda agar korxonada joylashgan aktivlar manbalarini aniqlashning iloji bo‘lmaganda, zarar umumiy jihatdan yana aktivlarni kamaytiradi va to‘lov qobiliyatini pasaytiradi.
Keltirilgan har bir holatda, aktivlarning chiqib ketishiga nisbatan kirib kelishining davriy ravishda pasayishi e’tiborga olinsa, korxonada o‘z mablag‘larining kamayishi yoki chetdan jalb qilingan mablag‘larning kamayishidan qat’iy nazar iqtisodiy nochorlik yuz beraveradi va korxona har qanday vaziyatda ham huquqiy jihatdan aybdor hisoblanadi. Bu esa korxonaga mablag‘ni chetdan jalb qilish uni o‘zlashtirish ekanligi va zarar yoki foyda ko‘rib ishlashdan qat’iy nazar uni qaytarish zarurligini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy nochorlik esa korxonaga chetdan mablag‘lar jalb qilganda vujudga keladi. Lekin ta’kidlash zarurki, birinchi holatda korxonaning bankrot bo‘lish ehtimoli boshqa holatlarga nisbatan yuqoriroq. Chunki aylanma mablag‘larga chetdan jalb qilingan mablag‘ning uzoq muddatlilarga nisbatan qaytarish davri tezroq bo‘ladi. Korxonaning zarar bilan ishlashi esa ularni qaytarish imkoniyatini kamaytiradi. Shu sababli korxona kapitalini tashkil etish jarayonida chetdan jalb etilgan mablag‘lar uzoq muddatli aktivlarga investitsiya qilish maqsadida yollansa va o‘z mablag‘lari aylanma mablag‘larni shakllantirishga yo‘naltirilsa, bankrotlik ehtimolligi kamayadi.