Fan tarixida motivatsiya kuchini ko‘rsatadigan misollar ko‘p. VIII asr boshida ummaviya
xaliflaridan Hamid bin Muoviya «falsafa toshi» muammosi bilan shunday qiziqib ketadiki, hatto
xalifalikdan voz kechadi va qolgan umrini fanlarni, xususan, kimyoni o‘rganishga bag‘ishlaydi.
Tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan hislatlardan biri tirishqoqlikdir. Bu hislat tadqiqot yo‘lida
uchrab turadigan qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan bilan yengib o‘tish imkoniyatini beradi.
«Tirishqoqlik – deydi ingliz yozuvchisi Bernard Shou – ilm sari yagona yo‘ldir» Yana bir
muhim talab (tavsiya) ustoz, u yaratgan ilmiy maktab an’analarini davom ettirish, shakllangan
tadqiqot an’analarini yangi mazmun bilan boyitishdir.
Ilmiy maktab o‘ziga xos betakror jamoadir. U har qanday yangilikka nisbatan ochiq va bir
butun tizimdir. Bunday tizim (maktab) alohida tadqiqotchida bo‘lmagan sifat va imkoniyatlarga
ega bo‘ladi. Ilmiy maktab dargohiga kirgan magistrant tez orada eng yangi yutuqlar bilan
oziqlanib turgan fanning «qaynab turgan qozonida» faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Ustozga bo‘lgan iltifot va e’tiqod Sharqda hamisha e’zozlanib kelingan. XXI asr fanida ham
ilmiy an’ana ahamiyati saqlangan. Haqiqatan ham har tomonlama murakkablashib ketayotgan
bilimlar, tasavvurlar va nazariyalar okeanida ustozning yo‘l ko‘rsatuvchi g‘oyalari va o‘gitlari
bamisoli kompasdek zarur.
Izlanish boshlandimi, tadqiqotchi sobitqadamlik bilan ishni olib borishi kerak. Ishni boshida
qiyinchilik yoki muvaffaqiyatsizlik sodir bo‘lishi mumkin. Hatto uchayotgan raketaning kursdan
og‘ish hodisasi bo‘lib turadi. Lekin, maqsad, umumiy izlanish yo‘nalishi to‘g‘ri belgilangan
bo‘lsa, unda salbiy natija aks aloqa mexanizmi orqali qayd qilinadi, qayerda xatolikka yo‘l
qo‘yilgani aniqlanadi, ish oxirigacha yetkaziladi.
Ish jarayonida muammoni mazmuni bo‘yichami, faktlar xususidami, qanday bo‘lmasin,
sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga e’tibor berish kerak.
Shu o‘rinda G.Alder ishlab chiqqan va Sinab ko‘r, Ishla, Natijaga erishgin deb nomlangan
SIN modelidan foydalanish mumkin (Qarang: Alder G. NLP: sovremennie psixotexnologii. –
SPB: Piter, 2001, 13-14 betlar.).
Sinab ko‘rishda, bitta qadam natija bermasa, boshqa qadam qo‘yiladi, ya’ni boshqa chora
imkoniyatlar ishga solindi. Shu jarayonda tadqiqotchilik kasbi, uquv va izlanish faoliyati
takomillashib boradi.
Endi qobiliyatni o‘stirishning intellektual vosita va mexanizmlarini ko‘rib chiqamiz.
Intellektual qobiliyat tafakkur faoliyatida namoyon bo‘lib, bu sohada ham bir qator qoida va
talablar borki, ularni bajarish izlanuvchiga kutilgan ijobiy natijalarni beradi. Bular
quyidagilardan iborat:
- diqqatni asosiy muammo nuqtasiga yig‘ish;
- muammo bo‘yicha o‘zimizga savol berib turish;
- alohida obrazlardan bir-butun model – tuzilmani ishlab chiqishga o‘tish;
- o‘xshashliklarni (analogiyalarni) izlash, ulardan foydalanish;
- obrazlar bilan fikrlash, modellar bilan ishlash;
- xotira faolligini o‘stirish;
- ob’ektga har tomonlama yondashuv (intellektual uddaburonlik) qobiliyatini tarbiyalash;
- muammo yechimi bo‘yicha alternativ yo‘llarni izlash qobiliyatini shakllantirish;
- ilmiy bashorat qilish qobiliyatini o‘stirish;
- fikrni mantiqan to‘g‘ri ifodalash, mulohazalarni qog‘ozga aniq bayon qilish.
Qayd etilgan hislatlarni tadqiqotchida shakllantirish izlanish samaradorligini ta’minlaydigan
muhim shartdir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tadqiqot-to‘xtovsiz amalga oshadigan intellektual mehnat,
yangilikni kashf etish, ixtiro qilish faoliyatidir. Bunday faoliyat darajasiga yetishish uchun yosh
tadqiqotchi o‘zida bir qator (yuqorida qayd etilgan) psixologik, pedagogik va intellektual
ko‘nikmalarni, malakaviy o‘quv va kasbiy mahoratni shakllantirish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: