Ilmiy tadqiqot boshlang‘ich bosqichini muhim qismi mavzuni nazariy, ilmiy va ijtimoiy
ahamiyatini ko‘rsatish, asoslab berish tashkil qiladi. Tadqiqotni dolzarbligi, yangiligi va
ahamiyatini asoslash ma’lum strukturaga ega. Bunda mavzu predmetini tadqiq qilish sabablari
ko‘rsatiladi, ishlanganlik darajasi va oldingi tadqiqotchilar tomonidan erishilgan natijalar,
adabiyot va manbalar aniqlanadi. Yechilmagan masalalar va muammolarga, ularning
asoslanganligi, adabiyotlar tahliliga alohida e’tibor beriladi.
Shundan keyin tadqiqot maqsadi va vazifalar batafsil belgilanadi. Bunda manbalar
bibliografiyasi, ularning annotatsiyasi tuziladi. Shu bilan birga muammoni ishlanganlik
darajasini qiyoslab ko‘rsatadigan referet yozish maqsadga muvofiqdir. Bular asosiy nazariy
tadqiqot olib borishga yordam beradigan boshlang‘ich ishlardir.
Boshlang‘ich tadqiqot ishi tarkibiga izlanish faoliyati rejasini tuzish kiradi. Ishni
rejalashtirish mohiyati shundan iboratki, izlanuvchi tadqiqot oldiga qo‘yilgan bosh maqsadni bir
qator strukturaviy vazifa va tadbirlar sxemasini tuzish orqali konkretlashtiradi.
Tadqiqot maqsadini amalga oshirish rejasini tuzishda 2 ta ro‘yxatga ega bo‘lish kerak:
1. Quyilgan vazifalarni bajarish uchun kerak bo‘ladigan barcha ishlar,
tadbirlar ro‘yxati;
2. Bajariladigan barcha ishlarni bir-biri bilan bog‘laydigan aloqalar, ularni
ketma-ketligini ifodalaydigan kalendar muddatlari ro‘yxati.
Mazkur ro‘yxatlarga asoslangan holda tuzilgan reja samarali faoliyat dasturi sifatida xizmat
qiladi.
Shuni aytish kerakki, ilmiy tadqiqot bosqichlarini konkret soni izlanish turi va harakteriga
qarab o‘zgarishi, farqlanishi mumkin. Biz ilmiy tadqiqot ishlari bosqichlarini standart modelini
keltiramiz.
1. Tanlangan tadqiqot mavzusini asoslash, masalalarni belgilash. Tadqiqotga doir
adabiyotlar va manbalar bilan tanishish, mavzu dolzarbligi va yangiligini asoslash. Ilmiy
tadqiqotni kalendar rejasini tuzish, mavzu bo‘yicha kutilayotgan natija, uning samaradorligini
belgilash.
2. Empirik tadqiqotlarni bajarish, faktlar va ma’lumotlarni yig‘ish, ularni
o‘rganish, kerakli vositalar va asbob-uskunalarni tayyorlash, ob’ektni o‘rganish usullarini
belgilash.
3. Tajribaviy tadqiqotlarni amalga oshirish, eksperimentni o‘tkazish, materiallarni
yig‘ish va tasniflash.
4. Tadqiqot ob’ekti xossalarini ifodalayligan modellarni ishlab chiqish, olingan
natijalarni matematik, kompyuterli va tahliliy qayta ishlashni amalga oshirish.
5. Olingan ma’lumotlar va faktlar asosida ob’ektning asosiy xossalarini nazariy
talqinini berish, yangi ochilgan xossalar, doimiyliklar, funksional qiymatlarni tushuntirish,
ob’ektni bir butun tavsifi va nazariyasini ishlab chiqish. Bu bosqich fanda ixtiro yoki kashfiyot
bilan yakunlanadi.
6. Tadqiqotga yakun yasash, olingan natijalarni rasmiylashtirish. Tadqiqotni
batafsil tavsiflaydigan ilmiy hisobotni yozish, taqrizdan o‘tkazish. Olingan natijalarni amaliyotga
tatbiq qilish yo‘llari va shakllarini belgilash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy samaradorligini
baholash. Shu ishlar bajarilgandan keyin yutuq va natijalarni e’lon qilish maqsadida maqolalar,
risolalar va monografiyalar yoziladi, ilmiy nashrlarda chop etiladi.
Ilmiy tadqiqot ishlarini asosiy bosqichlarini tavsiflash shuni ko‘rsatadiki, fan sohasidagi
mehnat murakkab struktura va jarayonlar ketma-ketligini bildiradigan faoliyatatdir. Bularni
barchasi asosiy maqsadga – amaliyotga tadbiq qilishga, texnika va texnologiyalar ishlab
chiqishga zamin bo‘ladigan yangi tushunchalar, g‘oyalar va nazariyalarni ishlab chiqish,
innovatsion texnologiyalarni yaratishga bo‘ysundirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: