Pedagog kadrlarga qo ‘yiladigan ijtimoiy buyurtma.
Davlat va jamiyat rivojining har bir bosqichi shaxs, jamiyat va davlatning ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ta’lim tizimi oldiga muayyan ijtimoiy buyurtmalarni qo‘yadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida uzluksiz ta’lim tizimi oldiga har tomonlama kamol topgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda tanlagan va puxta o‘zlashtirgan, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik bilimlarga ega, jamiyat, davlat va oila oldidagi o‘z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalash bilan bog‘liq ijtimoiy buyurtmalar belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va asarlarida jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, mafkuraviy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar, huquqiy-demokratik jamiyat qurish tamoyillari o‘z aksini topgan. Jumladan, “Milliy g‘oya: asosiy tushuncha va tamoyillar” nomli risolada ta’lim tizimi oldiga quyidagi buyurtmalar qo‘yilgan: yoshlarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalash va ma’rifiy ishlar-ning samarali shakllari va usullarini ishlab chiqish va joriy etish; yangi pedagogik va axborot texnologiyalari, tayyorgarlikning modul tizimidan foydalangan holda o‘qitishni samaradorligini oshirish; xalqning boy ma’naviy va intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ta’limning insonparvarlik yo‘nalishini ta’minlash; o‘quv-uslubiy majmualarning hamda ta’lim jarayoni didaktik va axborot ta’minotinmg yangi avlodini ishlab chiqish va joriy etish; o‘quv jarayonini yuqori sifatli o‘quv adabiyotlari va ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan ta’minlashni amalga oshirish; milliy mustaqillik prinsiplari va xalqning boy intellektual merosi hamda umumbashariy qadriyatlar ustuvorligi asosida ta’limning barcha darajalari va bo‘g‘inlarida yoshlarning ma’naviy va ahloqiy sifatlarini rivojlantirish; yoshlar ongi va qalbiga milliy g‘oya va mafkurani singdirish, ta’lim muassasalarida mafkuraviy tarbiyani bugungi kun darajasiga ko‘tarish; ta’lim berishning barcha darajalarida ta’lim oluvchilarni huquqiy, iqtisodiy, ekologik va sanitariya-gigienik ta’limi hamda tarbiyasini takomillashtirish; yuqori malakali pedagogik kadrlar tayyorlash, ta’lim tizimining kadrlar salohiyatini tubdan yaxshilash, pedagoglarning kasbiy nufusini oshirish, ta’lim muassasalarini maxsus tayyorlangan malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularning faoliyatida raqobatga asoslangan muhitni vujudga keltirish; pedagog kadrlarning mafkura borasidagi bilimlarini chuqurlashtirish.
Jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar evolyusion tarzda ta’lim tizimining yangi mazmun kasb etishini ta’minladi, ilg‘or g‘oyalarni o‘zida namoyon etuvchi ta’limiy qadriyatlar shakllandi. Umuminsoniy, ma’naviy-axloqiy, kasbiy ahamiyatli qadriyatlar pedagog shaxsini tarbiyalashga xizmat qilishi, uning qadr-qimmatini oshirishi, shaxs omilining ta’lim-tarbiya jarayonlarining etakchi sub’ekti va ob’ekti sifatida tan olinishini ta’minlashi, unda ijodiy fikrlash, shuningdek, ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berishi bilan ahamiyatlidir. Binobarin, barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga etkazishga bo‘lgan ehtiyoj rivojlanayotgan hamda yangicha ijtimoiy munosabalar qaror topayotgan mavjud sharoitda yanada dolzarb xususiyat kasb etadi.
Davlat ta’lim standarti ta’limning zarur, etarli darajada hamda o‘quv yuklamalar hajmiga qo‘yiladigan asosiy davlat talablari hamda kadrlar tayyorlash sifatini baholashni belgilab beruvchi mezon bo‘lib, u “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidentining farmon, qaror va asarlarida belgilab berilgan vazifalar hamda pedagog shaxsini shakllantirishda umuminsoniy, ma’naviy-axloqiy, kasbiy ahamiyatli qadriyatlarni o‘zida mujassamlashtiradi. SHuningdek, davlat ta’lim standartlarida kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, bo‘lajak mutaxassislar kasbiy shakllanish jarayonining sub’ekti sifatida ishtirok etishining pedagogik shart-sharoitlari, mexanizm, metod va texnologiyalari belgilab berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |